Erondagi xalq noroziliklari haqida mulohaza

133
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Erondagi xalq noroziliklari haqida mulohaza

Ustoz Abdulloh Ali

2022 yil 16 sentyabrda kurd qiz Mahsa Aminiyning axloq politsiyasi qo‘lida o‘lim topishi ortidan Eronda boshlangan norozilik namoyishlari xarakteri Eron rejimining bu namoyishlarga bo‘lgan munosabatida sarosimaga tushib qolganini ko‘rsatdi. Namoyishlar xarakteri rejim tuzilmasi, uning bunday namoyishlarga qarshi kurashishdagi xatti-harakatlari, shuningdek, o‘nlab yillik boshqaruvi davomida erishgan natijalar bilan bog‘liq bir nechta belgilarni namoyon etdi. Namoyishlarning Erondagi ichki vaziyatga, regional va islomiy muhitga, shuningdek, G‘arb davlatlari, xususan, Amerika bilan munosabatlari tabiatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi ham ko‘rindi. Eron xalqqa yon berib, rejimni imkon qadar isloh qilish orqali namoyishlar sur’atini bosa oladimi? Yoki namoyishchilarni xoinga chiqarishda va ularning talablarini mensimaslikda mustabid rejimlar izidan boradimi? Yoki o‘zining mustabidligini va odamlarni qirg‘in qilishini oqlash hamda o‘zi da’vo qilganidek, vatanni tashqi til biriktiruvlardan saqlash uchun namoyishchilarni zo‘ravonlikka va qurolli isyonlarga tortadimi?
Xalq va rejim o‘rtasida yuz bergan chalkashlik, bo‘linish, umid va ishonchning yo‘qolishi fonida Eron rejimining o‘nlab yillik boshqaruvi davomidagi eng ko‘zga ko‘ringan nuqtalariga to‘xtalib o‘tamiz. Shuningdek, butun Eron xalqi bilan hukmron rejim, uning xavfsizlik xizmatlari va ulardan manfaatdor bo‘lganlar o‘rtasida yuzaga kelgan ulkan jarlikning sabab va omillariga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.
Avvalo shuni ta’kidlamoq lozimki, Viloyati Faqih hukumati va uning xavfsizlik xizmatining namoyishchilarga qarshi o‘ldirish, kuch ishlatish va qamash harakatini ilgari shoh rejimi ham Xumayniy tarafdorlariga qarshi osongina sodir etsa bo‘lar edi. O‘shanda shoh oldida ikki tanlov bo‘lgan: yo o‘ziga tobe armiya qo‘mondonligi yordamida Xumayniy tarafdorlariga temir qo‘llar bilan zarba berish yoki o‘sha paytda Musaddiq hukumatining ichki ishlar vaziri bo‘lgan Sadiqiy raisligida o‘tish davri hukumatini tashkil qilish. Ammo bu tanlovlarning ikkisi ham Amerika tomonidan ma’qullanmagan. Amerika shohga hokimiyatni topshirish va yurtni armiyadagi Xumayniyga sodiq ofitserlarga topshirib Erondan Amerikaga chiqib ketishni buyurgan. Bu ish AQSHning Tehrondagi elchixonasi, prezident Karter ma’muriyati va Markaziy Razvedkasining Xumayniy va uning hokimiyatdagi odamlari bilan tuzgan kelishuvi va rejasidan boshqa narsa bo‘lmagan.
O‘sha AQSH-Eron kelishuvi va rejasini o‘nlab yillar hukm surgan mullalar rejimi davom ettirib, bugungi norozilik namoyishlari bo‘layotgan kungacha saqlab keldi. Eron rejimida hech qachon xavfsizlik buzilgan bir vaziyat bo‘lgan emas, mabodo bo‘lganda ham zudlik bilan AQSH ma’muriyatidan biror rasmiy chiqib, mullalar rejimini ochiq qo‘llab-quvvatlar edi hamda AQSH ma’muriyati Eronda rejim o‘zgartirishga harakat qilmaydi, balki uning xatti-harakatini o‘zgartirishni istaydi, xolos, derdi… Xuddi bugungi kunda Suriyada rejim o‘z xatti-harakatini o‘zgartirishi kerak, deya tinimsiz aytib kelishayotgani kabi.
Shu o‘rinda Amerikaning hozirgi mavjud rejimlarning xatti-harakatini o‘zgartirish to‘g‘risidagi gapi jiddiymi, degan savol tug‘ilmoqda?! Chunki mavjud rejimlarning har biri paydo bo‘lgan kundan buyon xavfsizlik xizmati va razvedka himoyasida turibdi, o‘zining mavjud bo‘lib turishida faqat zo‘ravonlik, terror, repressiya, hatto tinchlik holatida ham qirg‘inga tayanyapti, odamlarning unga qarshi qo‘zg‘algan va ag‘darilishini talab qilgan paytidaku qirg‘inlarni sodir etishini aytmasa ham bo‘ladi. Shunday bo‘lgach, Amerika boshchiligidagi G‘arb davlatlarining manfaati va ularning tashqi siyosatlari haqiqatda ham mana shu rejimlar va hukmdorlar orqali amalga oshiriladigan bo‘lib qolgan ekan, mazkur savolga javob tayin.
