Turkiyadagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan harbiy toʻntarishning umumiy bayoni

833
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Turkiyadagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan harbiy toʻntarishning umumiy bayoni

Savol:

Deyarli bir kun ham oʻtmagan boʻlsa-da, biroq men Turkiyada sodir boʻlgan toʻntarish urinishiga – hech boʻlmasa umumiy tarzda boʻlsa ham – oydinlik kiritib berishingizni umid qilaman: uning ortida kim turibdi? Haqiqatdan ham Gulan jamoasimi? Yoki armiyadagi angliyaparast zobitlarmi? Bu hodisadan keyin nima boʻlishi mumkin? Alloh Sizni yaxshilik ila mukofotlasin!

Javob:

2016 yilning 15-16 iyul kunlari mobaynida Turkiyada sodir boʻlgan voqea-hodisalarni kuzatib, tadabbur qilish natijasida, biz davlat toʻntarishiga uringanlar avantyurachi, xavf ostida qolgan angliyaparast harbiy zobitlar ekanining ehtimoli koʻproq, deb bilamiz. Buni quyidagi faktlar koʻrsatib turibdi:

1 –          Ularning xavf ostida qolgani shundaki, odatda har yili shu oy, yaʼni iyulning oxirlarida yoki avgust oyining boshlarida turk Harbiy Maslahat Kengashi yigʻini boʻlib oʻtadi. Bu kengashning armiyadagi salohiyati kuchli va ahamiyatlidir. U bosh vazir raisligida Anqaradagi bosh shtab qarorgohida oʻtkaziladi. Unda mudofaa vaziri, armiya bosh shtab boshligʻi, piyoda kuchlar qoʻmondoni, havo kuchlari qoʻmondoni, jandarm kuchlari qoʻmondoni, bosh shtab boshligʻining ikkinchi oʻrinbosari… ishtirok etadi. Bundan tashqari, shoʻro-maslahat kengashi aʼzolari katta harbiy qoʻmondonlardan iborat. Maslahat kengashining navbatdagi yigʻinida quyidagilar muhokama qilinadi: yuqori rutbali harbiylarning unvonini oshirish, baʼzi qoʻmondonlar faoliyati muddatini uzaytirish, nafaqaga chiqarishga oid masalalar, harbiylarni intizomni yoki axloqiy normani buzgani sababli harbiy xizmatdan chetlatish va bulardan boshqa turk qurolli kuchlari bilan bogʻliq mavzular. Yigʻin bir necha kun davom etadi va qabul qilingan qarorlar respublika prezidentiga havola qilingandan keyin eʼlon qilinadi. Odatda bu yigʻinda armiya qoʻmondonlari va boshqa baland rutbali bir necha harbiylarning xizmat vazifalariga yakun yasaladi. 2015 yil 2 avgustda oʻtkazilgan mana shunday yigʻinda xizmatdan boʻshatilgan harbiylardan biri oʻsha paytdagi havo kuchlari qoʻmondoni Oqin Oʻzturk boʻlgan. Xabarlarga koʻra, ayni toʻntarishga urinish ustida shu Oqin Oʻzturk va boshqa qoʻmondonlar boʻlishdi.

Aftidan, davlat toʻntarishiga urinish amaliyotini qilgan zobitlar, Harbiy Maslahat Kengashi yigʻinida qabul qilinadigan qarorlar ularning armiya tepasida xizmatlarini davom ettirishlarini xavf ostiga qoʻyadi, deb bilishgan, yoki ularga shunday xabar “sizib chiqqan”, natijada ular yigʻin oʻtkazilishidan oldin ehtiyot chorasi sifatida (shoshma-shosharlik bilan) shunday amaliyotni qilishgan, koʻrinadi.

2 –          Endi ularning avantyurachi angliyaparast zobitlar ekanlariga kelsak, maʼlumki, inglizlarga sodiq kishilar armiyaning yadrosi boʻlgan. AQSh Oʻzal davridan beri shu yadro ichiga yorib kirishga urinib keldi, lekin buni uddalay olmadi. Uddalay olmagach, politsiya kuchlari va ichki xavfsizlik kuchlariga tayandi. Keyin Erdogan davrida asosiy etʼiborini armiya ichiga yorib kirishga qaratdi va maʼlum darajada buni uddaladi ham… Biroq ingliz kuchlari mavjud boʻlib qolaverdi. Erdogan ularning qanotlarini qirqqan boʻlsa-da, ammo hammasini yoʻq qilolmadi. Oʻshalardan ayrim zobitlar bugungi toʻntarishga urinishni amalga oshirishdi.

