Xitoy va Rossiya o’rtasidagi savdo aylanmasi 5 oy ichida 32 foizga tushib ketdi

442
0

Xitoy tijorat vaziri o’rinbosari Van Shouven Xitoyning BRIKSning qolgan davlatlari (Rossiya, Braziliya, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi) bilan savdo aylanmasi qisqarganini ma’lum qildi.

“Meni BRIKS davlatlari bilan tovar aylanmasi qisqarib ketgani tashvishlantirmoqda. Joriy yilning dastlabki 5 oy ichida Rossiya bilan savdo aylanmasi 32 foizga, Braziliya bilan 22 foizga, JAR bilan 29 foizga tushib ketdi, Hindiston bilan bor-yo’g’i 1 foizga oshdi”, deb aytmoqda Shouven.

Shouven bu pasayish vaqtinchalik xarakterda ekanligiga umid bildirmoqda.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy anjumanida Xitoyni Rossiyaning “birinchi raqamli” savdo hamkori deb atagan edi. Putin anjumanda Xitoy va Rossiya o’rtasidagi savdo aylanmasi 200 mlrd dollargacha o’sishini ta’kidlagan edi.

Turkiston:

Xitoy tashqi ko’rinishda Rossiya bilan hamkordek ko’rinsada, iqtisodiy jihatdan o’zaro raqib hisoblanadi. Ular o’rtasidagi raqobat asosan Markaziy Osiyo respublikalaridagi energetik zahiralar va bu mintaqani o’z ta’sir doirasida ushlab turish uchun bo’lgan kurashda ko’rinadi.

Garchi Xitoy AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanktsiyalarga rasman qo’shilmagan bo’lsada, zimdan Rossiya bilan masafalanish yo’lini tutmoqda. Bu haqida avvalroq VTB guruhi raisining birinchi o’rinbosari Yuriy Solovyov “Finance Asia” uchun yozgan kolonkasida xabar bergan edi.

Solovyovning ma’lum qilishicha, Xitoyning ko’plab kredit tashkilotlari Rossiya banklari bilan operatsiyalarni amalga oshirishdan bosh tortmoqdalar. Ular o’zaro savdoni moliyalashtirishdagi ishtiroklarini sezilarli kamaytirishdi, ular bu vazifani rossiyalik sheriklariga topshirishdi.

“Mavjud hamkorlik qiyinchiliklarsiz o’tmayapti. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini to’xtatib turgan asosiy muammo AQSh va YeI sanktsiyalar kiritganidan keyin Rossiya banklariga nisbatan Xitoyning qarama-qarshi pozitsiyasida turishidir. Bugungi kunda ko’plab Xitoy banklari Rossiya banklari ishtirokidagi banklararo operatsiyalarda ishtirok etishmayapti. Bundan tashqari, Xitoy banklari tashqi savdo bo’yicha bitimlardagi ishtiroklarini sezilarli kamaytirishdi, ayniqsa, savdoni moliyalashtirish bo’yicha”, – deb yozgan edi Solovyov.

Bundan tashqari so’ngi yillarda jadal sur’atlar bilan o’sib kelgan Xitoy iqtisodida kuzatilayotgan pasayishlar ham asosan xomashyo eksportiga asoslanib qolgan Rossiya bilan savdo aloqalarini pasayishiga olib kelishi tabiiydir.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.