Erondagi norozilik namoyishlaridagi qonli manzaraning ham yig‘latuvchi, ham kuldiruvchi jihati oliy rahnamo Ali Xomanaiyning namoyishga oid birinchi ommaviy izohi bo‘ldi. Uning izohlashicha, hukumatga qarshi bu «to‘polon»lar ortidan Eronning ashaddiy dushmanlari bo‘lmish Amerika bilan yahudiylar va ularning ittifoqchilari turgan emish. Bilmay qoldik, bu Xomanaiy rejimi Amerika bilan ittifoqchilik qilib, unga Iroq va Afg‘onistonni bosib olishida va u yerdagi millionlab musulmonlarni qirg‘in qilishida yordam ko‘rsatmadimi?! Yoki bu rejim Suriyada qonxo‘r rejimni mudofaa qilib, Amerikaga ko‘rsatgan xizmatlarini, shuningdek, shomlik musulmonlarga qarshi vahshiy jinoyatlar, qatli omlar va shaharlarini xonavayron qilish kabi jinoyatlarini «muqaddas jihod» va «Quddus ozodligiga olib boruvchi yo‘l», deb tasdiqlashimizni xohlayaptimi?! Ilgari «Eron-kontrass», degan sharmandagarchilik bo‘lib o‘tgandi… Unda Eron Saddam Husayn rejimiga qarshi urushda Amerikaning roziligi bilan yahudiy vujudidan va boshqa davlatlardan yordam sifatida qurol-aslaha va harbiy texnika olgan! Bundan tashqari, Armanistonning qo‘shni musulmon shia bo‘lmish Ozarbayjonga qarshi butun urushi davomida nasroniy Armanistonning tarafida turgan ham shu Eron bo‘ladi!
Xumayniy Shoh boshqaruvini ag‘darib, xarobalari uzra qurgan bugungi hukmron rejim strukturasiga qaytadigan bo‘lsak, barcha krizislarni yaratuvchi shu rejim ekanini topamiz… Vaholanki, uning konstitutsiyasi turli etnik elatlarning farqini va haq-huquqlarini e’tirof etishiga qaramay, bu rejimning o‘zini pragmatik millatchi mazhabparastligi hech kimga sir emas.
Eronda (islomiy) nizomni barpo etishga bo‘lgan da’vatning kelib chiqishi «isna ash’ariyya» (o‘n ikki imom) mazhabidagi «kimdir kutilayotgan ma’sum imomning vakili bo‘lishi kerak» degan g‘oyaga asoslanadi. Nususlarga zid bo‘lgani uchun shia marjaat taqlidlarning bir qanchasi bu g‘oyaga qarshi. Shunga qaramay – ayni g‘oyaga ko‘ra – hukm chiqarish va ularni ijro etish hijratning 260 yilidan beri kutilayotgan yashiringan ma’sum imomning vakolati qilib belgilangan. Shu bilan birga, bu g‘oya Islom Ummatining barcha mazhablarini ifodalash nuqtai nazaridan universallik xarakteriga ega emas. Aksincha, u isna ash’ariyya yoki ja’fariyya mazhabiga cheklangan. Qat’iy aytish mumkinki, Eronning butun siyosati yashiringan imomning chiqishiga zamin tayyorlash hamda fors millatchiligi va uning madaniyatini – garchi bu madaniyat majusiylik qoldiqlaridan bo‘lib, Islom qadriyatlari va aqidasiga zid bo‘lsa ham – mustahkamlash g‘oyasiga asoslanadi.
Ayni shu narsa butun Islom Ummati, xususan, Islom Ummatining ko‘pchiligini tashkil etgan sunniylar bilan to‘qnashuv nuqtasi bo‘ldi. Shuning uchun bu rejim butun sunniylar va bir qator marjaat taqlidlar tarafdorlari tomonidan deyarli qabul qilinmadi. Ma’lumki, bu rejim paydo bo‘lib, boshqaruv shakli va konstitutsiya e’lon qilinganidayoq, uning o‘z muxoliflariga qo‘llagan uslubi rad etildi. Xumayniy Eron xalqiga hamda shoh davlatining milliy siyosiy chegaralari va islomiy so‘zlar bilan bezatilgan bayrog‘iga xos bo‘lgan shia mazhabiga asoslangan respublika nizomini taqdim etar ekan, uning qarashlari tushunarsiz bo‘ldi. Keyin u bu nizomni Islom Ummatini qamrab oluvchi islomiy nizom degan e’tiborda, musulmon yurtlarida umumlashtirmoqchi bo‘ldi. Shuning o‘zi kaltabinlik, Islomni to‘g‘ri tushunmaslik hamda Islom Ummatini bitta boshqaruv, bitta konstitutsiya va yagona bayroq ostida birlashtiruvchi loyihani anglamaslikdir.
