Referendumning Britaniya, Yevropa Ittifoqi va dunyo uchun boʻlgan siyosiy oqibatlari

718
0

Referendumning Britaniya, Yevropa Ittifoqi va dunyo uchun boʻlgan siyosiy oqibatlari

Silkinish, tarixiy oʻzgarish, mashʼum va laʼnati kun, anʼanaviy hukmron sinfga qarshi qoʻzgʻolon, Yevropa uchun jiddiy muammo, Yevropa siyostchilari shok holatida, ularni qamrab olgan hayrat va dahshat, Ittifoqning parchalanishidan boʻlgan xavotirlar, teskari natijalar… 2016 yil 23 iyun kuni Britaniyaning Yevropa ittifoqidan chiqishi toʻgʻrisida oʻtkazilgan referendum natijalari eʼlon qilinganidan bir kun oʻtib masʼullar va jurnalistlar mana shunday soʻzlarni takrorlashdi.

Yevropa Ittifoqi masʼullari qisqa va gʻazabnok ohangda bayonotlar berdi, favqulodda yigʻinlar oʻtkazildi, shoshilinch harakatlar qilindi, Britaniya bosh vaziri isteʼfo berishini eʼlon qildi, Britaniya Qirolligi parchalanishiga tahdid tugʻilgani aytildi, Yevropa Ittifoqidan chiqish tarafdorlari behad xursand boʻldi, oʻsha kunni Britaniya mustaqilligi kuni, deya eʼlon qilindi, Frantsiya va Gollandiyadagi millatchilar oʻz yurtlarida ham shu turdagi referendum oʻtkazishga chaqirishdi. Amerika prezidentligiga nomzod Tramp tentaklarcha referendum natijalarini qoʻllab-quvvatladi, u oʻzining yurtiga ham shunday referendum xavf solishini anglamay, millatchilik va irqchilik olovini yanada alangalatdi. Masalan, millatchi “Texas harakati” raisi darhol bayonot bilan chiqib, Texasning Amerikadan ajralib chiqishiga oid referendum oʻtkazishga chaqirdi. Texas va AQShning boshqa shtatlarida ajralishga boʻlgan harakatlar paydo boʻldi va bu 1860-1856 yillardagi urushga oʻxshadi.

Dahshatli iqtisodiy oqibatlar yuzaga keldi: funt sterling oʻtgan uch yil ichida kuzatilmagan darajada pasayib ketdi. Yevropa va Osiyo moliyaviy bozorlarida qattiq silkinish yuz berdi. Bu hol Angliya Markaziy bank raisini – bizda darhol pulga aylantirib olish mumkin boʻlgan 250 milliard funt sterling qiymatidagi yetarli qogʻozlar bor, favqulodda muhim chora-tadbirlar koʻrishga tayyormiz, deya bayonot berish bilan vaziyatni yumshatishga undadi.

Haqiqatdan ham bu qattiq silkinish boʻldi. Britaniya zaminini titratib, unga qoʻshib Yevropaga ham zarba beruvchi zilzila boʻldi. Buning taʼsirlari Yevropa Ittifoqi kengashi raisida yaqqol koʻzga tashlandi. U oʻzining matbuot konferentsiyasida “Bu oʻldiradigan emas, yolgʻizlatib tugatadigan zarbadir”, dedi. Keyin “Evropa Ittifoqi joriy yil 28-29 kunlari Britaniya ishtirokisiz konferentsiya oʻtkazib, uning Yevropa Ittifoqidan chiqish yoʻllarini muhokama qiladi”, deya qoʻshimcha qildi.

Bunday boʻlishi kutilmagan edi. Chunki referendumdan ikki kun oldin ommaviy soʻrov oʻtkazilganda, uning natijasi 52 %ni tashkil qilib, odamlar Britaniyaning Yevropa Ittifoqida qolishiga rozilik bildirishgan edi. Aftidan, bosh vazir Kemeron ham mazkur natijadan koʻngli xotirjam edi. Biroq umidi puchga chiqdi va isteʼfo bermoqchi ekanini eʼlon qildi, kelayotgan oktyabr oyida Konservatorlar partiyasiga yangi rahbar saylanishi bilanoq hokimiyani unga topshirishini bildirdi. U oʻzini omadsiz his etdi. Chunki qudratda qolishiga umid bogʻlab buning uchun harakat qilgan edi. Masalan, 2016 yil 10 yanvarda “referendum muvaffaqiyatsiz chiqqan taqdirda ham, mansabidan aslo ketmasligi” toʻgʻrisida bayonot bergani hammaga maʼlum.

