Suriyada xavfsiz hududlar tashkil qilish AQShning rejasidir

627
0

Ostonada Suriya boʻyicha tashkil qilingan toʻrtinchi tur muzokaralarda Suriyada mojarodan xoli “xavfsiz hududlar” tashkil qilish ustida memorandum imzolandi. Memorandumga koʻra, Latakiya, Halab, Hama va Xums viloyatlarining maʼlum qismi, Sharqiy Guta mintaqasi, Darʼa, Qunaytra provintsiyalarining bir qismi va Idlibning butun provintsiyasi Suriyaning xavfsiz zonalari sirasiga kiritildi. Bu mintaqalarda jang qilish, qurol ishlatish va hatto osmonlarda harbiy samolyotlarning uchishi taʼqiqlanadi. Shuningdek memorandumda koʻrsatilishicha, ikki hafta ichida bir guruh tashkil qilinib, kafil davlatlarning vakillari “xavfsiz hududlar” chegarasini belgilab chiqadi. Bu zonalarni xavfsizlik bilan taʼminash kafil davlatlar, yaʼni Rossiya, Eron va Turkiya zimmasiga tushadi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ostona yigʻilishida “xavfsiz hududlar”ni tashkil qilish haqida imzolangan memorandumni mamnuniyat bilan qabul qilishini maʼlum qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanga koʻra, “xavfsiz hududlar”ni tashkil qilish muvaffaqiyatli amalga oshsa, bu Suriya muammosining 50 foizi hal boʻlganligini anglatadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Idlibda “xavfsiz hududlar” tashkil qilish Suriyadagi kurashning tugashiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.

Ommaviy axborot vositalari Suriyada “xavfsiz hududlar” yaratish rejasini Rossiya, Eron va Turkiyaga nisbat berishga urinsa-da, aslida bu AQShning rejasidir. “Financial Times” gazetasining xabarida aytilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatida Suriyada “xavfsiz zonalar” tashkil qilish haqida muhokama qilgan. Xabarlarlarga koʻra, Tramp va Putinning suhbati Erdogan va Putin uchrashuvidan ikki soat oldin boʻlib oʻtgan. Shundan soʻng Erdogan va Putin Suriyada “xavfsiz hududlar” yaratish ustida kelishib olganligi haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek gazeta AQSh tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Stuart Jones kuzatuvchi sifatida Ostonaga yuborilganligini ham eʼtibordan chetda qoldirmadi.

Bu rejadan koʻzlangan maqsad Eron, Turkiya va Rossiya qoʻshinlaridan foydalanib, Suriyadagi muxolif kuchlarni izolyatsiya qilish orqali tiz choʻkay deb qolgan Asad rejimini qayta oyoqqa turgʻizishdir. Yaʼni bu inqilob loyihasini yoʻq qilish uchun oʻylab topilgan yana bir hiyladir. Chunki eʼtibor bergan kishi “xavfsiz hududlar” tashkil qilish uchun Asad rejimi bilan muxolif kuchlar oʻrtasida qizgʻin toʻqnashuvlar ketayotgan mintaqalar belgilanganligini koʻradi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.