Ularning avantyurachi ekanlariga dalil, ayni urinish rejasini ishlab chiqqanlar inglizlar ekani ehtimoldan uzoq. Koʻproq ehtimol, uning rejasini shu zobitlarning oʻzlari tuzgan, inglizlar esa qoʻyib bergan… Chunki rejani obdan oʻrganilsa, unda inglizlarning nopok ishlari va tulkiligi koʻrinmaydi. Misol uchun, bu inqilobchilar bayonotlarida ilmoniylikka diqqatni qaratishdi, bu esa ularning ahmoqligidir. Chunki hozir aksar turklarda islomiy tuygʻular keng yoyilgan, shu bois ilmoniylikning gapirilishi ularni qoʻrqitib-provokatsiya qilib yuboradi, ularga Mustafo Kamol va uning tarafdorlari boshqaruvini eslatadi, kamolchilarning Islom va musulmonlarga nisbatan qanday dahshatli, nafratlanuvchi holatda boʻlishganini, Islom va uning ahliga qanday makrlar qilishganini eslariga soladi. Demakki, bu inqilobchilarning ilmoniylikni gapirishlari ahmoqlik boʻldi, odamlarni ushbu Mustafo Kamol tarafdorlaridan nafratlangan holda koʻchalarga chiqishga undadi, ularning kamolchilardan nafratlanishlari Erdoganni yaxshi koʻrishlaridan ham yuksak boʻldi. Boshqa bir muhim ish ham bor: Ular inqilobni eʼlon qilishdan oldin ilk daqiqalardayoq siyosatchilar va hokimlarni, yaʼni prezident va hukumatdagilarni qamoqqa olish uchun puxta reja ishlab chiqishmadi, aksincha inqilob hokimlar oʻz oʻrinlarida qolavergan holatda eʼlon qilindi! Aytish mumkinki, ularning qilgan ishlari shovqin-suron va gʻazabga yaqin boʻldi, xalq bazasidan, hattoki tashkillashtirilgan toʻntarishdan esa yiroq boʻldi!

Bularning barchasi shunday taxminni kuchaytiradiki, ushbu toʻntarishga urinishni angliyaparast zobitlar – Harbiy Maslahat Kengashi qarorlariga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida (shoshma-shosharlik bilan) – qilishdi, bu kengash ularning armiya xizmatida qolishlarini xavf ostiga qoʻyadi, deb oʻylashdi. Ayni masala mana shunday maʼlum taxminlardan ortiqcha narsa emas hamda buni bilish unchalik qiyin ham emas.

3 –          Aybni Gulanga yoʻnaltirish ham toʻgʻri emas deyishimiz mumkin. Chunki Gulan jamoasi ijtimoiy-madaniy, adliya ishlariga yaqin boʻlib, mustamlakachi davlatlar yordamisiz, biror toʻntarish amalga oshirishga qodir emas, buning uchun ularda harbiy qudrat yetishmaydi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, bu jamoa Amerika buyrugʻiga qaraydi, uning ruxsatisiz bir qadam ham tashlamaydi. Amerika Erdoganni, ayniqsa hozirgi paytda, AQSh manfaatlariga xizmat qilishda eng qodir shaxs deb bilmoqda. Turkiya esa uning Suriya yechimi mavzusida soʻnggi oʻqi boʻlib turibdi. Chunki Turkiya bosh vaziri “Turkiya Suriya bilan aloqalarini qayta tiklashi”ni bildirdi.

