Hizb ut-Tahrir amiri ulug‘ olim Ato ibn Xalil Abu Roshtaning Xalifalik qulatilganining alamli yuz yillik xotirasi munosabati bilan so‘zlagan nutqi

292
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hizb ut-Tahrir amiri ulug‘ olim Ato ibn Xalil Abu Roshtaning Xalifalik qulatilganining alamli yuz yillik xotirasi munosabati bilan so‘zlagan nutqi

Allohga hamd bo‘lsin. Allohning Rosuliga, u kishining ahli oilasi va sahobalariga hamda u kishini do‘st tutganlarga salotu salomlar yog‘ilsin. Ammo ba’d…

Butun Islom Ummatiga hamda roshid Xalifalikni qayta barpo etish uchun da’vatni ko‘tarib chiqayotgan yigit-qizlarga…

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

Bundan roppa-rosa yuz yil avval (hijriy 1342 yil rajab oyining oxirlari, milodiy 1924 yil 3 mart kuni) Britaniya boshchiligidagi mustamlakachi kofirlar arab va turk xoinlari bilan hamkorlikda Xalifalikni qulatishga muvaffaq bo‘lishdi. Asr jinoyatchisi Mustafo Kamol Xalifalik bekor qilinganini, Istanbulda xalifa qamal qilinib, o‘sha kun tongda shahardan chiqarib yuborilganini bildirdi. Bu – ilmoniy Turkiya respublikasining zaif prezidenti qilib tayinlanishi evaziga Britaniya talab qilgan to‘lov edi. Shunday qilib, musulmonlar kuch-qudrati va Parvardigor roziligi manbai bo‘lgan Xalifalikning yo‘q qilinishi bilan Islom yurtlarida dahshatli silkinish yuz berdi.

Jinoyatchi Mustafo Kamol mavjud bo‘lib turgan Xalifalikni bekor qilishi bilan ochiq kufrni e’lon qildi. Shu sababdan Ubboda ibn Somit roziyallohu anhu

«وَأَنْ لَا نُنَازِعَ الْأَمْرَ أَهْلَهُ إِلَّا أَنْ تَرَوْا كُفْراً بَوَاحاً عِنْدَكُمْ مِنْ اللَّهِ فِيهِ بُرْهَانٌ»

«… Ishni egasidan talashmasligimizga bay’at berishimizni aytib: faqat agar ochiq kufrni ko‘rsangiz va sizda bu haqda Allohdan aniq hujjat bo‘lsagina mumkin, dedilar», deya Rosululloh ﷺdan rivoyat qilgan muttafaqun alayh hadisda ta’kidlanganidek, Ummat  unga qarshi jang qilmog‘i kerak edi. Biroq, Ummatning loqaydligida Mustafo Kamol o‘tkazgan zulmning ta’siri kuchli bo‘ldi. Chunki u Ummatga, xususan, ulamolarga shafqatsizlarcha hujum qildi. U ulamolardan ko‘pchiligini, shu jumladan, Said Biron rohimahullohni qatl qilib, yana boshqalarini qamoqqa oldi. Bularning barchasi Ummatning beparvoligiga sabab bo‘ldi. Natijada Ummat bu jinoyatchini, uning gumashtalarini va yordamchilarini tiyib, tanobini tortib qo‘ymadi. Allohga, Uning Rosuli va mo‘minlarga xiyonat qilgan bu xoinga berilgan javob juda zaif bo‘ldi, uni yo‘q qilish darajasiga etmadi! Shunday qilib, jirkanch qilmishi bilan ochiqdan-ochiq kufr sodir etgan bu kimsa Ummatning tarix axlatxonasiga uloqtirib tashlashidan omon qoldi!

