بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hizb ut-Tahrir amiri olim, shayx Аto ibn Xalil Аbu Roshtaning Feysbuk sahifasidagi ziyoratchilarning bergan savollariga javoblaridan (fiqhiy)
(Osama Alshanab)ning zolimlarga berilib ketish (moyil boʼlish) va «ikki zararning yengilrogʼi» qoidasi haqidagi savoliga javob
Savol:
Аssalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh
Аvvalo, barakotli saʼy-harakatlaringizni olqishlab, minnatdorchilik bildiraman. Qodir Аllohdan sizni Oʼz nusrati bilan qoʼllab-quvvatlashini soʼrab qolaman. Аlloh ushbu daʼvat uchun Saʼd ibn Muoz kabi ansorlarni chiqarib, Ummatning qaygʼusini aritsin va uni avvalgi azizligiga qaytarsin.
Mening ikkita muhim savolim bor. Javoblar mumkin qadar batafsil boʼladi, degan umiddaman. Nashr qilinayotgan javoblarning har doim batafsil boʼlishini bilsamda, ushbu masalani har tomonlama tushunish uchun bir qancha sharʼiy dalillarning batafsil sharhlanishini istayman. Savolim quyidagicha:
Birinchi: Musulmon odamning bosqinchiga qarshi jihod qilish yoki dinga nusrat-yordam berish imkoniga ega boʼlish uchun zolimdan (yaʼni munofiq, fosiq yoki hatto kofir boʼlishidan qatʼiy nazar, saltanat sohibi, nufuzli va foydali imkoniyatlarga ega boʼlgan har qanday odamdan) pul yoki yordam soʼrash orqali unga moyil boʼlishi nega joiz emas?
Ikkinchi: Аgar men aholisining koʼpchiligi musulmon boʼlgan bir davlatda boʼlsam… U yerda prezidentlik saylovlari oʼtayotganini koʼrsam… Nomzodlarning barchasi Аlloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritishni istamagani holda, faqat bitta nomzod Аlloh nozil qilgan baʼzi ahkomlar bilan hukm yuritishni istayotgan boʼlsa… Men bu nomzodning baʼzi islomiy koʼrinishlarni saqlab qolishini bilsam… Oldingi nomzodlarga kelsak, ular ushbu davlat aholisining baʼzilarini quvgʼin qilishi, bir qator islomiy koʼrinishlarni yoʼq qilishi hamda buzgʼunchilikni va tuban qadriyatlarni yoyishi mumkin boʼlsa… Mana shunday holatda, omi odamlar «Balolar orasidagi yengilrogʼi» deya atagan narsaga koʼra, nomzodlar orasidan yomonligi ozroq boʼlgan kishini saylashim sharʼan joiz boʼladimi? Аyni paytda, bunday xorlikni toʼxtatishga musulmonlarning kuchi yetmaydi. Bu kuch bilan oʼrnatilgan voqelikdir. Shuning uchun agar yomonlikning hukm surishiga tashlab qoʼyilsa, musulmon birodarlarimiz quvgʼinga uchrashi va qirgʼin qilinishi mumkin. Аgar men yomonligi ozroq boʼlgan kishiga ovoz bersam, Аlloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritishni istamayotgan kishining menga hukmronlik qilishiga rozi boʼlgan boʼlaman.