Kemeron 2013 yil 23 yanvarda “Agar uning partiyasi 2015 yilgi saylovlarda gʻalaba qozonsa”, referendum oʻtkazishga vaʼda bergandi. Bundan u koʻproq ovoz toʻplashni maqsad qilish bilan birga, Yevropa Ittifoqini oʻziniki qilib olishni koʻzlagandi. Oʻsha kunning oʻzida u “britaniyaliklarga saylovda ovoz berishni taklif qilishdan oldin Britaniyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari toʻgʻrisida yangitdan muzokara olib bormoqchiligini” eʼlon qilgandi. Chindan ham uning istagi amalga oshib, fevral oyida yevropaliklar bilan muzokara olib bordi va Britaniya hech bir davlat erisholmagan imtiyozlarga erishdi. Shuning uchun Kemeron referendumda ham albatta gʻalaba qozonaman, deya ishongandi. Biroq unday boʻlmadi.

Yevropa Ittifoqining asoschisi va aʼzosi Frantsiya refrendum natijasida Britaniyaning Ittifoqdan chiqishi orqibatlarini tahlil qilish uchun darhol yuqori darajadagi favqulodda yigʻin oʻtkazdi. Yigʻinda prezident Olland “Britaniyaning Ittifoqdan chiqishi Yevropaga jiddiy muammolar tugʻdiradi”, dedi. “Bunday alamli tanlovdan qattiq taassufda ekanini” bildirar ekan, quyidagi soʻzlarni aytdi: “Britaniyaliklarning Ittifoqdan chiqishga ovoz berishi Yevropani ulkan xavfga roʻpara qildi. Chunki endi uning avvalgidek davom etishi imkonsiz… Hali oʻz birdamligi va qudratini koʻrsatishi kerak boʻladi… Radikal va populist oqimlarga qarshi kurashda ulkan xavf mavjud. Yevropa nafaqat katta bozor, balki ulkan mafkura hamdir. U buni unutgani sababli qattiq tentirab yuribdi. Yevropa Ittifoqidagi vatandoshlar buni tushunib, ishlar tizginini qoʻlga olishlari kerak… Frantsiya – xavfsizlik, rivojlanish yoʻlida sarmoya yotqizish, ish oʻrinlari, soliq va ijtimoiy masalalarga oid hamkorlik, yevrozonani mustahkamlash va demokratik hukumatlar kabi asosiy mavzularga Yevropa diqqat-eʼtiborini qaratishda tashabbuskorlikning birinchi safida turibdi”. U yana bunday dedi: “Oʻrtaga tashlangan taklif shuki, Yevropa chekinishlar qarshisida yo erib yoʻq boʻlib ketadi yoki chuqur oʻzgarishlarga duch kelganida oʻz vujudini qayta kuchaytiradi”. Demak, Ittifoqdagi eng muhim davlat boʻlgan Frantsiya masalaning naqadar chuqurligini, muammoning chigalligini va Ittifoq duch kelayotgan xavf-xatarlar kattaligini fosh etdi. Bu esa Yevropa taqdiri hal boʻladigan vaziyatga duch kelganiga dalolat qiladi.

Yevropa Ittifoqining ikkinchi asoschisi va aʼzosi Germaniyaga kelsak, kantsler Merkel “Britaniyaning chiqishi Yevropa va uning birlik mexanizmi uchun alamli zarba” ekanini ochiqladi. Frantsiya prezidenti Fransua Olland, Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi va Yevropa Kengashi raisi Donalьd Tusklarni 2016 yil 26 iyunda Berlinda yigʻinga chaqirdi. Unda “Biz Yevropa Ittifoqida 27 nafar aʼzo ekanmiz, oldimizda katta oqibat-vazifalar turibdi. Biz referendum natijalariga qiziqqanligimizni va uni qabul qilishga qodirligimizni isbotlashimiz lozim. Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan toʻgʻri qarorlar qabul qilishimizdan oldin, ular vaziyatni tahlil qilib, uni tinch-xotirjam ravishda toʻgʻrilab olishlari lozim”, dedi. Uning oʻrinbosari Zigmar Gabrielь “Evropa uchun yomon laʼnati kun boʻldi… Berlinda bunga nisbatan norozilik va shok holati paydo boʻldi. Butun jamoatchilik bu qarorning Britaniya, Germaniya va Yevropa uchun yomon ekanini taʼkidladi”, dedi. Germaniya tashqi ishlar vaziri “Britaniya hukumati Yevropa taqdiri bilan oʻynashib, yutqazdi. Uning ittifoqdagi pozitsiyasi oʻzining ichki siyosiy gʻarazlari yoʻlida Ittifoqdan foydalanish boʻldi”, dedi. Shunday qilib, nemislar endi inglizlarning nopok niyatda ekanligini va bu yomon oqibatlarga olib kelishini tushunadigan boʻlishdi.