Shundan keyin mustamlakachi kofirlar musulmon yurtlarda o‘z nufuzlarini yoyishdi. Ular Xalifalikning qulatilishi natijasida yuz bergan silkinish sababli Islom yurtlarini parchalab, ellikdan ortiq davlatchalarga bo‘lib tashlashdi. Bu bilan ham kifoyalanmay, Rosululloh ﷺning Isro va Me’roj maskani bo‘lmish muborak zaminda yahudiylar uchun bir davlat qurib, uni saqlab qolish uchun kerakli barcha sabab-vositalar bilan ta’minlashdi. Bularning eng birinchisi, yahudiylarni ushbu zamin atrofidagi malay hukmdorlar orqali mudofaa qilish bo‘ldi. Ular bu bilan ham kifoyalanishgani yo‘q… Balki hukmdorlar yahudiylar «davlat»i hajmini yanada kattalashtirish, suratini yanada boshqacha tasvirlash maqsadida ular bilan bo‘lgan barcha urushlarda mag‘lubiyatga uchrashdi. Malay hukmdorlarga bu ham kamlik qildi. Ular yahudiylarning 1967 yilda bosib olgan erlardan bir oz chekinishlaridan umidvor bo‘lib, Falastindan yahudiy vujudini ildizi bilan qo‘porib tashlash masalasini muzokaralar masalasiga o‘zgartirish uchun bor kuchlarini sarflab, Alloh va Rosuliga qarshi urush ochishdi. Keyin hukmdorlar bundan ham tuban darajaga tushib, yahudiylar bosib olgan erlardan umuman chekinmasa ham, ular bilan munosabatlarni normallashtirish uchun elib yuguradigan bo‘lishdi!! Ba’zi hukmdorlar yahudiylar bilan munosabatlarni normallashtirish jinoyatini parda ortida qilsa, ba’zilari uni kechayu kunday oshkora tarzda sodir etishdi! Bunday razil va rasvo qilmishga birinchi Misr hukmdorlari etakchilik qilgan bo‘lsa, ularga Falastin Ozodlik Tashkiloti, so‘ng Iordaniya, Amirliklar, Bahrayn, Sudan va Marokash hukmdorlari ergashdi. Saudiyalik hukmdorlar ham ularning orqasidan etib olishlarini, va orqada qolib ketmasliklarini ko‘rsatish uchun yo‘lning o‘rtasida ular bilan qo‘l siqishmoqda. Shu tarzda yahudiylar bilan munosabatlarni normallashtirish jinoyatiga har bir hukmdor shoshmoqda, bu bilan qulog‘igacha xorlik botqog‘iga botayotganiga parvo qilishmayapti:

سَيُصِيبُ الَّذِينَ أَجْرَمُوا صَغَارٌ عِنْدَ اللَّهِ وَعَذَابٌ شَدِيدٌ بِمَا كَانُوا يَمْكُرُونَ

«Yaqinda bunday jinoyatkorlarga qilib o‘tgan hiyla-nayranglari sababli Alloh huzurida xorlik va qattiq azob etajakdir» [An’om 124]

Keyin bu hukmdorlar faqat Falastinga xanjar urishgani yo‘q. Balki taslim bo‘lib, Islom erlaridan bo‘lgan pokiza tuproqlarni ham topshirishdi. Masalan, Kashmirni mushrik hindular o‘z davlatlariga qo‘shib olishdi… Rossiya Qirimni qo‘shib oldi… Sudan janubi shimolidan bo‘lindi… Sharqiy Timor Indoneziyadan sug‘urib olindi… Yana bir tarafda Kipr. Kiprning qanday yurtligini bilasizmi?! Uzoq yillar musulmonlar qal’asi bo‘lib turgan bu erning aksar qismiga bugun Gretsiya egalik qilmoqda… Rohinga musulmonlari Mьyanma (Birma)da qatl qilinmoqdalar… Ular Bangladeshga bosh urib borgandilar, rejim ularni inson zoti yashashga yaroqsiz bo‘lgan, tinimsiz toshqin bo‘lib turadigan «Bxasan Char» oroliga jo‘natdi! Sharqiy Turkistonni aytmaysizmi… Xitoy u erdagi musulmonlarni ezib, ularga nisbatan hayvonlarga ham qilinmaydigan vahshiyona munosabatda bo‘lmoqda. Bu yurtni ahror erkaklaru hur ayollar uchun qamoq lageriga aylantirib, ochiqdan-ochiq qirg‘in amaliyotlarini sodir etmoqda. Musulmon yurtlaridagi mavjud hukmdorlar buni ko‘rib-eshitib, xuddi murdalar misol miq etmay turishibdi. Mabodo Xitoyning musulmonlarga qilayotgan repressiyasi haqida gapirsalar ham, bu uning ichki ishi ekani haqidagi gap bo‘lyapti!

