AQSh Mirziyoev prezidentlarning boshini qovushtirganini olqishladi

463
0

AQSh Mirziyoev prezidentlarning boshini qovushtirganini olqishladi

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini olqishladi.

“Yaqinda Toshkentdagi uchrashuvda Markaziy Osiyoning besh mamlakati rahbarlari tomonidan liderlik va uzoqqa mo‘ljallangan qarashlar namoyish etilganini ko‘rishdan mamnunmiz. Mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligi uchun juda muhimdir. Prezident Mirziyoev ushbu tadbirga mezbonlik qilgani uchun tashakkur”, degan amerikalik diplomat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

O‘z navbatida, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum ham Elis Uellsning fikrlariga qo‘shilgan. U mintaqa davlatlari o‘zaro juda yaxshi kelisha olishini ta’kidlagan.

“S5+1 yaxshi. Lekin S5 har qanaqa plyussiz undan ham yaxshi! O‘zbekistonga mintaqaviy hamkorlik yo‘lidagi etakchilik qilayotgani uchun sharaflar bo‘lsin”, deb yozadi elchi.

Izoh: Ma’lumki, 29 noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Bu uchrashuvdagi asosiy masalalardan biri Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish mavzusi bo‘ldi. Agar AQSh Tolibon bilan kelishuvga erishib Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘lsa, “S5+1” tashkil etishdan ko‘zlagan asosiy maqsadiga qaryib etgan bo‘ladi. AQShning “S5+1” formatini tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadi, Markaziy Osiyo mamlakatlarini Afg‘oniston orqali dunyo bozoriga olib chiqish va shu orqali bu mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy manfaatlarga egalik qilishdir. Bu manfaatlarga etish uchun AQSh mintaqada Xitoyga qarshi kayfiyatni kuchaytirish bilan bir qatorda va Rossiya ta’sirini cheklashga ham jiddiy harakat qilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlarda faol ishtirok eta boshladi. Bu esa O‘zbekiston AQSh tomonidan mintaqada etakchi davlat rolini bajarish vazifasi yuklanganini anglatadi. Ammo shu bilan bir vaqtda Rossiya O‘zbekistonni EOIIga olib kirish bo‘yicha bosim o‘tkazib kelyapti. Rossiya bu ishni qo‘shni davlatlar qo‘li bilan amalga oshirib kelmoqda. Mintaqa ustida olib borilayotgan geosiyosiy kurashda Amerika O‘zbekistonni rus hukumatiga qarshisida yolg‘iz qoldirmasligini anglatib qo‘yish uchun ham AQSh rasmiylari shu kabi bayonotlar bilan chiqishmoqda. Bu esa mintaqa ustida nufuz talashish kurashi yanada qizishidan dalolat beradi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.