BMT: Zoʻravonliklar taxmin qilingandan koʻra ancha dahshatliroqdir

694
0

BMT: Zoʻravonliklar taxmin qilingandan koʻra ancha dahshatliroqdir

BMTning Inson huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Yanghe Li Myanmada arakanlik musulmonlarga nisbatan qoʻllangan zoʻravonliklar taxmin etilganidan koʻra ancha ortiqcha boʻlganligini tan oldi.

Maʼruzachi Li Bangladesh poytaxti Dakka shahrida joylashgan lagerda amalga oshirgan 4 kunlik tashrifidan keyin yozma bayonot chiqardi. U oʻz bayonotida 2016 yil 9 oktyabrdan soʻng Myanma politsiyasi hujumidan Bangladeshga qochib oʻtishga majbur boʻlgan arakanlik oilalar bilan uchrashishga imkoniyat topganligini maʼlum qildi.

Yanghe Li Arakanlik musulmonlarning boʻgʻizlanganligi, pala-partish oʻqqa tutilganligi, oʻt qoʻyilgan uylarda insonlarni bogʻlab yoqib yuborilganligi, yosh bolalarning yonayotgan olovga tashlanganligi hamda jinsiy tajovuz kabi zoʻravonliklarni oʻz ichiga olgan daʼvolarni hisobotga kiritganligini bildirar ekan, “Bu oilalar guvoh boʻlgan vahshiyliklar va ular boshidan kechirgan zoʻravonliklarning hajmi taxmin qilingandan koʻra ancha dahshatliroq ekan”, dedi.

Maʼruzachi Arakan muammosiga yechim sifatida Myanma hukumatini yuqorida aytib oʻtilgan daʼvolarni tekshirib chiqish uchun keng qamrovli, xolis va mustaqil tergov oʻtkazishga hamda yanada jiddiy inson huquqlari buzilishi oldini olish uchun chora-tadbirlar koʻrishga chaqirdi.

Turkiston:

BMT vakili Arakan muammosini oʻrganib chiqib, dahshatdan yoqa ushlayapti. Ammo yechimga kelganda Myanma hukumatini bunga qarshi chora koʻrishga va “adolatli” tergov oʻtkazishga chaqirish bilan kifoyalanyapti. Xavfsizlik kengashiga ega boʻlgan BMTning musulmonlarga nisbatan topgan yechimi mana shu. Aslida BMTdan bundan boshqa yechimni kutishning oʻzi axmoqlikdir. Vaholangki, shu paytgacha amalga oshirilgan qirgʻinlar aynan mana shu Myanma hukumatining nazorati ostida amalga oshirilganligini butun dunyo koʻrib turibdi. Avvalida qirgʻinlarni butparast xalqlar amalga oshirib, armiya va politsiya bundan koʻz yumib turgan boʻlsa, endilikda qirgʻinlarni politsiya va harbiylarning oʻzlari amalga oshirmoqda.

9 oktyabr kuni chegara uchastkasiga hujum uyushtirilganligi daʼvosi bilan Myanma armiyasi “mintaqada xavfsizlikni taʼminlash” amaliyotini boshladi. Shu bahonada armiya Arakan qishloqlariga bostirib kirib, minglagan musulmonlarni dahshatli suratda qatl qildi. Son-sanoqsiz muslimalarning nomusiga tajovuz qildi. Uylar yashovchilari bilan qoʻshib yoqib yuborildi. BMT maʼruzachisining hisoboti ushbu harbiylarning tajovuzi, yaʼni yaqin toʻrt oy ichida boʻlib oʻtgan vahshiyliklar ustida boʻlyapti xolos. Bir necha yillardan buyon amalga oshirilib kelinayotgan butparastlarning vahshiyliklari esa unutildi-ketdi.

Ayni paytda Masjidul Aqso imomlari va ulamolari Arab davlatlari hokimlariga murojaat yoʻllab, ularni ommaviy qatliom qilinayotgan arakanlik musulmonlarni yordamsiz tashlab qoʻymaslikka chaqirmoqda. Masjidul Aqso imomlari Arab hokimlarini qoʻzgʻalishga chaqirar ekan, ularning “tirik-murda” ekanligini hisobga olmayapti. Axir bu malay hokimlarda biroz hamiyat boʻlganda edi, – uzoqqa borishni qoʻya turing – yonginasida joylashgan va bir necha oʻn yillardan buyon yahudiylar zulmi ostida ezilib yotgan Falastin musulmonlarini yordamsiz tashlab qoʻyarmidi?!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.