كَبُرَتْ كَلِمَةً تَخْرُجُ مِنْ أَفْوَاهِهِمْ إِنْ يَقُولُونَ إِلَّا كَذِباً

«Ularning og‘izlaridan chiqqan gap (juda) og‘ir gapdir. Ular faqat yolg‘on gapiradilar» [Kahf 5]

Boshqa musulmon yurtlarga kelsak, u erlarni mustamlakachi kofirlar qayoqqa sudrasa ketadigan hukmdorlar boshqarishmoqda. Ular na yurt xavfsizligini saqlashyapti va na fuqaro haqqiga rioya qilishyapti. Bu yurtlarda fuqaroning boyliklari talon-toroj etilib, nomuslari toptalyapti, bunga biror kimsa e’tibor ham bermayapti. Mustamlakachi kofir, ayniqsa Amerika bunga nafaqat panja orasidan qarayapti, balki malaylariga o‘z xalqlarini bundan ham ko‘proq xor-zor ahvolga solishni buyurib, «agar biz bo‘lmasak, likillab qolgan kursilaringda bir necha kun ham qololmaysanlar, shunday ekan, bor imkoniyatingni, balki imkoniyatingdan ortig‘ini ham sarflab, bizga o‘lpon to‘laysanlar», demoqda!!

Ey musulmonlar!

Xalifalik qulatilishi ortidan mana shunday holatga tushib qoldingiz. Millatlar har tomondan sizlarga yopirilib tashlanmoqda. Shu bois, bir eslang, Xalifalik soyasida yashagan paytda qanday holatda edingiz?!

Sizlar insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat bo‘lgansiz. Anbiyolar so‘nggisi, mujohidlar imomi Muhammad mustafo ﷺning tobelarisiz. Ajdodlaringiz roshid xalifalar, fotih qo‘mondonlardir. Ushbu buyuk Rajab oyida salibchilarni er tishlatib, ularning iflosligidan Quddusi Sharifni ozod etgan nosir Salohiddin Ayyubiyning hamda tatarlarni torm-mor etgan Qutz va Baybarislarning avlodlari sizlarsiz…

Hijriy 857 yil, milodiy 1453 yil Konstantinopolni fath qilgan paytda yoshi hali yigirma uchdan ham oshmagan va bu bilan Rosululloh ﷺning

«فَلَنِعْمَ الْأَمِيرُ أَمِيرُهَا وَلَنِعْمَ الْجَيْشُ ذَلِكَ الْجَيْشُ»

«U qo‘shinning amiri qanday ham yaxshi amir, u qo‘shin qanday ham yaxshi qo‘shin», deya yog‘dirgan maqtovlariga musharraf bo‘lgan Muhammadfotihning nabiralari sizlarsiz.

O‘n oltinchi asr (milodiy 1525 yil)da Frantsiya o‘z qirolini asirlikdan qutqarishini so‘rab yordam so‘raganda yordam bergan xalifa Sulaymon Qonuniy avlodi sizlarsiz. Biroq bugun esa, Frantsiya musulmonlar xalifasidan yordam so‘raganini unutdi yoki o‘zini unutganga solib, Islomni, Islomning payg‘ambari Muhammad ﷺni haqorat qilmoqda. Buni qaytaruvchi yoki bundan hisob so‘rovchi hech kim yo‘q. Chunki bugungi kunda Islomning qalqoni yo‘q.

Ey musulmonlar, sizlar xalifa Salim IIIning avlodlarisiz. Darhaqiqat, ushbu xalifa zamonida AQSh o‘zining kemalari Atlantika okeanidan O‘rta er dengiziga xavfsiz ravishda o‘tishi uchun har yili Usmoniy davlatiga soliq to‘lab kelgan. AQSh o‘zining kemalariga Usmoniy davlatning Jazoir viloyatidagi dengiz floti tomonidan zarar etmasligi uchun shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan. Ya’ni Qo‘shma Shtatlar hijriy 1210, milodiy 1795 yilda o‘zining tilida emas boshqa tilda – Usmoniy Xalifalik davlati tilida – shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan. Ana shu Amerika bugun musulmon yurtlaridagi hukmdorlar ustidan xo‘jayinlik qilib, senlarni biz himoya qilyapmiz, demoqda.

