Misr sudi Husni Muborakni oqladi

529
0

Misr sudi Husni Muborakni oqladi

“Kun.uz” saytining xabar qilishicha, Misrda oliy apellyatsiya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Husni Muborakni oqlash haqida hukm chiqardi.

Husni Muborak bir necha yildan beri Qohira harbiy gospitalida saqlanadi. Bu vaqt ichida uning koʻrsatmasi bilan 2011 yilda tinch namoyish ishtirokchilariga qarshi zoʻravonlik va kuch ishlatilgani haqidagi ish koʻplab sud instantsiyalarida koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, Husni Muborak davlat mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirib, xorijga olib chiqib ketishga ayblangandi.

Sud ish boʻyicha tinglov 2 mart kuni kun davomida boʻlib oʻtdi. Yakunda hakam avvaliga umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq prezident aybsiz ekanini eʼlon qildi.

Kassatsiya sudi hukmi yakuniy hisoblanadi va bu hukm ustidan shikoyat qilib boʻlmaydi.

Bundan oldinroq, sobiq prezidentning advokati uni oqlovchi muhim dalilni keltirgani xabar qilingandi.

Eslatib oʻtamiz, 2012 yil 2 iyunida Misr sobiq prezidenti Husni Muborak va IIVning sobiq rahbari Habib al-Adliy umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi. Qohira sudi 2011 yil yanvaridagi inqilob vaqtidagi tinch aholining oʻlimiga ularning aloqadorligi isbotlangan, deb hukm chiqargan edi.

Biroq 2013 yilning yanvarida jinoyat ishlari boʻyicha Misr sudi hukm ustidan Muborakning advokatlari bergan apellyatsiyani qanoatlantirdi. 2014 yilning noyabrida esa Muborak va uning oʻgʻillaridan namoyishchilar oʻlimi va korruptsiya jinoyatlari boʻyicha barcha ayblovlar olib tashlandi.

IIVning sobiq rahbari va uning yordamchilari ham oqlandi, biroq bu qaror Misr aholisining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Shundan soʻng Bosh prokuratura, sud ishi davomida protsessual qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilganini maʼlum qilib, sud hukmi ustidan shikoyat qildi. Koʻp oʻtmasdan Misr sudi Husni Muborakni oqlash haqidagi hukmni bekor qilgandi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.