O‘zbekistonda o‘quvchi qizlar ro‘moliga qarshi kurash kuchayib bormoqda

365
0

O‘zbekistonda o‘quvchi qizlar ro‘moliga qarshi kurash kuchayib bormoqda

 O‘zbekistonda keng quloch yozgan korruptsiya, monopoliya, barcha serdaromad sohalar faqat puldor, amaldor va tanish-bilishlar o‘rtasida taqsimlab olinishi natijasida mamlakatda ishsizlik muammosi tobora kuchayib bormoqda. Narx-navo kundan-kunga oshib odamlar hatto asosiy ehtiyojlarini ta’minlashga ham qodir bo‘lmayapti. Oddiy fuqarolar tirikchilik ilinjida chet ellarga ish izlab ketishga majbur bo‘lishmoqda. Hukumat esa korruptsiya va bir xovuch monopolistlarga qarshi kurashish, odamlarnining insondek kun kechirishlariga imkon beruvchi ish va ish haqi bilan ta’minlash o‘rniga ojiza qizlarning ro‘mollariga qarshi kurashish bilan ovora. Mirziyoev “islohotlari” ortidan Rossiya bilan tobora“iliq”lashib borayotgan munosabatlar natijasida O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining ro‘moli yana kun tartibiga chiqdi…

 8 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli maktabda darslarga ro‘molda qatnayotgan qizlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Unda 10 nafar o‘quvchi ogohlantirishlarga qaramasdan hijobda darsga qatnagani sababli IIB xodimi “suhbat o‘kazayotgani”, ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlarning IIB xodimi qarshisida turgani ko‘rish mumkin edi. Afsuski, bu yagona holat emas, joriy yil boshida ham Toshkentdagi 168-maktabda ro‘molli qizlar maktabga kiritilmayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. 6 aprel kuni esa O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulьteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonov ham talabalar bilan o‘tkazgan majlisida:

“O‘qishga ibodat libosida kelish taqiqlanadi, bunday kiyinganlarni darsga kiritgan o‘qituvchilarga ham chora ko‘riladi. Tashqarida qanday yurish o‘zingizning ixtiyoringiz, lekin universitet hududiga kirgan vaqtda ro‘molni orqa tarafga o‘rab olishga majbursizlar. Agar universitetning bu tartibi, qonun-qoidasi sizlarga to‘g‘ri kelmasa, marhamat qilib universitet bilan shartnomani bekor qilishingiz va shunga ruxsat bergan boshqa OTMga o‘tishingiz mumkin”, – degan edi. Keyinchalik u o‘z ishi uchun kechirim so‘rab, “o‘zining shunchaki topshiriq ijrochisi ekanini va ro‘molga qarshi emasligini, buyruqni bajarayotganini” yozib chiqdi. Lekin bir qancha vaqtdan so‘ng postini ham, izohini ham o‘chirib tashladi. 8 aprel kuni Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 28-sonli maktabda direktor o‘rinbosari ro‘molli qizlarga tanbeh berayotgani haqidagi video tarqaldi. Videodan ma’lum bo‘lishicha, maktab ma’muriyati 10-sinf o‘quv xonasiga kirib tekshirish o‘tkazgan. Ro‘molli qizlarni doska yonida turg‘izib qo‘yib tanbeh bergan. “Hali buni o‘rashdan zerikasiz. Xudoyim umringiz uzoq qilsin, o‘rab zerikasiz. Hozir maktab-ku, bu erning o‘z qonun-qoidasi bor, o‘z formasi bor. Shuni bilasizlarmi? 11-sinfmi bular ham? 10-mi? 10-sinf o‘quvchisi shu darajada o‘ranasizlarmi-ey?” – deya qizlarga tanbeh bergan maktab direktori o‘rinbosari.

 Bu kabi ko‘rinishlar faqat O‘zbekistonda emas, balki Rossiya bilan “iliq” munosabatlarni kuchaytirib borayotgan Qirg‘izistonda ham kuzatilmoqda. So‘nggi vaqtlarda Qirg‘iziston maktablarida ham o‘quvchi qizlarning ro‘moliga qarshi kurash kuchayib bormoqda. Hatto, Japarov hukumati o‘tgan yili payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam sha’nini himoya qilib o‘tkazilgan tinch namoyishda ishtirok etgan muslima opa-singilarimizga qarshi “ekstremizm” moddasi bilan jinoyat ishi ochishgacha borib etdi…

 Demak, o‘zbek rejimi ham, qirg‘iz rejimi ham Rossiyaga yoqish ilinjida Islom dini, uning qadriyatlari va musulmonlarga qarshi kurashni kuchaytirib bormoqda. Bundan xulosa qilish mumkinki, har ikki rejim kuch organlarida katta ta’sir quvvatiga ega rus maxsus xizmatlari kuratorlari xalq ichida o‘sib borayotgan Islom ta’siri va islomiy ko‘rinishlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirib turipti.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.