Shuningdek, sizlar millionlagan oltin ham o‘zgartirolmagan xalifa Abdulhamidning avlodlarisiz. O‘shanda yahudiylar Falastindan vatan topishlari evaziga Usmoniy davlat xazinasiga millionlab oltin to‘lashni taklif qilishganda, Abdulhamid ularga o‘zining quyidagi mashhur so‘zlarini aytgan edi: «Falastinning Xalifalik davlatidan ajratib olinganini ko‘rishdan ko‘ra tanamning bigiz bilan qiymalab tashlanishi men uchun engilroqdir… Bas, yahudiylar bu millionlarini saqlab qo‘ysinlar… bir kun kelib Xalifalik davlati parchalansa, o‘shanda ular Falastinni tekinga olishlari mumkin». Haqiqatda ham shunday bo‘ldi!

Yana siz musulmonlar, soat ixtiro qilgan zotlarning avlodisizlar. O‘shanda ajdodlaringiz soat ixtiro qilib, o‘sha paytda Evropaning eng katta qirollaridan bo‘lgan Karlga sovg‘a qiladi. Qirolning a’yonlari esa, soatni ko‘rib, «ichiga jin va shaytonlar to‘lib olibdi», deyishgan! Mana, biz o‘zimizning yorqin fikrlar bilan qanday holatda bo‘lganmiz-u, ular o‘zlarining puch soxta fikrlari bilan qanday ahvolda bo‘lishgan!

Ey musulmonlar, boshingiz uzra Xalifalik soya sochgan paytlarda mana shunday edingiz! Ey aqliraso kishilar, Xalifalik ag‘darilgandan so‘ng esa, mana bunday ahvolga tushib qoldinglar. Bas, bundan ibratlaning!

Ey kuch-qudrat ahli… ey Salohiddin va Muhammad Fotihlar avlodi, so‘zimni tugatishdan oldin sizlarga murojaat qilmoqchiman.

Faqat sizgina Islom dini dushmanlariga qarshi Ummatning dardiga malham bo‘la olasiz, faqat sizgina o‘zlarining islomiy yurtlarida xor bo‘lgan musulmonlarni qutqarishga qodirsiz. Ertaga sizga nafaqat sharaf etib, Ummat umidi bog‘lanadi, balki butun Ummat hamda uning oldidagi va ortidagi butun armiyalari sizga ergashadi, Allohning izni ila aslo yolg‘iz qolmaysiz. Shunday bo‘lgach, o‘z burchingizni bajaringki, Alloh sizga baraka bersin! Roshid Xalifalikni barpo etish uchun bizga, Hizb ut-Tahrirga nusrat-yordam bering. Zero, nusrat berish faqat g‘alabaga olib boradigan yo‘lgina emas. Balki u birinchi darajadagi buyuk farzdir. Chunki ahkomlar va hadlar u orqali qoim bo‘ladi. Usiz insonlar ustidan na ahkomlar tatbiq etiladi va na hadlar joriy qilinadi. Kimda-kim qodir bo‘la turib Xalifalik davlatini barpo etishga va xalifaga bay’at qilishga harakat qilmasa, qattiq gunohkor bo‘ladi. Bunday kishining go‘yo johiliyat o‘limini topishi buning gunohi naqadar og‘ir ekaniga dalolat qilib turibdi. Zero, Payg‘ambar ﷺ

«…وَمَنْ مَاتَ وَلَيْسَ فِي عُنُقِهِ بَيْعَةٌ، مَاتَ مِيتَةً جَاهِلِيَّةً»

«… Kimda-kim bo‘ynida bay’at bo‘lmagan holda vafot topsa, johiliyat o‘limida o‘libdi», deganlar.

Darvoqe, Rosululloh ﷺ vafot etganda, musulmonlarning ul zotni dafnga tayyorlab qo‘yib, dafn qilishdan oldin xalifaga bay’at qilish bilan shug‘ullanganlari ham bu ishning juda muhim va buyuk ekaniga dalolat qiladi. Bularning barchasi Xalifalikning g‘oyat buyuk va ahamiyatli ekanligidandir.

Ey kuch-qudrat ahli, ey nusrat ahli, ey musulmon qo‘shinlar!