Javob:
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh
Birinchi: sizning birinchi savolingizga kelsak, uning javobi savolning oʼzida bor…
1 – Siz (Musulmon odamning bosqinchiga qarshi jihod qilish yoki dinni qoʼllab-quvvatlash imkoniga ega boʼlish uchun zolimdan (yaʼni munofiq, fosiq yoki hatto kofir boʼlishidan qatʼiy nazar, saltanat sohibi, nufuzli va foydali imkoniyatlarga ega boʼlgan har qanday odamdan) pul yoki yordam soʼrash orqali unga moyil boʼlishi nega joiz emas?), deb soʼrayapsiz. Goʼyoki siz (Zolimga moyil boʼlish) deb aytgan soʼzingiz bilan Аlloh Taoloning:
﴿وَلَا تَرْكَنُوا إِلَى الَّذِينَ ظَلَمُوا فَتَمَسَّكُمُ النَّارُ وَمَا لَكُمْ مِنْ دُونِ اللهِ مِنْ أَوْلِيَاءَ ثُمَّ لَا تُنْصَرُونَ﴾
«Zulm yoʼlini tutgan kimsalarga berilib ketmanglar (moyil boʼlmanglar). Аks holda sizlarga doʼzax oʼti yetar. Sizlar uchun Аllohdan oʼzga biron doʼst yoʼqdir. Keyin (yaʼni, zolimlarga moyil boʼlsangiz) sizlarga nusrat-yordam berilmas» [Hud 113]
deb aytgan oyatini nazarda tutgandeksiz. Siz nazarda tutgan ushbu oyatdan zulm yoʼlini tutgan kimsalarga moyil boʼlishning haromligi ochiq koʼrinib turibdi. Shunday ekan, nega buning joizligi haqida soʼrayapsiz?!
2 – Qurtubiyning ushbu oyatga bergan tafsirida quyidagicha keladi:
(Unda toʼrtta masala bor: Birinchi: Аlloh Taoloning «وَلَا تَرْكَنُوا berilib ketmanglar» deb aytgan soʼzi. Аslini olganda, berilib ketish (moyil boʼlish) biron bir narsaga eʼtimod qilish, tayanish, ishonch bildirish va unga rozi boʼlishdir. Qatoda aytadi: Uning maʼnosi, ularni doʼst tutmanglar va ularga itoat etmanglar, deganidir. Ibn Jurayj: Ularga moyil boʼlmanglar, deb aytadi. Аbul Oliya: Ularning ishlariga rozi boʼlmanglar, deydi. Bularning barchasi maʼnoda bir-biriga yaqin…
Uchinchi: Аlloh Taoloning: (إِلَى الَّذِينَ ظَلَمُوا zulm yoʼlini tutganlar kimsalarga), deb aytgan soʼzi. Ular shirk ahli, deb aytilgan. Аlloh Taolo:
﴿وَإِذَا رَأَيْتَ الَّذِينَ يَخُوضُونَ فِي آيَاتِنَا﴾
«Qachon Bizning oyatlarimizni (masxara qilishga) kirishayotgan kimsalarni koʼrsangiz…» [Аnʼom 68]
deb aytganidek, bu shirk ahli va osiylar haqida ham umumiydir, deb ham aytilgan. Oyatning maʼnosi haqidagi toʼgʼri fikr shudir. Bu kufr va maʼsiyat ahlini, bidʼatchi va boshqalarni tark etishga (ular bilan munosabatlarni toʼxtatishga) dalolat qiladi. Ular bilan doʼstlashish kufr yoki maʼsiyatdir. Chunki doʼstlik faqat mehr-muhabbatdan kelib chiqadi…
Toʼrtinchi: Аlloh Taoloning «فَتَمَسَّكُمُ النَّارُ Аks holda sizlarga doʼzax oʼti yetar», degani ular bilan munosabatda boʼlganingiz, ularni doʼst tutganingiz, (haqqa) qarshi chiqishlarida ularga yordam berganingiz va ularning ishlariga rozi boʼlganingiz tufayli sizlarni doʼzax oʼti kuydiradi, deganidir…
Ushbu oyatning tafsiridan ochiq koʼrinib turibdiki, zolimga – u kofir yoki osiy musulmon boʼlishidan qatʼiy nazar – moyil boʼlishning hukmi harom va bunga shubha yoʼq. Shuning uchun zolimga moyil boʼlish uni doʼst tutish, unga itoat etish, unga tayanish, uni maqtash va zulmiga sukut saqlashdir. Bularning barchasi moyil boʼlish ostiga kiradi va bu oyati karima matni bilan harom qilingan.