Gulan AQSh uchun kerak boʻlgan paytda foydalanadigan ehtiyot chizigʻidir. Masalan, Gulan 2002 yildan beri Adolat va Taraqqiyot partiyasini saylovlarda uch marta qoʻllab-quvvatlab berdi. Hatto 2013 yilda ayni partiya bilan ular oʻrtasida kelishmovchilik boʻlib, Erdogan tarafdorlarida korruptsiya muammosi koʻtarilgan paytda ham, Gulan jamoasining “Darshan” tarmogʻi yopib qoʻyilgan paytda ham Adolat va Taraqqiyot partiyasini qoʻllab-quvvatladi. Shu jihatdan, bu jamoa ehtiyot chizigʻi hisoblanadi. Mustamlakachi davlat uchun bittadan koʻproq malay boʻlsa ham zarar qilmaydi, shuningdek, bu malaylarning bir-biri bilan nizolashishining ham, raqobatlashishining ham zarari yoʻq, qaysinisi gʻolib kelsa, mustamlakachi davlat oʻshanisini qoʻllab-quvvatlayveradi. Bunga Sadat bilan Ali Sabriy jamoasi oʻrtasidagi nizoni misol qilish mumkin. Vaholanki, ikkalasi ham Amerikaga tobe edi. Shunga qaramay, Sadat Ali Sabriy jamoasini tarqatishga va hibsga olishga muvaffaq boʻlgan.

Xullas, yuqorida aytganimizdek, Gulan jamoasining toʻntarish urinishini amalga oshirgan boʻlishi ehtimoldan uzoq. Biroq Gulan jamoasidagi ayrim shaxslarning, xususan, kurd sudьyalarining ham Erdogandan koʻrgan tazyiqlarga javoban ayni urinishda shaxs sifatida ishtirok etgan boʻlishlari mumkin.

4 –          Shubhasiz, Erdogan armiyada inglizlarning kuchi – ozaygan boʻlsa ham – borligini, toʻntarishga urinish ortida angliyaparast harbiylar turganini tushunyapti. Tushunsa-da, Gulanni ayblayapti. Gap shundaki, angliyaparast harbiylarni ochiq-oshkor aytish shu harbiylarning obroʻsini oshiradi, ochiq-oshkor aytmay yoʻq qilish ularni obroʻsizlantiradi. Ammo Gulan jamoasi esa ularchalik katta obroʻga ega emas… Erdogan angliyaparastlarni shovqinsiz, imi-jimida yoʻq qilishni istaydi. Shunda ular koʻzga koʻrinmay, atroflarida hech kim uyushmaydi. Buning muqobili oʻlaroq, oʻz raqibi Gulan jamoasini esa shov-shuv bilan zaiflashtirishni istaydi. Chunki ular angliyaparastlarchalik kuchga ega emas.

Bular ayni hodisaga nisbatan koʻproq ehtimol boʻlgan fikrimizdir. Nima boʻlganda ham, bu toʻntarishga urinish puxta boʻlmagan, obdan oʻrganilmagan ish boʻldi. Aksincha, uni asabiylik bilan, oʻylanmagan holda, palapartish qilingan avantyura, deyish mumkin. Toʻxtalish kerak boʻlgan muhim narsa hodisaning oʻzi emas, balki uning ortidan kutilayotgan narsalardir.

5 –          Buning ortidan nimalar kutilayotganiga kelsak, davlat toʻntarishga urinish natijasida yuzaga kelgan shovqin-suron ikki tomonga ham taʼsir qilmay qolmaydi:

Amerika va Erdogan boʻlib oʻtgan hodisadan foydalanib, armiyadagi angliyaparast kuchlarni yoʻq qilish yoki hech boʻlmaganda, taʼsirlarini eng past darajaga tushirish uchun bor kuchi bilan harakat qiladi. Ular angliyaparast kuchlarni keng koʻlamda qattiq repressiya qilishga bir bahona boʻlishi uchun ushbu hodisa koʻlamini boʻrttirib koʻrsatishmoqda. Tabiiyki, Erdogan raqibi Gulanni zaiflashtirish uchun hodisadan imkoni boricha, yaʼni Amerika chizgan chiziqdan chiqmagan holda foydalanishga harakat qiladi. Minglab kishilarning hibsga olinishi bunga yaqqol dalildir.