Polsha va Chexiya kabi boshqa bir necha Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari referendum natijalarini juda yomon, deya baholashdi. Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuelь “Evropa Ittifoqini tark etish qarori ayni mintaqa masalasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, Jabali Toriq (Gibraltar) uzra Ispaniya bayrogʻining koʻtarilishi ehtimoli endi yaqin boʻlib qoldi”, dedi. Hatto qaror foydasiga ovoz bergan Shotlandiya ham, uning bosh vazirasi “Biz Shotlandiyaning Britaniyadan mustaqil boʻlishiga oid ikkinchi referendum tanlovini oldimizga qoʻymogʻimiz lozim”, dedi.

Aftidan, referendum natijasi AQSh uchun ham kutilmagan boʻldi. Prezident Obama qisqacha bayonot bilan chiqib, “Natijadan xabarim bor, yaqinda bu haqda bayonnoma chiqaraman”, dedi. Keyin bayonnomada “Britaniya bilan maxsus aloqalarimiz davom etadi, men britaniyaliklarning ayni qarorini hurmat qilaman. Chunki ular yurtlarini Yevropa Ittifoqi tarkibida 43 yil turganidan soʻng undan ajrab chiqishini qoʻllab-quvvatladilar”, dedi. Oʻtgan aprel oyida Londonga qilgan safari chogʻida Obama britaniyaliklarni Ittifoqda qolishga ovoz berishga targʻib qilgandi. Chunki Amerika Yevropa Ittifoqi zaif boʻlib turishi uchun Bitaniyaning Ittifoq tarkibida qolishidan manfaatdor. Yaʼni biladiki, Britaniya Yevropa Ittifoqi foydasiga ham, uning birlashishi uchun ham harakat qilmaydi, uning birlashishini kechiktiradi, koʻplab qarorlarda muammo paydo qiladi va faqat oʻz manfaatini oʻylaydi, bularning bari Amerika manfaatiga xizmat qiladi. Zero, u Yevropani birdam qudratli holda uni kurashga chaqirishini yoki xalqaro maydonda u bilan raqobatlashishini istamaydi, uni oʻz taʼsiri ostida turishini xohlaydi. Biroq oxir oqibat Britaniyaning Ittifoqdan chiqishi uning parchalanishiga olib kelsa, demak, bu uning asosiy manfaati boʻladi.

Rossiyaning “TASS” informatsion agentligi esa Britaniya referendumini Putin gʻalabasi, Obama magʻlubiyati, deya sifatladi. Chunki Rossiya Britaniyaning oʻziga nisbatan salbiy pozitsiya tutishini biladi va shu bois Ittifoqning Britaniyasiz boʻlishini xohlaydi. Rossiya Frantsiya va Germaniya bilan yaxshi kelishadi, shu bois, siyosiy va iqtisodiy jihatdan Yevropa Ittifoqida Britaniyaning boʻlmagani Rossiyaning foydasi. Darvoqe, Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xemmond “Referendum natijalari Rossiya prezidenti Putinda xursandchilik paydo qildi”, deya bayonot berdi.

Yevropa Ittifoqi taʼsischilari, xususan, u yerdagi asosiy taʼsir egalari boʻlgan Frantsiya bilan Germaniya Ittifoqni saqlab qolishni rejalashtirishmoqda. Ularga taʼsischi davlatlardan Italiya, Gollandiya, Belgiya, Lyuksemburg ham qoʻshilmoqda. Ular bilan birga qolishga yuksak darajada ishtiyoqmand davlatlar ham bor, Polsha, Ispaniya va Irlandiya kabi. Endi, bu davlatlarning hammasi Ittifoqni saqlab qolishga harakat qilishadi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Ittifoq taʼsischilari hisoblangan olti davlatni yigʻin oʻtkazishga chaqirdi va ular Berlinda yigʻilishdi. Yigʻin ortidan u “Biz bugun Ittifoqdan hargiz voz kechmasliklarini taʼkidlashlari lozim boʻlgan davlatlar vakillari sifatida yigʻildik”, dedi. Biroq Daniya, Shvetsiya kabi davlatlar ham borki, ularning ozodlikka chiqib ketib qolishlari xavfi yoʻq emas.

