Ozarbayjon bilan Аrmaniston oʼrtasidagi soʼnggi toʼqnashuvlar

206
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Ozarbayjon bilan Аrmaniston oʼrtasidagi soʼnggi toʼqnashuvlar

Doktor Usmon Baxxosh

Maʼlumki, 2020 yil 27 sentyabrda bosqinchi Аrmaniston kuchlari bilan Ozarbayjon kuchlari oʼrtasida Togʼli Qorabogʼ viloyati ustida urush alanga olib, 44 kun davom etgan va 6500 kishi halok boʼlgan edi. Oʼshanda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya tashabbusi bilan «ikki davlat oʼrtasida Togʼli Qorabogʼdagi mojaroli zonada keng qamrovli oʼt ochishni toʼxtatish va barcha jangovar amaliyotlarga barham berish boʼyicha kelishuvga erishilganini», bu 2020 yil 10 noyabr dushanba kuni Moskva vaqti bilan yarim tunda kuchga kirishini maʼlum qilgan edi.
Аrmaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham oʼsha kuni «Men Togʼli Qorabogʼ urushini toʼxtatish boʼyicha Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari bilan deklaratsiya imzoladim», deya bayonot berib, bu qadamni «shaxsan men va xalqimiz uchun taʼriflab boʼlmas darajada alamli», deya sifatlagan edi.
Togʼli Qorabogʼ Ozarbayjon ichkarisida joylashgan togʼli mintaqa. 1991 yil Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʼng Yerevan tomonidan qoʼllab-quvvatlangan koʼpchilik armanlar bu hududning Ozarbayjondan ajrab chiqqanini eʼlon qilishgan… Oqibatda ikki tomon oʼrtasida birinchi urush boshlanib, unda 30 ming kishi halok boʼlgan. Shuningdek, arman kuchlari Togʼli Qorabogʼni hamda Ozarbayjon yerlarining 20 %iga teng keladigan Qorabogʼga qoʼshni boshqa yerlarni bosib olishi natijasida yuz minglab ozarlar koʼchirib yuborilgan.
2020 yil 10 noyabrdagi oʼt ochishni toʼxtatish shartnomasiga qaytadigan boʼlsak, uning bandlarida tinchlik saqlanishini kuzatib borish Rossiyaga berilgani, Rossiya buni yengil qurollar bilan taʼminlangan 1960 nafar askari yordamida – shartnomaning bajarilishini 5 yil davomida kuzatib borish uchun – amalga oshirishi aytilgan. Shartnomaning boshqa bandlarida Аrmanistonning Ozarbayjon yerlaridan oʼz kuchlarini olib chiqib ketishi ham taʼkidlangan. Shuningdek, arman aholisi quruqlik orqali Аrmaniston bilan aloqa oʼrnatishi uchun Togʼli Qorabogʼ bilan Аrmanistonni bogʼlaydigan quruqlik yoʼlagi hamda savdo harakati va tovarlar olib oʼtish ishlari Rossiya tomonidan kafolatlanishi aytilgan. Armaniston ham oʼz navbatida, Turkiya va Eron bilan chegaradosh Naxichevan viloyatiga Ozarbayjondan odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishi va oʼtishini kafolatlashga vaʼda bergan. (Xarita qarang).

Shunday qilib, 2020 yil noyabr oyida kelishuvga erishildi. U misoli vaqtinchalik sulh boʼlib, undan harbiy harakatlarni toʼxtatish hamda Togʼli Qorabogʼni oʼz suvereniteti ostida ushlab turgan Ozarbayjon bilan Аrmaniston oʼrtasidagi hal qilinmagan masalalarning yakuniy yechimini oʼz ichiga olgan yakuniy kelishuvga erishilguniga qadar vaqtdan yutish koʼzlangan. Аrmaniston Togʼli Qorabogʼda armanlar uchun kengaytirilgan muxtoriyatga olib keladigan va Qorabogʼ bilan Аrmaniston oʼrtasida erkin harakatlanishni taʼminlaydigan kafolatlarni qoʼlga kiritishni xohlayotgan boʼlsa, Ozarbayjon oʼzining Togʼli Qorabogʼ ustidagi suvereniteti Аrmaniston tomonidan tan olinishini hamda Ozarbayjon bilan Naxichevan oʼrtasida qatnov xavfsizligi taʼminlanishini istamoqda.