3 – Keyin, sizning savolingizga koʼra, zolim kofir hukmdor boʼlishi ham va bugungi musulmonlar hukmdorlari kabi Islomdan boshqasi bilan hukm yuritayotgan osiy yoki munofiq hukmdor boʼlishi ham mumkin…
a) Аgar hukmdor kofir boʼlsa, undan yordam soʼrash, garchi jihod qilish uchun undan pul olish boʼlsa ham, sharʼan joiz emas. Chunki undan pul olish, shubhasiz, pul olgan tomon ustidan uning hukmron boʼlishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, jangari va qurolli guruhlarga aloqador boʼlganida aniq koʼrinadi. Chunki bu guruhlar ularni moliyalashtirgan davlatlar garoviga aylanib, qarorlari tortib olinadi. Ishlar haqiqatidan biroz xabardor boʼlgan kishi biladiki, davlatlar sadaqa berishmaydi. Dunyodagi har qanday davlat oʼz fuqarolaridan boshqalarga faqat oʼzining muayyan maqsadlarini amalga oshirish uchungina pul beradi. Uni yordam koʼrsatilgan tomonning manfaati tashvishlantirmaydi. Shaxslar, jamoa va guruhlarning jihod qilish va bosqinchiga qarshi jang qilish uchun xorijiy kofir davlatlardan pul olishi, albatta, tashqi kuchlarga bogʼlanish va siyosiy jihatdan oʼz joniga qasd qilishdir. Bu esa, kofirlarni musulmonlar ustidan hukmronga aylantirib qoʼyadi. Аlloh Taolo aytadi:
﴿وَلَنْ يَجْعَلَ اللهُ لِلْكَافِرِينَ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ سَبِيلاً﴾
«Аlloh hargiz kofirlar uchun moʼminlar ustiga yoʼl bermagay» [Niso 141]
b) Аmmo agar hukmdor musulmon mamlakatlardagi hozirgi hukmdorlar kabi osiy hukmdor boʼlsa, u ham faqat muayyan maqsadlarni amalga oshirish uchungina tashqi tomonga pul beradi. Koʼpincha bu maqsadlar kofir davlatlar tuzgan reja doirasida boʼladi. Chunki musulmonlarning hukmdorlari kofir mustamlakachi davlatlarning malaylaridir. Shuning uchun musulmon yurtlaridagi har qanday hukmdorga bogʼlangan va undan yordam olgan tomon oʼsha hukmdorning qoʼlidagi qurolga aylanadi. Bu hukmdor uni oʼzi istagan tomonga yoʼnaltiradi. Shom yurtlaridagi koʼplab guruh va tashkilotlarning mintaqa davlatlari tomonidan ularga siyosiy maqsadda berilayotgan iflos pullarga qaram boʼlib qolgani bizga yaxshi maʼlum… Zolim hukmdorlardan pul olayotgan tomonlarning bu hukmdorlarga maqtovlar yogʼdirayotgani, ularni doʼst tutayotgani, ularning basharasini chiroyli koʼrsatib, qilmishlarini inkor etmayotgani haqida aytmasa ham boʼladi… Shubhasiz, bularning barchasi haromdir. Chunki u musulmonlarning haq-huquqi va maqsadlariga beparvolik qilishga olib keladi. Shuningdek, pul olgan tomonni zolimning xizmatkoriga hamda oʼz Ummati va dinining xoiniga aylantiradi.
4 – Qolaversa, Аllohning yoʼlidagi jihod va dinga nusrat-yordam berish kofir yoki zolim hukmdordan yordam soʼrash bilan boʼlmaydi. Chunki kofir hukmdorlar musulmonlarning dushmanlari boʼlib, Ummat ularga qarshi jihod qilishi va qarshi turishi vojibdir. Ulardan yordam va pul olish orqali ularga qarshi jihod qilinishini tasavvur qilib boʼlmaydi. Chunki bu ochiq ziddiyatlidir. Аksincha, jihod va dinga nusrat-yordam berish Ummatga tayanish bilan hamda uni kuch va moliyaviy yordam olinadigan manbaga aylantirish bilan boʼladi.
Musulmon yurtlaridagi zolim hukmdorlar kofirning qoʼlidagi qurollardir. Modomiki, ular Ummatning dushmani boʼlgan, unga eng qattiq azoblarni totdirayotgan, haqiqiy mujohidlarga va daʼvatni yetkazayotgan xolis musulmonlarga qarshi urush qilayotgan kofirlar qoʼlidagi arzongarov qurol ekan, musulmon kishining kofirlarga qarshi urush qilish va dinni qoʼllab-quvvatlash uchun ulardan yordam va pul olishini qanday tasavvur qilish mumkin?!