Eslatib oʻtish lozimki, 2008 yilgi moliyaviy krizis va uning simptomlarida Yevropa Ittifoqi qudrati sinaldi. Natijada ular qattiq boʻlmasada, sezilarli darajada silkindi va qulash xavfiga yetib keldi. Buni shu davlatlar masʼullarining oʻzlari bildirishdi. Keyin qochqinlar krizisi kelib chiqqanda, bu davlatlar masʼullari pashshadek muammodan fildek muammo yasashdi. Yaʼni bu masala Yevropadagi siyosiy vaziyatdan va vayron boʻlish arafasida turgan iqtisodiy vaziyatdan dargʻazab boʻlgan xalqda millatchilik tuygʻularini battar alanga oldirdi. Chunki millatchilik Yevropa xalqlari orasiga ulkan xandaqlar qazigan boʻlib, Yevropa Ittifoqi qabul qilgan birorta ham bitim ham bu jarlikni koʻma olmagan. Aslida, hamma balo kapitalistik tuzumda. Chunki uning millatchilik illatini muolaja qilishda omadi chopmadi, shu tuzumga eʼtiqod qilgan shaxslarni bitta doshqozonda toblay olmadi. Bu esa hamma boʻlinishlar uchun ham, Britaniyaning boʻlinib chiqishi uchun ham asosiy sabab boʻldi. Yaʼni Britaniya oʻzining millatchilik oʻzligidan voz kechishni, chegaralarini yoʻq qilishni, oʻz valyutasidan voz kechishni va Yevropaga qorishib ketishni istamadi.

Yevropa Ittifoqi uchun bu ulkan imtihon boʻldi. Xoʻsh, haqiqatdan ham bu oʻldiradigan emas, yolgʻizlatib tugatadigan zarba boʻldimi? Bu ish avvalo Frantsiya bilan Germaniyaga borib taqalmoqda. Aftidan, bu ikki davlat Yevropa Ittifoqini davom ettirishga va uni saqlab qolishga ahd qilgan koʻrinadi. Ularning muammo simptomlarini oʻrganish va uni muolaja qilish uchun shoshilinch harakatga kelishgani shuni koʻrsatib turibdi. Zero, Frantsiya Amerikaga qarshi kurashda Yevropaga yetakchilik qilishni va shu orqali undan oʻzining eski mustamlakalarini tortib olishni, xalqaro maydonda taʼsirli kuchli davlat boʻlib qolishni istamoqda. Germaniya Yevropa Ittifoqi hisobiga katta siyosiy qudratga aylanishni istamoqda, chunki Ittifoqda eng koʻp iqtisodiy foydani shu davlat oladi. Chamasi, yevropaliklar Britaniyadan qutulib, jonlariga oro kirdi. Shuning uchun yaxshisi, ular toʻgʻri harakat olib borishlari, oralaridagi mavjud millatchilik olovini oʻchirishga harakat qiladigan dono va kuchli yetakchilikka ega boʻlishlari kerak.

Britaniya esa zarar koʻrdi. Endi u Yevropadan uzlatda qoladi, iqtisodiy va siyosiy zarar koʻrib, Yevropaga boʻlgan taʼsiridan mahrum boʻladi. Shu paytga qadar u Amerikaga qarshi kurashda Yevropadan foydalanayotgan edi va shu orqali mustamlakalaridagi oʻz nufuzini va dunyoning yirik davlati boʻlib turishini saqlab qolishga urinayotgan edi. U shunga harakat qilib, referendumni qayta oʻkazish maqsadida ikki million imzo yigʻdi. Oqibatda beqarorlashdi, boʻlinib ajralib qoldi, konservatorlar partiyasi ham boʻlinib ketdi, yaʼni undagi va hukumatdagi aʼzolar ayni partiya raisiga hamda Kemeron hukumatiga qarshi kampaniya boshladi.

Bular shuni isbotlamoqdaki, bunga oʻxshash ittifoqlarning barchasi muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Gʻarb bunga oʻxshash ittifoqlar tuzish bilan oʻzining omadsiz tajribalarini islomiy yurtlarga ham koʻchirishga urindi. Ammo xalqlarni Islom doshqozonida toblab, misli koʻrilmagan muvaffaqiyatga erishgan Islom yechimigina toʻgʻri yechim boʻlib qolaverdi. Zero, Islom millatchilik illatini butkul muolaja qilib, Nabiy  shunday bir buyuk davlatning boshqaruv poydevoriga asos soldilarki, bu asos oʻn uch asrga tatidi hamda bitta xalifa orqali boshqariladigan markaziy boshqaruv boʻlib turdi, xalifa davlatning ichki ishlarini tartibga solib, voliylar tayin qildi, bu voliylar uning amirligi, nazorati ostida va ijtihodiga ergashgan holda, viloyatlarni boshqardilar.

Asʼad Mansur qalamiga mansub

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.