Rossiya Аrmaniston bilan mudofaa shartnomasiga ega boʼlsa-da, xalqaro qonun Ozarbayjonning Togʼli Qorabogʼ mintaqasidagi suverenitetini tan oladi. Shu sababli 2020 yil sentyabr urushi boshlangan paytda, janglar Ozarbayjon yerlarida boʼlib oʼtdi va Rossiyaning bu urushga aralashishiga hech qanday asos yoʼq edi. Keyin bu urush Turkiyaning kelishuv kafili sifatida aralashishiga eshiklarni lang ochib berdi. Oʼshanda, oʼt ochishni toʼxtatish kelishuviga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Аlievning iltimosiga binoan, Putin Erdoganga qoʼngʼiroq qilishi ortidan erishildi. Maʼlumki, Turkiya Ozarbayjon tomonida turib, uni qurol-yarogʼ bilan taʼminladi hamda Togʼli Qorabogʼ ustidan qayta oʼz suverenitetini tiklab olishi uchun bor imkoni bilan uni qoʼllab-quvvatladi. Shuningdek, Turkiya rasmiylari «Ikki yurtdagi bitta xalq» degan bayonotlari orqali Ozarbayjon bilan mustahkam aloqaga ega ekanliklarini taʼkidlab kelishgan. Ozarbayjonning ikki qanotini, yaʼni Naxichevan bilan ona yurtni bogʼlovchi quruqlik chizigʼini oʼrnatish toʼgʼrisidagi band asosida quruqlikdan oʼtish yoʼlagini ochishni Turkiya har doim istab kelgan va hamon istamoqda. Bu reja amalga oshgudek boʼlsa, u Turkiya bilan Markaziy Osiyodagi turk davlatlari oʼrtasini bogʼlovchi ulkan strategik ahamiyatga ega boʼladi. Shu bois, koʼpchilik kuzatuvchilar shartnomadagi Rossiya bilan Eronning nufuzini cheklaydigan bunday bandning amalga oshishiga shubha bilan qarab kelishmoqda va buning ajablanarli joyi yoʼq. Аslida, 2020 yildagi urush Rossiyaning Kavkazdagi nufuziga maʼlum darajada salbiy taʼsir qildi. Turkiya esa, ushbu mintaqada va u orqali Markaziy Osiyoda oʼz taʼsirini kengaytirib olish uchun maʼlum darajada oʼz nufuzini paydo qilishga erishdi. Bu Rossiyani ham, Eronni ham barobar bezovta qilmoqda.
2022 yil 13 sentyabr seshanba kuni yuz bergan soʼnggi toʼqnashuvlarni kim boshlaganligi hali aniq boʼlmasa-da, biroq u navbatdagi yanada dahshatli urush boshlanishi bilan tahdid qilmoqda. Darvoqe, unda ikki tomondan halok boʼlganlar 100 nafarga yetgan boʼlib, har ikki tomon ham javobgarlikni bir-biriga yuklashmoqda.
Baʼzi kuzatuvchilarga koʼra, Ozarbayjon Rossiyaning Ukraina urushi bilan bandligidan va Yevropaning Ozarbayjon gaziga ehtiyoji ortib borayotganidan foydalanib, ayniqsa, qish yaqinlashib kelayotgan bir paytda, Rossiya yetkazib bermaydigan gazning oʼrnini qoplashni rejalashtirmoqda. Shu orqali Аrmaniston bilan boʼlgan nizo yechimini paysalga solib, kechiktirish oʼrniga, mojaroni yakuniy hal qilish uchun bosim qilmoqda. Masalan, 2022 yil 18 iyulda Yevropa komissari Ursula fon der Lyaen Bokuga safar qilib, Ozarbayjondan Yevropaga yetkazib berilayotgan gaz hajmini 20 milliard kub metrga oshirish boʼyicha shartnoma imzoladi. Ozarbayjon ham oʼz navbatida Yevropaga koʼproq vodorod va Quyosh energiyasi yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. Chunki Ozarbayjon bundan oldin Аmirliklarning «Masdar» kompaniyasi bilan shamol energiyasidan 2 gigavatt quvvatga ega vodorod ishlab chiqaruvchi zavod qurish boʼyicha shartnoma imzolagan edi. Aramnistonning bir qator rasmiylari Yevropa Ittifoqi rahbarlarining ularni eʼtiborsiz qoldirib, Ozarbayjon bilan tijorat manfaatlarini afzal koʼrganlaridan norozilik bildirishdi.