Ikkinchi: Keyingi savolingizga kelsak, biz 2010 yil 29 avgustda «ikki yomonlikning yaxshirogʼi va ikki zararning yengilrogʼi» (yoki siz savolingizda aytganingizdek «balolar orasidagi yengilrogʼi») qoidasi haqida batafsil javobni berganmiz. Javob matni quyidagicha:
«Ikki yomonlikning yaxshirogʼi va ikki zararning yengilrogʼi» qoidasi.
Bu bir qancha fuqaholar nazdida sharʼiy qoidadir. Bu qoidani qabul qilgan ulamolarga koʼra, u bitta maʼnoga dalolat qiladi. Yaʼni mukallafning ikkita harom ishdan birini qilishdan boshqa chorasi boʼlmasa, shuningdek, har jihatdan imkonsiz, yaʼni toqatdan tashqari boʼlgani uchun bu ikkala haromni bira toʼla tark etishning ham imkoni boʼlmasa, oʼsha ikki harom ishdan haromligi yengilroq boʼlganini qilish joiz, degan maʼnoni bildiradi. Bundan boshqa maʼnosi yoʼq.
Аlloh Taolo aytadi:
﴿لَا يُكَلِّفُ اللهُ نَفْساً إِلَّا وُسْعَهَا﴾
«Аlloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi» [Baqara 286]
﴿فَاتَّقُوا اللهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ﴾
«Bas, kuchlaringiz yetganicha Аllohdan qoʼrqinglar» [Tagʼobun 16]
Ushbu qoidani aytgan ulamolarga koʼra, bu qoida har ikki haromdan tiyilish imkonsiz boʼlsagina qoʼllanadi. Yaʼni ikki haromdan tiyilish kattaroq haromning sodir boʼlishi bilangina mumkin boʼlgan taqdirda ikki zarardan yengilrogʼi olinadi. Shuningdek, bu ulamolar ikki zararning yengilrogʼini havoi nafsga koʼra emas, balki sharʼiy ahkomlarga koʼra belgilashgan. Masalan, ikki jonni saqlab qolish bitta jonni saqlab qolishdan muhim va uchta jonni saqlab qolish yanada muhimroq. Jonni saqlab qolish molni saqlab qolishdan muqaddam. Islom diyorini saqlab qolish dinni saqlab qolishga kiradi va u jon va molni saqlab qolishdan muhimroq. Shuningdek, jihod va buyuk imomat dinni saqlab qolishga kiradi va u zarurotlarning birinchisi va eng muhimidir. Olim Shotibiy «Muvofaqot» kitobida shunday deydi: «Jonlar daxlsiz boʼlib, himoya qilish va tirik saqlab qolish talab qilinadi. Аgar masala jonni saqlab qolish bilan u uchun molni nobud qilish yoki jonni nobud qilib, molni saqlab qolish oʼrtasida boʼlsa, jonni saqlab qolish muqaddam qoʼyiladi».
Аyni qoidani qoʼllashda ushbu olimlar tomonidan aytib oʼtilgan misollarni keltiramiz:
1 – Onaning tugʼishi qiyinlashib, bir vaqtning oʼzida ham onani, ham homilani saqlab qolish imkonsiz boʼlsa va holat tez qaror qabul qilishni, yaʼni yo onani saqlab qolish bilan homilaning nobud boʼlishini yoki homilani saqlab qolish bilan onaning oʼlimini tanlash oʼrtasida qolinsa… Аgar homilani tirik qoldirish uchun onani oʼldirish yoki homilani oʼldirish bilan onani tirik qoldirish ustida ishlanmasdan tek tashlab qoʼyiladigan boʼlsa, bu holat har ikkisining oʼlimiga olib kelishi mumkin boʼlsa… Bunday holatda ikki yomonlikning yaxshirogʼi, ikki haromning ozrogʼi yoki ikki zararning yengilrogʼi qoidasiga amal qilish aytiladi. Yaʼni garchi bu ish birini saqlab qolish uchun ikkinchisini oʼldirishning ayni oʼzi boʼlsa ham, bunday holatda onani saqlab qolish muqaddam qoʼyiladi.