Britaniya esa, hatto toʻntarish urinishini rejalashtirmagan, uslub va vositalar belgilamagan, balki oʻz odamlariga qoʻyib bergan boʻlsa-da, hodisani obdan hisob-kitob qilib turibdi. Shuning uchun vaziyatni yaqindan kuzatib borishi, oʻz malaylariga maʼlum darajada boʻlsa ham qayta haybat berish uchun javob yurishi qilishi kutilmoqda. Buni Amerika bilan Erdogan ham kutishyapti. Shuning uchun ham Obama Turkiyada sodir boʻlgan hodisani muhokama qilish uchun milliy xavfsizlik yigʻinini oʻtkazdi, goʻyo hodisa AQSh milliy xavfsizligi doirasida boʻlgandek. Bildirilishi mumkin boʻlgan xalqaro reaktsiyalarni hisobga oldi. Erdogan ham angliyaparast kimsalarning har qanday reaktsiyasini yoʻq qilish uchun odamlarni maydonlarda turishga, aeroport va masjidlarni tark etmaslikka buyurdi.

6 –          Soʻzimiz nihoyasida shuni aytmoqchimanki, hodisa gʻoyat alamli boʻldi… Chunki oqqan qonlar bizning qonlar, inglizlar yoki amerikaliklar qoni emas… Vayron boʻlgan binolar, aeroportlar va maydonlar bizniki, AQSh yoki Britaniyaniki emas… Shuningdek, hodisa sodir boʻlgan soatlar bizning yurtda, bizning oramizda biri-biridan zulmatli-qorongʻu soatlar boʻldi… Bu bizni qaygʻuga soladigan, alamli ishdir. Biroq bu zulmatda bir oz boʻlsa ham nur bor… Bu insonlarning koʻchalarga takbiru tahlillar, Allohu Akbar sadolari bilan chiqishlaridir. Chunki inqilobchilar oʻz ilmoniyliklarini ochiq eʼlon qilib, Turkiyadagi musulmonlar tuygʻularini junbushga keltirib yubordi, shu narsa ularni koʻchalarga chiqib, oʻz dinlariga yordam berish uchun tanklarga qarshi turishga undadi. Ularning ushbu harbiy toʻntarish urinishiga qarshi turib berganligi sababi Erdogan va uning rejimini yaxshi koʻrganligi uchun emas, balki bunday boʻlishdan ham koʻproq, ilmoniylik va uning malaylaridan nafratlanganlaridir. Garchi ilmoniylik hukumatda ham, inqilobchilarda ham mavjud boʻlsa-da, Turkiya musulmonlari bu ilmoniylikka his-tuygʻularidan kelib chiqib qarshi harakat qildilar. Zero, ilmoniylik qayerda boʻlmasin albatta yovuzlik keltiradi… Ular toʻntarishning ilmoniylikka asoslanganini koʻrib, islomiy tuygʻulari junbushga keldi. Chunki bu toʻntarishga urinish Mustafo Kamol, uning tarafdor va gumashtalari izidan ketayotgan edi, odamlar ularning Islom va musulmonlarga nisbatan nafrat va makrlarini oʻz tajribalaridan sinagan edi… Ammo rejimning ilmoniyligiga biroz islomiy “toʻn” kiydirilishi esa odamlarning his-tuygʻulariga orom bermoqda… Shunday ekan, musulmonlarning haq va odil davlati boʻlsa qanday boʻlarkin, Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik boʻlib, ularni adolat va insof bilan boshqarsa, shuningdek ularning orasida Alloh ahkomlari barpo boʻlib, Alloh yoʻlida jihod qilinsa, odamlar bu dunyoda shu ahkomlar bilan aziz boʻlsalar va oxiratda yutuqqa erishsalar qanday boʻlarkin?! Unda qanday boʻlarkin?! Unda odamlar ushbu Xalifalikni molu jonlari bilan, tuygʻulari bilan, ochiqqoʻlliklariyu fidoiyliklari bilan, barcha narsalari bilan himoya qiladilar… Chunki musulmonlar insonlar uchun chiqarilgan ummatlarning eng yaxshisi boʻlgan yagona Ummatdir.

“Sizlar odamlar uchun chiqarilgan ummatlarning eng yaxshisi boʻldingiz: maʼrufga buyurasiz, munkardan qaytarasiz va Allohga imon keltirasiz”                [Oli Imron 110]

Insonlar Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan boshqaradigan, musulmonlar boshlari uzra Rosululloh ning bayroqlari bilan soya soladigan roshid Xalifalikni – insha Alloh – bagʻirlarini ochib qabul qiladilar. Bu Allohga aslo mushkul emas.

12 shavvol 1437h

17 iyul 2016m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.