Oʻzbekistonning faollashuvi Qozogʻistonni xushyor torttirdi

698
0

Oʻzbekistonning faollashuvi Qozogʻistonni xushyor torttirdi

“Nezavisimaya gazeta”ning yozishicha, uzoq tanaffusdan soʻng Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakraborti boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga kelishi qoʻshni Qozogʻistonni xushyor tortishiga sabab boʻlgan.

Qozogʻiston iqtisodiyot vaziri Temur Suleymenov Olmaotada oʻtayotgan CFO Summit 2017 sammitida soʻzlagan nutqida, “Oʻzbekistonning mintaqaviy pozitsiyalarining mustahkamlanishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy yetakchining oʻzgarishiga olib kelishi hamda investitsiyalar va bozorlar uchun raqobatni kuchaytirishi mumkin”ligini aytib oʻtgan.

Vazir Qozogʻistonga xavf solayotgan tashqi chaqiriqlar haqida gapirar ekan, “uygʻonayotgan va erkinlashayotgan Oʻzbekiston”ga eʼtibor qaratdi. U Oʻzbekistonni katta ambitsiyalar va imkoniyatlarga ega davlat deb atadi.

“Oʻzbekistonning kuchayishi biz uchun muayyan chaqiriq boʻladi. Biz obʼektiv ravishda Qozogʻiston mintaqadagi gegemon deb oʻylashga odatlanib qolganmiz. Hozir bu oʻzgarishi mumkin, men iqtisodiy gegemonni nazarda tutmoqdaman. Investitsiyalar, bozorlar uchun raqobat kuchayishi mumkin. Bu biz oʻrta muddatli istiqbolda hal qilishimiz kerak boʻlgan chaqiriqlardan biri”,- degan Suleymenov.

Suleymenov tashqi chaqiriqlar sifatida Xitoy va AQSh oʻrtasida vujudga kelayotgan savdo ixtilofini ham aytib oʻtdi. U AQShning siyosati oldindan aytib boʻlmas holga kelayotgani va bu Qozogʻiston iqtisodiyotiga xavf solishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi.

“AQShning iqtisodiyoti va siyosiy taʼsiri koʻlami ulkanligini hisobga olgan holda, bu yangi reallikka aylanishi mumkin. Protektsionizm, qandaydir kelishuvlardan bosh tortish, migratsiya siyosatining boshqa jihatlaridagi izolyatsionizm trendga aylanishi mumkin. Chunki Amerika trendlarni oʻrnatuvchi davlatdir”,- deya soʻzni yakunlagan Suleymenov.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.