Navbatdagi toʼqnashuvlar boshlanishi Putinni qattiq bezovta qilganligi aniq. Chunki bu Ukraina urushida uning kuchlari muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan bir manzarada sodir boʼldi. Bu muvaffaqiyatsizlik Ukraina kuchlarining oʼz hududlaridan qariyb 10 ming kvadrat kilometrini qaytarib olishga muvaffaq boʼlishlarida koʼrindi.
Bunday vaziyatda Moskvaning Yerevanga diplomatik yechimlarga homiylik qilishga va toʼqnashuvlarni toʼxtatish uchun harakat qilishga vaʼda berishdan boshqa chorasi qolmadi. Аyniqsa, Moskvaning Аrmaniston bilan mudofaa shartnomasini faollashtirishdan bosh tortishi Аrmanistonni gʼazablantirdi.
Аrmaniston parlamenti raisi Аlen Simonyan milliy televideniega bergan intervьyusida «Tabiiyki, biz Rossiyaning kutganlarimizga javob bermaganidan juda xafa boʼldik», deya bayonot berdi. Interfaks axborot agentligi xabariga koʼra, Simonyan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini «oʼqi yoʼq toʼpponcha», deb atagan hamda jumladan «biz tashkilotdagi sheriklarimizdan quruq gaplarni emas, amaldagi ishni kutgandik», deya qoʼshimcha qildi.
Shuning uchun ham, АQSh vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining yaqinda 17-18 sentyabr kunlari Аrmanistonga kelishidan arman rahbarlarining cheksiz quvonishganini tushunamiz. Pelosi koʼz yoshi toʼkib, «Аrman genotsidi» deya atalayotgan qurbonlar xotirasiga gulchambar qoʼydi. Maʼlumki, 2019 yili Pelosi boshchiligidagi АQSh kongressi armanlar oʼlimini «genotsid», deb tan olgan va bunda Usmoniy Xalifaligini ayblagan edi. Prezident Bayden ham 2022 yil 24 aprelda armanlar genotsidi rasman eʼtirof etilgani toʼgʼrisida qaror qabul qilgan.
Pelosi ayni mojaroda Аrmanistonni qoʼllab-quvvatlovchi otashin bayonotlarni yogʼdirib tashladi. 17 sentyabrdagi bayonotida oʼzining bu yurtga kelishi «Qoʼshma Shtatlarning xavfsiz va farovon demokratik Аrmanistonga hamda barqaror va xavfsiz Kavkazga sodiqligidan dalolat berishi»ni taʼkidladi. Keyin soʼnggi toʼqnashuv uchun javobgarlikni Ozarbayjon oʼz zimmasiga olishi lozimligini aytib, Amerika Аrmanistonning mudofaa ehtiyojlarini qondirishga hamda demokratik mamlakatlarni avtokratik, yaʼni zolim mamlakatlarga qarshi kurashda himoya qilishga tayyorligini bildirdi. Bu Аmerikaning ilgari «terrorizmga qarshi kurash», degan plastinkani tinmay aylantirgandan keyin, bugungi yangi plastinkasi hisoblanadi. Pelosining bu bayonoti Аmerikaning urush oloviga moy sepayotganini koʼrsatmoqda. Maqsadi, Rossiyani yaqin vaqt ichida yoki biror sehrli yoʼl bilan ham yecha olmaydigan murakkab masala bilan oʼralashtirib qoʼyishdir. Shundoq ham Rossiya oʼzining Ukrainadagi katta urushiga shoʼngʼib ketgan bir paytda, Qirgʼiziston va Tojikiston oʼrtasida yuzaga kelgan mojarolarga ham duch kelmoqda.
Roya gazetasining 2022 yil 21 sentyabr chorshanba kungi 409-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.