Nahotki, orangizda Alloh va Rosuliga nusrat bergan va bu bilan dunyoyu oxirat yutug‘ini qo‘lga kiritgan Mus’ab ibn Umayr, Usayd ibn Huzayr va Sa’d ibn Muozlar bo‘lmasa?! Axir, Sa’d ibn Muozning vafotidan hatto Rahmonning arshi larzaga keldi-ku. Imom Buxoriy rivoyat qiladiki, Jobir roziyallohu anhu bunday deydi: «Men Rosululloh ﷺning bunday deganlarini eshitgandim:

«اهْتَزَّ العَرْشُ لِمَوْتِ سَعْدِ بْنِ مُعَاذٍ»

«Sa’d ibn Muozning o‘limidan arsh larzaga keldi». Nahotki, orangizda Alloh, Rosuli va da’vat ahliga nusrat beruvchi aqliraso kishilar bo‘lmasa?! Ummat sizni kutmoqda. Sizning takbir aytishingizga, sizga qo‘shilib takbir aytishga, qo‘llaringizda royalar hilpirab, siz uchun tahlillar aytishga muntazir. Yolg‘iz shu bilan Ummat uyg‘onadi va roshid Xalifalik barpo bo‘ladi. Shundagina Xalifalik Islomni ichkarida tatbiq qilib, tashqarida da’vat va jihod bilan butun olamga olib chiqadi… Ana shunda Ummatga Alloh nusrat beradi:

إِنَّا لَنَنْصُرُ رُسُلَنَا وَالَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَيَوْمَ يَقُومُ الْأَشْهَادُ

«Biz payg‘ambarlarimizga va imon keltirgan zotlarga hayoti dunyoda ham, guvohlar (hozir bo‘lib) turadigan kunda (qiyomatda) ham albatta yordam berurmiz» [G‘ofir 51]

Ey Allohning qo‘shinlari!

Bilamizki, osmondan farishtalar tushib, bizga Xalifalikni barpo qilib bermaydi, Islom va musulmonlarni kuch-qudratga to‘ldiruvchi armiyalarga etakchilik ham qilmaydi. Balki, biz qachon Xalifalikni barpo etish va er yuzida islomiy hayotni qayta boshlash uchun jiddiy, xolis va chinakam harakat qilsakkina Alloh Subhanahu bizga yordam buruvchi farishtalarni nozil qiladi. Bu Alloh Subhanahuning Kitobi va Rosuli ﷺning hadislarida kelgan va yolg‘onga chiqarilishi imkonsiz bo‘lgan va’dadir. Birovlarning «bugun Xalifalikni barpo qilish bir xayoldir», degan gapi ushbu va’daga aslo ta’sir qilmaydi. Balki, aslida, bu gapni gapirayotgan kimsalarning o‘zi xayolparastlardir. Xalifalikning barpo etilishi esa, Allohning izni ila albatta barpo bo‘ladigan real haqiqatdir. Buni quyidagi to‘rt haqiqat tasdiqlab turibdi:

Birinchi: Alloh Taoloning va’dasi:

وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ ءَامَنُوا مِنْكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَيَسْتَخْلِفَنَّهُمْ فِي الْأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَ الَّذِينَ مِنْ قَبْلِهِمْ

«Alloh sizlardan imon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan zotlarni (er yuziga) xalifa qilganidek ularni ham er yuzida xalifa qilishni va’da qildi» [Nur 55]

Ikkinchi: Rosululloh ﷺning Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalikning barpo bo‘lajagi to‘g‘risidagi bashoratlari:

«ثُمَّ تَكُونُ مُلْكًا جَبْرِيَّةً، فَتَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ. ثُمَّ سَكَتَ»

«So‘ng zolim-zo‘ravon podshohlik bo‘ladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. So‘ng Alloh O‘zi xohlaganda uni ko‘taradi. So‘ng payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi. Keyin Payg‘ambar ﷺ sukutga cho‘mdilar». (Imom Ahmad Huzayfadan rivoyat qilgan).

Uchinchi: Ummatning insonlar uchun chiqarilgan faol jonli eng yaxshi ummat ekanligi:

كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ

«Sizlar insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat bo‘ldingiz. Zero, sizlar ma’rufga buyurib, munkardan qaytarasizlar va Allohga imon keltirasizlar» [Oli Imron 110]

Ummat agar Xalifalikni barpo etishda ozgina sekinlashgan bo‘lsa, bu sherning hujum qilishdan oldin payt poylashiga o‘xshaydi.

