Bugungi xalqaro vaziyat buyuk davlatlar o‘rtasidagi kurashlar natijasidir!
Shu kunlarda AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79 sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. BMT Bosh Assambleyasi – Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maslahatchi va vakillik organi hisoblanadi. U BMTning barcha 193 a’zosini o‘z ichiga oladi. Bosh Assambleya sessiyasida turli sohalardagi xalqaro masalalar muhokama qilinadi va sessiya yiliga bir marta o‘tkaziladi. Bosh Assambleya rezolyutsiya qabul qilishi mumkin. Unda har bir davlat bitta ovozga ega. Rezolyutsiya qabul qilinishi uchun sessiyadagi davlatlarning uchdan ikki qismi “ha” deb ovoz berishi yetarli bo‘ladi. Biroq, Xavfsizlik Kengashidan farqli o‘laroq, Bosh Assambleya rezolyutsiyalari majburiy emas, faqat tavsiya xarakteriga ega.
Boshqa davlatlarning rahbarlari singari Sadir Japarov ham BMT Bosh Assambleyasining 79 sessiyasida nutq so‘zladi. U o‘z nutqida asosan ikkita xalqaro muammoga to‘xtalib o‘tdi. Birinchisi, qurollanishga sarflanayotgan mablag‘larning tobora ortib borayotgani va to‘qnashuvlarning odamlarga halokatli ta’siri. U bu haqida shunday dedi: “Yetakchi davlatlar qurolli kuchlarni tuzish va rivojlantirish, arsenallarni kengaytirish va qirg‘in qurollarining yangi turlarini yaratishga katta mablag‘ sarflamoqda”. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurol-yaroqqa sarflanayotgan mablag‘lar va mojarolar ko‘plab mamlakatlarga halokatli ta’sir ko‘rsatib, qashshoqlik va beqarorlikni yana-da kuchaytirmoqda.
Ikkinchisi, kambag‘al mamlakatlarga samarali yordam ko‘rsatilmayotganligi. Japarov bu haqida bunday dedi: “Dunyo yetakchilari o‘nlab yillar davomida qashshoqlikni yo‘q qilish zarurligi haqida gapirib keladi, biroq buning uchun o‘zlarida iroda yetarli emas”. U bu muammolarni hal qilish uchun qurollanishga sarflanayotgan mablag‘larni xalq taraqqiyotiga yo‘naltirish kerakligini aytib, boy davlatlar kambag‘al davlatlarga yordam berishi va o‘zaro hamkorlik qilish zarurligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda xalqaro maydonda beqarorlik hukm surayotgani rost. Biroq, avvalambor butun dunyoda sodir bo‘layotgan bu to‘qnashuvlar, qirg‘inlar, ocharchiliklar, qochqinlar, beqarorliklarning asl sababini aniqlash kerak. Keyin esa, ushbu sababni bartaraf etishga harakat qilish zarur. Sababni aniqlamasdan harakat qilish hech qanday natijaga olib bormaydi.
Hozirgi qarama-qarshiliklarga chuqurroq nazar tashlasak, har bir mojaro yoki urush ortida katta davlatlar turganini ko‘ramiz. Dunyodagi mojarolarning hech biri ularning ishtirokisiz sodir bo‘lmaydi. Ba’zan yirik davlatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri mojarolarni o‘zlari boshlaydi. Iroq va Afg‘onistonda bo‘lgani kabi. Gohida esa ular mojarolarni malaylari orqali boshlaydilar va o‘zlari ularni parda ortidan boshqarib turishadi. Buning sababi yirik davlatlar boshqa davlatlarning boyliklari va resurslarini talon-taroj qilishni ko‘zlaydi. Bu mamlakatlar yirik davlatlarni xomashyo bilan ta’minlovchilarga va mustamlakachilarning mahsulotlarini iste’mol qiluvchi bozorlarga aylanishgan. Shuning uchun yirik davlatlarning manfaatlari to‘qnashgan joyda kurash kelib chiqishi aniq. Katta davlatlar o‘z malaylarini ishga solib, parda ortida o‘zaro kurash olib borishadi. Ular uchun odamlarning halok bo‘lishi yoki mamlakatlar vayron bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Ya’ni, katta davlatlar uchinchi dunyo resurslarini talon-taroj qilish va nufuzini o‘tkazish uchun bir-biri bilan kurash olib boradi. Ular o‘rtasidagi bunday nufuz talashish natijasida odamlar qirg‘in qilinib, qochqinlik va ochlik muammolariga duch kelishadi.
Binobarin, bugungi xalqaro maydonda yuz berayotgan mojarolar, ocharchiliklar va beqarorliklar yirik davlatlarning o‘zaro kurashlari natijasidir. Ular moddiy manfaat uchun kurashda hech narsani ayab o‘tirishmaydi. Bunga birinchi va ikkinchi jahon urushlarini misol qilib keltirish mumkin. Ular dunyoni bo‘lib olish uchun bir-birlari bilan kurash olib borishdi. Ularning kurashi insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushga olib keldi, natijada millionlab odamlar halok bo‘ldi va o‘lkalar vayron bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin buyuk davlatlar o‘zlarining “xo‘jayinlik” maqomini saqlab qolish va mustamlakachilik siyosatini davom ettirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzdilar. Bu tashkilot o‘sha mustamlakachi davlatlarga, xususan AQSHga xizmat qilib kelmoqda. Shuning uchun takabburlikni to‘xtatib, BMTning asl mohiyatini tushunish juda muhimdir. Chunki BMTning har qanday loyihalari faqat mustamlakachilar foydasiga yo‘l ochadi. Bu ochko‘z mustamlakachi davlatlar mavjud ekan, dunyoda adolat va tinchlik bo‘lishi mumkin emas. Chunki, ular mineral resurslarini talon-taroj qilish, manfaatlar va nufuz talashish yo‘lida kurashni hech qachon to‘xtatmaydilar.
Shuning uchun musulmonlar muammoning yechimini hozirgi kapitalistik tuzumdan emas, balki Islomdan topishga harakat qilishlari kerak. Buning uchun ustimizdagi zolimlar va mustamlakachilarga qarshi kurashish lozim. Bu kurash Islomga qaytish va Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Roshid Xalifalik davlatini tiklash bilan amalga oshadi. Zero, Xalifalik faqat musulmonlarni emas, butun dunyoni mustamlakachilar zulmidan qutqarishga qodirdir.
Horun Abdulhak