To’g’ri gap tuqqaninga yoqmaydi

475
0

1916 yilda Markaziy Osiyodagi xalqlar Chor Rossiyasining mardikor olish siyosatiga qarshi isyon ko’targan edi. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay ikkinchi imzolagan Turkistonning rus bo’lmagan millatlaridan mardikor olish to’g’risidagi farmonga qarshi isyon o’sha yilning 4 iyulida Xo’jandda boshlangan va unda o’zbeklar, tojiklar, qirg’izlar ishtirok etgan edi.

Tarixiy jujjatlarga ko’ra, 1916 yilning iyulida Samarqandda 25 ta, Sirdaryoda 20 ta, Farg’ona vodiysida 86 ta qo’zg’olon ko’tarilgan. Barcha isyonlar Rossiya qo’shinlari tomonidan ayovsiz bostirilgan. Bunday xalq isyonlaridan qirg’iz xalqi ham chetda turmagan va rus bosqinchilariga qarshi mardonovor kurashishgan edi. Tabiiyki, rus bosqinchilari bu isyonlarni ham shavqatsiz bostirishgan edi.

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev 2015 yil 27 may kuni Rossiya tomonidan 1916 yilda qirg’izlarning ommaviy qatliom qilinganining 100 yilligini xotirlash va nishonlash to’g’risidagi farmonni imzolagan edi. Mazkur farmonda 1916 yil voqealari isyon sifatida baholangan va mazkur isyon bostirilishi oqibatida, qirg’iz aholisining 40 foizi qirilib ketgani aytilgan.

Qirg’izistonlik tarixchilar va fuqarolik jamiyatining ayrim vakillari esa 1916 yil voqealarini genotsid deb tan olinishini va Rossiya bu qirg’in uchun tovon puli to’lashini talab qilib keladi. Tarixchilari 1916 yildagi isyonda 200 ming qirg’iz qirg’in qilingan deb hisoblaydilar.

Ammo, to’g’ri gap tuqqaninga yoqmaydi deganlaridek, qirg’iz tarixchilari va jamoatchi arboblarning bu talablari rus hukumati tomonidan salbiy qarshi olindi va Qirg’iziston hukumatidan “tarixiy adolatni tiklash” urinishlarini to’xtatishni talab qilgan edi.

Rossiyaning bu pozitsiyasi 24 dekabr kuni Bishkekda 1916 yilgi qo’zg’olon masalasiga bag’ishlab bo’lib o’tgan davra suhbatida Rossiyaning Qirg’izistondagi elchixonasi maslaxatchisi Aleksey Mzareulovning tahdidi orqali namoyon bo’ldi. U Azimbek Beknazarovning 1916 yilda genotsid bo’lgan deb aytgan so’zlari uchun qirg’iz tarixchilarini ma’lomat qildi.

Rossiya elchixonasi maslaxatchisi Azimbek Beknazarovning bu bayonotini Qirg’iziston tarixchilari uchun haqorat deb atadi. Davra suhbatiga yig’ilgan olimlarning 1916 yilgi xalq qo’zg’olonini 100 yilligiga bag’ishlab Qirg’izistonda katta konferentsiya bo’lib o’tishi to’g’risidagi xabaridan so’ng Aleksey Mzareulov konferentsiyani kim o’tkazishi haqida qiziqdi.

“Konferentsiyani kim tashkillashtiradi? Nahotki bu safar ham janob Beknazarov raisligida o’tasa? Men tushuna olmayapman, hech qanday ilmiy unvoni, mutaxassisligi bo’lmagan “buyuk” jamoatchi arbob bir o’zi qanday qilib minglab ruslar keladigan Issiqko’lda qurultoy tashkil qilishi mumkin? Mazkur qurultoy Urkunni genotsid deb tan olyapti. Uni bunday katta obro’ga ega bo’lishining siri nimada? Bu Rossiyaga qarshi targ’ibot va provokatsiyadan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, (konferentsiya) ruslar o’rnashib, yashab kelayotgan va turistlar soni o’sib borayotgan joyda o’tkazilyapti. U Issiqko’lni turistlar daromadidan kesib qo’yishni xohlayaptimi? Yoki u ruslarga bu erda ularni yoqtirishmasligini ko’rsatib qo’ymoqchi: “Bu yoqqa kelmanglar” demoqchimi yoki boshqa bir davlat pulini oqlayaptimi?”, – dedi Mzareulov.

U Qirg’iziston demokratik davlat ekanligi, jamoat arbobi va fuqarolar turli tadbirlarni o’tkazish va o’z fikrini ochiq bildirishi mumkin ekanligini tushuntirmoqchi bo’lgan keksa yoshdagi olimlarning so’zini bo’lib, “Jamoat arbobi kasb emas”, – dedi.

Davra suhbatiga yig’ilgan tarixchilar, bu masalada o’zlari ham chiqish qilishayotgani va o’z fikrlarini bildirishayotgani, jamoatchilik ongi yuqori ekanligini takidlab o’tishdi. “Axir uning so’zlari ham eshitilyapti. Bunga qanday qilib toqat qilyapsizlar, axir bu haqoratku”, – dedi qizishib Mzareulov.

Bunga javoban ayrim qirg’iz tarixchilari unga “bu erda u tsenzurachi emasligi”ni eslatib qo’yishgan bo’lsa, ayrimlari Mzareulovni qo’llab, Urkun masalasi bo’yicha jamoatchilik fikrini tegishli ma’lumotga ega bo’lmagan siyosatchilar emas, balki olimlar shakillantirish kerakligini belgilab o’tishdi.

Davra suhbati yakunida Aleksey Mzareulov yana so’z olib, “Beknazarov xususida shuni aytmoqchimanki, Rossiya konstitutsiyasida “millatlarora nizo qo’zg’ash” moddasi bor. U o’z uyida xohlagan gapini aytishi mumkin bu – jinoyat emas. Ammo hech qanday ilmiy darajasi bo’lmagan kishi qurultoy to’plab, genotsid haqida aytsa… Bu sizlarga nima uchun kerak? Qirg’iziston millatlararo nizolardan ozmuncha jabr ko’rdimi?”, – dedi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.