To‘rtinchi haqiqat – Allohning izni ila, Alloh uchun xolis, Rosuli ﷺ uchun rostgo‘y, mazkur va’da va bashoratni ro‘yobga chiqarish uchun kunlarini tunlarga ulab, tinimsiz faoliyat qilayotgan Hizbning borligidir. Hizb misoli Rosululloh ﷺning ushbu so‘zlarida aytilgan toifadir:

«لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي ظَاهِرِينَ عَلَى الْحَقِّ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَذَلَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللَّهِ وَهُمْ كَذَلِكَ»

«Ummatimdan bir toifasi haq ustida g‘olib bo‘lib boraveradilar. Yordamsiz qoldiruvchilar ularga ziyon etkazolmaydi. Nihoyat, ular shu holatda turganlarida Allohning nusrati keladi». (Imom Muslim Savbondan rivoyat qilgan).

Xalifalikni barpo etish uchun harakat qilishning xayol emasligiga mana shu to‘rt haqiqatdan bittasining o‘zi kifoya. Agar to‘rttalasi birga bo‘lsa nima bo‘lishi mumkin?! Bir vaqtning o‘zida, Xalifalik barpo bo‘lishi, Allohning izni ila, voqelikdagi haqiqat hamdir. Barpo bo‘lganidan keyin mustahkam va barqaror turishi ham, insha Alloh, muhaqqaqdir. Bugungi yirik davlatlar poydevori o‘zlarini qulatadigan poydevordir. Zotan, bu davlatlar Allohning nazdida va Allohning bandalari uchun hech narsa emas. Axir, ko‘z ilg‘amas mayda maxluq (KOVID-19)ning o‘zi bu davlatlarni va ularning etakchisi AQShni nima ahvolga solgani ham bu haqiqatni aytib turibdi! Qarang, AQSh saylovlarida nima bo‘ldi, bir guruh saylovlarni o‘g‘irlik va soxtakorlik, desa, ikkinchi guruh katta g‘alaba demoqda! Bular bir-birlari bilan dahanaki jang qilish bilan kifoyalanmay, hatto davlatning rasmiy muassasasigacha bostirib kirishdi, kapitalizm etakchisi bo‘lgan davlatning yo‘laklarida insonlar joniga qasd qilinmoqda… Har ikki taraf ham chirigan demokratiyaga chaqirmoqda! Bugungi kunda dunyo mana shu ahvolda. Kattayu kichik voqea-hodisalarga to‘la bu dunyoni Islom davlatisiz, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifaliksiz hech narsa qutqarolmaydi.

Qadrli birodarlar!

Biz Xalifalikning yuz yilga etmay barpo bo‘lishi uchun harakat qilib, Allohdan yolvorib so‘radik. Hizb etmish yildan beri o‘z faoliyatini davom ettirar ekan, bu orada Xalifalikni endi ushladik degunimizcha, yana uzoqlashib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, biz Allohning marhamatidan aslo umidsizlikka tushmaymiz. Zero, biz Xalifalikka ko‘z tikib, qalblarimizni unga oshufta bog‘lab, uning uchun harakatimizni davom ettirmoqdamiz. Xalifalikning barpo bo‘lajagidan barchamiz xotirjammiz. Chunki bunga Allohning Rosuli

«ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّة»

«Keyin Payg‘ambarlik minhoji asosida Xalifalik bo‘ladi», deya xushxabar berganlar. Mana shularning barchasi himmat kamarlarini mahkam bog‘lashga, ahdu vafoni kuchaytirishga hamda harakatlari haroratini orttirib, kishini boshqa bir holatga ko‘chishiga kifoyadir. Kifoyadirki, kishi bir falokatga duchor bo‘lib hushdan ketsa, mana shu falokat bilan yorug‘ kunga chiqish orqali shod-xurram bo‘ladi, insha Alloh.

Har ishdan xabardor, har narsani biluvchi Robbimiz bizga shunday xabar bergan:

فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْراً  إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْراً

«Bas, har bir og‘irlik-mashaqqat bilan birga albatta bir engillik bor. Har bir og‘irlik-mashaqqat bilan birga albatta bir engillik bor» [Sharh 5-6]

Ruzayn hadisida sodiqul masduq Payg‘ambarimiz bizga shunday ta’lim berganlar:

«وَلَنْ يَغْلِبَ عُسْرٌ يُسْرَيْنِ»

«Bitta mashaqqat ikki engillikni hargiz mag‘lub qilolmas».