Xumayniy va Xomanaiyning arab hukmdorlari va mehmonlari bilan, hatto u yerdan kelgan diniy peshvolar bilan arab tilida gapirishni istamaganliklari ularning qanchalik millatchilik xarakteriga ega bo‘lganligini ko‘rsatadi. Vaholanki, ikkalasi ham arab tilini shu darajada yaxshi bilishganki, masalan bir videolavhaga ko‘ra, Xomanaiy arab mashoyixlari va rahbarlari bilan o‘tirganda katta oyatulloh qasd qilgan narsani tarjimon tushuntirib bera olmaydi yoki tarjima qilishni unutadi, ana shunda Xomanaiy tarjimonni arab tili bilan to‘g‘rilaydi.
O‘zini ibrat, deb bilgan va inqilobga mutasaddilik qilmoqchi bo‘lgan bir shaxsda mana shunday jirkanch millatchilik xarakteri bo‘lishi Eron rejimining ayrim ko‘rinmas-yashirin tomonlarini fosh qilmoqda. Bu hukmron sinf bilan davlatning rasmiy doiralaridagi boshqa toifalar, mazhablar va irqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik tomonlaridir. Masalan, Eron tadqiqotlari xalqaro institutlari tomonidan chop etilgan hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi yuqori lavozimlarning 78 foizini fors millatchilari monopoliya qilib olishgan.
Bu albatta, davlatning qolgan funksiyalari va ulardagi mavjud fors millatchiligiga xos imtiyozlarga ham taalluqli. Agar ish shu chegarada to‘xtaganda edi, boshqa etnik elitalarning munosabati rejim duchor bo‘lgan har bir krizisda biz guvoh bo‘lganimizdan kamroq bo‘lgan bo‘lur edi. Biroq, so‘nggi o‘n yillikda boshqa millat va mazhablarga qarshi shu darajada ko‘p kamsituvchi siyosatlar va ularning o‘zligini yo‘qotishga urinishlar sodir bo‘ldiki, bu bir necha marta Eron rejimiga qarshi ko‘tarilishlar, uni ag‘darib qutulish talablari, hech bo‘lmaganda o‘zligini qayta o‘rnatish talablari kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
So‘nggi norozilik namoyishlariga nisbatan ta’kidlash kerak bo‘lgan yana bir masala bor, u ham bo‘lsa ilmoniylik yo‘nalishidagi kimsalar tomonidan bo‘layotgan quturgan hujumlardir. Gap shundaki, bu kimsalar namoyishchilarni go‘yo G‘arbning erkinliklari va ilmoniy tushunchalarini talab qilayotgandek tasvirlashyapti hamda Eron rejimining xatti-harakatlarini, jinoyatlarini, boshqaruv va rahnamolikdagi muvaffaqiyatsizligini Islom bilan bog‘lashyapti. Shuning uchun biz hijobni yechib, yoqib yuborishlar, Qur’onni yoqishlar kabi muslima ayollarning buzilishiga xizmat qiluvchi dinga zid ishlarga hamdardlik bildirish va ularni qo‘llab-quvvatlash hollarini guvohi bo‘ldik. Bu kabi reaksiyalar Eron rejimi uchun tayyor hujjat bo‘lib qoldi, o‘zining odamlarni repressiya qilishini va ularni Islom va musulmonlarning dushmani deb hisoblashini shu orqali oqlayapti, odamlarni o‘zining korrupsiyasi, muvaffaqiyatsizligidan chalg‘ityapti va norozilik namoyishchilarini G‘arb manfaatiga xizmat qiluvchi vahshiylik, deb atayapti.
Tarix, voqelik va haqiqatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qirq yildan ziyod mullalar boshqaruvidan keyin davlat ichkarisidagi ishlarni boshqarishga oid juda ko‘p masalalarda Eron rejimining omadi chopmadi… Ichkarida ham, xorijda ham musulmonlar birligini bir necha darajada buzdi… G‘arbning, asosan Amerikaning islomiy yurtlardagi manfaatlarini bajardi va hamon shunday ishlarni qilishda davom etmoqda. Binobarin, boshqa Sayks-Piko davlatlaridan hech istisnosiz, Eron o‘z hokimiyatini qayta qo‘lga olish, safini birlashtirish, mustamlakachilikdan, fikrlaridan, malaylaridan, boyliklarini talon-toroj qilishidan qutulish kabi Ummatning intilishlari oldida to‘sib bo‘lib turibdi.
Roya gazetasining 2022 yil 2 noyabr chorshanba kungi 415-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.