Afg’oniston rasmiylari ilk bor “Tolibon” harakati bilan rasmiy muzokaralar o’tkazdi

532
0

“Farg’ona” axborot agentligining xabar qilishicha, Pokiston poytaxti Islomobodda 7 iyul kuni Afg’oniston hukumatining “Tolibon” harakati bilan yarashuv uchun qulay sharoitlar yaratishga bag’ishlangan birinchi rasmiy muzokaralari bo’lib o’tdi.

Uchrashuv Pokiston mahkamalararo razvedkasi (Inter Services Intelligence, ISI) yordamida o’tdi. Bundan oldin qarama-qarshi taraflarning ko’plab norasmiy muzokaralari bo’lib o’tgan, so’nggi uchrashuv esa shu yilning may oyida Urumchida (Xitoy) bo’lib o’tgandi.

Khaama Press xabariga ko’ra, muzokaralarda Afg’oniston hukumati delegatsiyasini tashqi ishlar vazirining muovini Hikmat Halil Karzay boshqargan, toliblar tomonidan sobiq Tolibon hukumati tashqi ishlar vazirining o’rinbosari mulla Jalil va harakat etakchilaridan biri Qori Din Muhammad ishtirok etdilar. “The Guardian” xabar berishicha, uchrashuvda, shuningdek, AQSh va Xitoy vakillari qatnashdilar. Pokiston tomoni “afg’onlar uchun yarashuv jarayonini engillatish majburiyatini” o’z zimmasiga olayotganini ta’kidlab o’tgan.

Pokiston bosh vaziri Novoz Sharif muzokaralar “muvaffaqiyat ila yakunlanishi lozim”, deya qayd etib o’tgan. Unga ko’ra, Afg’oniston qo’shnilari va xalqlaro hamjamiyat “ushbu jarayonni hech kim to’xtatishga urinmayotganiga” ishonch hosil qilish kerak. Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Amerika Qo’shma Shtatlari muzokaralarni tabriklagan hamda ularni “mustahkam tinchlik sari qo’yilgan muhim qadam”, deya atagan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.