Umarning Abu Ubaydaga maktubi mana bunday bo‘lgan:

«Hech bir shiddat yo‘qki, uning ortidan Alloh chiqar yo‘lni tayyorlab qo‘ymagan bo‘lsa. Bitta mashaqqat hargiz ikki engillikni mag‘lub etolmas». Demak, olamlar Parvardigori Allohning izni ila yorug‘ kunlar albatta keladi va Xalifalik sodiq mo‘minlarning bilagidagi kuch bilan barpo bo‘lib, yahudiy vujudini yo‘q qiladi va Falastin zaminini qayta Islom diyoriga aylantiradi. Rim ham xuddi ilgari uning egizagi fath bo‘lgani kabi fath etiladi. Yana pokiza og‘izlardan Alloh Taoloning

وَقُلْ جَاءَ الْحَقُّ وزهق الْبَاطِلُ إِنَّ الْبَاطِلَ كَانَ زَهُوقاً

«Yana ayting: «Haqiqat (ya’ni, Islom) keldi va botil (ya’ni, kufr) o‘chib-yo‘qoldi. Chunki botil yo‘qolguvchi narsadir»» [Isro 81]

degan kalomi otilib chiqadi, dunyo takbir sadolariga to‘lib, er yuzi Islom nuri ila yorishadi:

«لَيَبْلُغَنَّ هَذَا الْأَمْرُ مَا بَلَغَ اللَّيْلُ وَالنَّهَارُ وَلَا يَتْرُكُ اللَّهُ بَيْتَ مَدَرٍ وَلَا وَبَرٍ إِلَّا أَدْخَلَهُ اللَّهُ هَذَا الدِّينَ بِعِزِّ عَزِيزٍ أَوْ بِذُلِّ ذَلِيلٍ عِزّاً يُعِزُّ اللَّهُ بِهِ الْإِسْلَامَ وَذُلّاً يُذِلُّ اللَّهُ بِهِ الْكُفْرَ»

«Bu ish kecha va kunduz etib borgan joygacha etib boradi. Alloh bironta ham o‘trog‘u ko‘chmanchining uyini qoldirmasdan unga bu dinni azizning azizligi yoki xorning xorligi bilan kiritadi. Azizlikki, u bilan Alloh Islom dinini aziz qiladi. Xorlikki, u bilan Alloh kufrni xor qiladi». (Imom Ahmad Tamim Doriydan rivoyat qilgan).

Bilib turibmiz, Islom dushmanlari bu ishni ro‘yobga chiqishini amri mahol sanab, masxara qilib, xuddi o‘zlaridan oldingi kimsalarning

غَرَّ هَؤُلَاءِ دِينُهُمْ

«Ularni (ya’ni, musulmonlarni) dinlari g‘ururlantirib yubordi» [Anfol 49]

degan gaplarini gapirishyapti. O‘shanda bu gap uni aytganlar boshiga balo bo‘lgan edi, Alloh o‘z dinini aziz-kuchli qilib, imon ahliga nusrat bergan edi. Demak, bugun ham bunday gapni gapirayotganlar boshiga balo bo‘ladi. Zotan, Allohga tavakkal qilgan, Alloh uchun xolis turgan, Rosululloh ﷺ bilan haq-rost bo‘lgan holda hamda qalblari va tanlarini ajratmasdan jiddiy harakat qilayotgan bandalari bilan Alloh ham Azizdir, Hakimdir:

إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْراً

«Alloh o‘z ishiga etuvchidir, Alloh har narsaga miqdor-o‘lchov qilib qo‘ygandir» [Taloq 3]

Kun sayin ushbu miqdor-o‘lchovga (belgilangan vaqtga) yaqinlashilmoqda.

وَاللَّهُ غَالِبٌ عَلَى أَمْرِهِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ

«Alloh o‘z ishida g‘olibdir, lekin odamlarning ko‘plari buni bilmaydilar» [Yusuf 21]

Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

Birodaringiz Ato ibn Xalil Abu Roshta 

Hizb ut-Tahrirning amiri

29 Rajab 1442h

13 mart 2021m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.