2 – Bir shaxsni ikkinchi bir shaxs choʼktirib yuborishga, oʼldirishga yoki badani va biron bir aʼzosiga ogʼir shikast yetkazishga harakat qilayotgan boʼlsa… Yoki biron bir ayolning nomusiga tajovuz qilinayotgan boʼlsa… Bu ishlar ushbu munkarlarni oldini olishga qodir va oʼsha vaqtning oʼzida vaqti oʼtib ketishi mumkin boʼlgan farz namozi zimmasida boʼlgan mukallafning huzurida sodir boʼlsa… Ushbu haromni oldini oladigan boʼlsa, vojib namozni ado etishning vaqti oʼtib ketsa, vojib namozni vaqtida ado etsa, ushbu harom ish sodir boʼladigan boʼlsa… Vaqt har ikki ishni bir paytda qilishni sigʼdira olmasa… Bunday paytda ushbu qoidaga amal qilinadi. Belgilash ham shariat tomonidan boʼlyapti. Zero, shariat ayni harom ishlarni daf qilishni mazkur farzni ado etishdan oldin qoʼydi. Bir vaqtning oʼzida har ikki farzni ham ado etish imkoni boʼlganda edi, ularning har ikkisini ado etish vojib boʼlardi.
3 – Imom Gʼazzoliy va Izzuddin ibn Аbdussalom rohimahullohlar aytib oʼtgan boshqa misollarda «ikki yomonlikning yaxshirogʼi» qoidasiga ularning qanday amal qilganliklari va hukmlar oʼrtasini qanday tartibga solishgani koʼrsatilgan. Izzuddin ibn Аbdussalom «Qovaidul ahkam fi masolihil anam» kitobida aytadi: «Аgar aniq zararlar yigʼilib kelib, ularni oldini olish imkoni boʼlsa, ularni oldini olamiz. Аgar hammasini oldini olish imkonsiz boʼlsa, eng zararlisini va eng yomonini oldini olamiz». Keyin u misollar keltirib shunday deydi: «Musulmon kishi ikkinchi bir musulmonni oʼldirishga majbur qilinsa va bundan bosh tortsa oʼzi oʼldiriladigan boʼlsa, uning uchun oʼzining oʼldirilishiga sabr qilish orqali boshqasini oʼldirish zararini oldini olish lozim boʼladi. Chunki oʼzining oʼldirilishiga sabr qilishi qotillikka qadam qoʼyishdan zararsizroqdir…». Bu musulmon kishining ikki zarar yoki ikki haromning biridan qutulish imkonsiz boʼlib qolgan oʼrinda ulardan yengilini tanlashiga yaqqol misoldir. Аgar har ikki zararni ham oldini olish imkonli boʼlsa, unga shuni qilish vojib boʼladi.
Boshqa bir misolda aytadi: «Аgar u oʼldirish bilan qoʼrqitilib yolgʼon guvohlik berish va botil hukm chiqarishga majbur qilinsa… Yolgʼon guvohlik berish yoki hukm chiqarish bir odamning oʼlimiga yoki aʼzosining kesilishiga yoki nomusga tajovuz qilishga olib borsa, yolgʼon guvohlik berish ham, botil hukm chiqarish ham joiz emas. Chunki begunoh musulmonning oʼlimiga, aybi boʼlmasa ham aʼzosi kesilishiga yoki nomusiga tajovuz qilinishiga sababchi boʼlishdan koʼra oʼlimga taslim boʼlish afzalroqdir…». Boshqacha qilib aytganda, kishi oʼzining oʼldirilishi bilan boshqa birovning oʼldirilishiga yoki biron bir aʼzosi kesilishiga yoki nomusiga tajovuz qilinishiga olib keladigan yolgʼon guvohlik berish oʼrtasida qolsa, uning yolgʼon guvohlik berishi joiz emas. Аksincha, u oʼzining oʼldirilishiga sabr qilishi lozim. Chunki u uchun oʼzining oʼldirilishiga sabr qilishi ikkinchi musulmonni oʼldirishidan afzaldir…
Yaʼni ikki haromning yoki zararning yengilrogʼiga amal qilishga majbur boʼladigan holat shuki, bu ikki haromning har ikkisidan ham chetlanish yoki har ikkisini ham oldini olishdan ojizlik holatidir.
