Xitoy granti hisobidan Bishkekda 70 kilometr yoʼl qurildi

176
0

Xitoy granti hisobidan Bishkekda 70 kilometr yoʼl qurildi

Xabar: Jogorku Kenesh tarmoq qoʼmitasi yigʼilishida Bishkek meriyasining Transport departamenti rahbari Maksat Nusubalievning maʼlum qilishicha, Xitoy granti hisobidan Bishkekda 70 kilometr yoʼl qurildi. Uning soʼzlariga koʼra, loyihaning ikkinchi bosqichi 30-oktyabrda yakunlanadi.
“Xitoy granti hisobidan amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Loyihaga muvofiq, joriy yilda 70 kilometr yoʼl qurilmoqda va bu ishlar 30-oktyabrgacha yakunlanadi. Kelgusi yildan boshlab uchinchi bosqichga oʼtamiz. Unda shaharda beshta xalqa yoʼl quramiz. Hozirda mutaxassislarimiz Xitoy tomoni bilan kelishishmoqda. Ishlar mart oyida boshlanadi. Loyihaning umumiy qiymati bir milliard yuan boʼlgan va bu toʼliq grant. Bu yil qurilgan yoʼllarning 65 foizi yangi aholi punktlariga toʼgʼri keladi. Xitoy grantidan tashqari har yili shahar meriyasidan 500-600 million som ajratiladi, bunga har yili 30-40 kilometr yoʼl quriladi”, – dedi Nusubaliev.

Izoh: Xitoy tomonidan ajratiladigan kredit va grantlari bir xil sxemada rasmiylashtiriladi. Xitoy biror mamlakatda amalga oshirishni rejalashtirilgan loyiha uchun qarz ajratadigan boʼlsa, qarz ajratuvchi bank ham, uni amalga oshiradigan pudratchi ham Xitoy kompaniyasi boʼladi. Kompaniya loyihani uskunalar va ishchi kuchi bilan taʼminlaydi. Shu tariqa olingan qarzlar tasarrufi toʼligʼicha Xitoy nazorati ostida boʼladi va pullar aslida Xitoyda qoladi. Masalan, Bishkek IES uchun ham, “Datka-Kemin” EUL uchun ham Xitoyning “Eksimbank”i qarz ajratdi, pudratchi esa TBEA kompaniyasi boʼldi. Qarz olgan hukumat Xitoy kompaniyasi uskunalarni qanchaga sotib olayotganini, Xitoydan olib kelingan ishchilarga qancha maosh toʼlayotgani, ishning sifatini nazorat qila olmaydi. Natijada loyiha sifatsiz bajarilgani kamlik qilganidek yana davlat qarzdor ham boʼlib qolaveradi. Bishkek IESda rekonstruktsiya qilinganidan olti oy oʼtmay turib avariya sodir boʼlgani, odamlar qishning chillasida issiqliksiz qolgani bunga misol boʼla oladi.
Аyni shu sxema Bishkek yoʼllarini rekonstruktsiya qilish va yangilarini qurishda ham qoʼllanildi. Yoʼllarni qurish uchun Xitoydan 1 milliard yuan grant olingan boʼlsa, Xitoyning China Road and Bridge Corporation kompaniyasi “Bishkek shahrida yoʼllar tarmogʼini rivojlantirish” loyihasining ikkala bosqichini amalga oshirish boʼyicha tenderda gʼolib boʼldi va ishchi kuchi ham toʼligʼicha xitoyliklardan iborat boʼldi. Tabiiyki, qirgʼiz hukumati yoʼl sifati va sarflangan mablagʼ miqdorini nazorat qilish huquqiga ega emas. 2016-yili uch bosqichdan iborat “Bishkek shahrining koʼcha va yoʼl tarmogʼini rivojlantirish” loyihasi uchun qariyb 44 million dollarlik grant shartnomasi imzolanganligi haqida xabar berilgan edi. Bugunga kelib esa loyiha qiymati 1 milliard yuan (70 million 500 ming dollardan ziyod) ekanligi aytilmoqda. Demak, loyiha qiymati xuddi dastlab 850 million dollarga baholangan keyinchalik 937 million dollarga koʼtarilgan shimol-janub avtoyoʼli loyihasi kabi bu loyiha qiymati ham koʼtarilgan…

Аfsuski, agar yangi yoʼl qurish va taʼmirlash davlatning oʼz pullari hisobiga qurilganida xavotirga tushmaslik mumkin edi.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.