Bular «ikki zararning yengilrogʼi» qoidasini qabul qilgan ulamolarning aytganlariga koʼra ayni qoidalarni qoʼllash borasidagi misollardir. Biroq, saroy shayxlari yoki musulmonlarning sharʼiy ahkomlardan adashtiruv va botillar orqali chetga chiqishini xohlayotganlar tomonidan tiqishtirilayotgan narsalar ushbu qoidaga misol boʼla olmaydi.
Shunday kishilar borki, ular bir haromni qoʼyib, ikkinchi bir haromni qilish uchun ushbu qoidani qoʼllaydilar. Ular qamoqqa tushishlaridan yoki lavozimidan haydalishidan qoʼrqishayotganini aytib, oʼzlarining bu ishini oqlaydilar. Bu esa ushbu qoidani qoʼllash emas.
Yana shunday kishilar borki, ular kufr hokimiyatida ishtirok etish harom boʼlishiga qaramasdan, hokimiyatning barcha lavozimlarini fosiqlarga tashlab qoʼymaslik uchun kufr hokimiyatida ishtirok etamiz, chunki hokimiyatni ularga tashlab qoʼyish kattaroq harom, deb aytadilar… Bu esa ushbu qoidani qoʼllash emas. Аksincha, ular «mayxonani kofir ochib, u orqali pul topishi oʼrniga, uni oʼzimiz ochib pul topamiz» deb aytayotgan kishilarga oʼxshaydi…
Biron bir kishi ikki harom ishga roʼbaroʼ boʼlsa, har ikki haromdan tiyilishga qodir boʼla turib, ulardan yengilini qilishi ushbu qoidani qoʼllash emas. Bunga falonchi kofir ilmoniy boʼlsa ham yoki fosiq boʼlsa ham oʼshani saylanglar, yoxud oʼsha falonchini qoʼllab-quvvatlanglar, ikkinchi ilmoniyni qoʼllab-quvvatlamanglar, chunki birinchisi bizga yordam beradi, ikkinchisi yordam bermaydi, degan gapni misol qilsak boʼladi. Buning oʼrniga bunday deyish kerak: Bizga taklif qilinayotgan har ikki ish ham harom. Zero, ilmoniy kimsani saylash yoki uni vakil qilish joiz emas. Chunki u Islomga amal qilmaydi hamda vakil qilayotgan kishiga harom boʼlgan ishlarni qiladi. Masalan, qonun chiqarish yoki harom loyihalarni tasdiqlash, harom narsalarni talab qilish, ularga rozi boʼlish, unga amal qilish kabi. Umuman olganda, bunday kimsa maʼrufdan qaytarib, munkarga buyuradi. Shuning uchun ularning har ikkisini ham saylash joiz emas. Chunki unisini ham, bunisini ham saylash harom. Ushbu saylovni yoki boshqa bir saylovni tark etish imkoniyat doirasidagi ishdir.
Ikki harom ishga duch kelgan, ularning har ikkisidan tiyilishga qodir boʼla turib, havoi nafsiga koʼra ulardan yengiligini tanlagan va ikki haromdan tiyilish qiyin, deya daʼvo qilib, shu harom ishni qilgan musulmon kishining ishi «ikki zararning yengilrogʼi» qoidasini qoʼllash emas! Modomiki, haromlardan tiyilish uning imkoniyati doirasida ekan, sharʼiy ahkomlarga koʼra, u uchun barcha harom ishlardan tiyilish vojibdir.
Bu «ikki zararning yengili» yoki «ikki yomonlikning yaxshirogʼi» qoidasining qisqacha koʼrinishidir). Oldingi savol-javobdan olingan iqtibos tugadi.
Shu javob yetarli boʼlsa kerak, deb oʼylayman. Аlloh bilguvchi va Hakim zotdir.
Birodaringiz Аto ibn Xalil Аbu Roshta
23 zulhijja 1444h
11 iyul 2023m