AQSh elchisi O‘zbekistonning EOIIga a’zoligi masalasiga munosabat bildirdi

671
0

AQSh elchisi O‘zbekistonning EOIIga a’zoligi masalasiga munosabat bildirdi

 AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari bilan qilgan jonli muloqotida O‘zbekistonning EOIIga a’zoligi masalasiga munosabat bildirdi.

 “Avvalo, biz hamisha O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni ta’kidlashni istar edim. Suverenitet esa har bir mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik masalalarini mustaqil hal etmog‘ini anglatadi. Shu bois ham biz O‘zbekistonning Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) a’zolik masalasida qabul qilgan har qanday qarorini hurmat qilamiz. Ayni choqda, biz O‘zbekiston bu kabi qarorlarni qabul qilishda barcha musbat va manfiy jihatlarni inobatga olishiga xayrixohmiz. Negaki, bunday qarorlar kelgusida suverenitet va mustaqillikka ta’sir etishi mumkin. Bu borada ochiq bahs-munozara bo‘lgani ma’qul.

Jahon savdo tashkilotiga (JST) kelsak, to‘g‘ri, ayrim mamlakatlar ikki tuzilma (ham EOII, ham JST) a’zoligini ko‘zlagan. Ammo  EOIIga a’zolik O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonini murakkablashtirishi va uzaytirishi ayni haqiqat. Qozog‘iston ham, garchi keyinchalik JSTga a’zo bo‘lgan esa-da, ayni shunday voqelikka ro‘baro‘ keldi. Eng muhimi, O‘zbekiston o‘z iqtisodiy taraqqiyoti istiqboli borasida aniq to‘xtamga kelmog‘i zarur –  mamlakat global YaIMning 2 foiziga egalik qilayotgan, yuqori tashqi tariflar o‘rnatilgan ittifoq tarkibida bo‘ladimi yoki jahon iqtisodiyotinng 98 foiz qismi bilan birga bo‘lishni ma’qul ko‘radimi…»

 Izoh: O‘zbekiston mintaqada ikki qudratli davlat Amerika va Rossiyaning geosiyosiy ta’sir talashish markaziga aylanib bormoqda. Ular o‘rtasidagi kurash joriy yilning oktyabr oyi boshida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienkoning prezident Shavkat Mirziyoev bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga qo‘shilishi “mavzusiga bir necha marotaba qaytganliklari”ni ma’lum qilganidan so‘ng ochiq bosqichga o‘tdi.

 “O‘zbekiston prezidenti bir qarorga kelgan va O‘zbekistonning Evrosiyo iqtisodiy kengashiga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, – degan edi Matvienko.

 Matvienkoning bu bayonoti ortidan Amerika Savdo vaziri Uilbir Ross 22 oktyabr kuni O‘zbekistonni ayni damda Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish oqibatlaridan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqqa qo‘shilish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish muddatini cho‘zib yuboradi. Uning bu so‘zlari O‘zbekistonga nisbatan oshkora bosim sifatida talqin qilindi.

 AQSh vazirining bayonotiga nisbatan rasmiy Moskva ham javobni uzoq kuttirmadi. Munosabat 26 oktyabr kuni Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan yangradi. Rossiya hukumati rahbari AQSh Savdo vaziri Uilbir Rossning nomi va maqomini ham tilga olmay, “O‘zbekistonda bo‘lib turgan vazirlari”dan bittasi, deya munosabat bildirdi.

 “Ayni o‘rinda nima ham deyish mumkin. Bu aniq raqobatbardosh bo‘lmagan kurash usullaridan foydalanishdir”, – dedi Medvedev.

 O‘z navbatida EI ham O‘zbekistonni JST kirishiga yordam berishini ma’lum qildi. 11 noyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Evropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha Bosh direktori Koen Doens “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi” va “Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondiga Evropa Ittifoqining taraqqiyot hissasi” texnik yordam loyihalarini moliyalashtirish to‘g‘risida bitimlarni imzoladilar. O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi uchun ajratiladigan grant mablag‘lari hajmi 5 million evroni tashkil etadi. Loyiha ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida, shu jumladan zarur hujjatlarni tayyorlash, o‘zbekistonlik mutaxassislarning JST kelishuvlari va xalqaro savdo tizimiga oid bilimlarini oshirishda O‘zbekistonga ko‘maklashishni nazarda tutadi.

 Latviya tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich ham O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish borasidagi harakatlariga yordam berish uchun va’da berdi. Bu haqda u 14 noyabr kuni O‘zbekiston elchisi Qadamboy Sultonov bilan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdi…

 AQSh va Rossiya O‘zbekistonni JST yoki EOIIga a’zo qilish bo‘yicha raqabat qilishayotgan bo‘lsada O‘zbekiston bu ikki tashkilotdan qay birini tanlashi hozircha aniq emas. Aslida O‘zbekiston JSTga qo‘shilish uchun 1994 yili ariza bergan. Ammo oradan o‘tgan shuncha yil davomida bu yo‘lda biror jiddiy qadam tashlamadi. O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘ladimi yoki EOIIga kiradimi bundan qat’iy nazar ular tomonidan qo‘yiladigan ma’lum shartlarni qabul qilish kerak bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lsa, import avtomobillarga qo‘llanilayotgan boj stavkasi kamida to‘rt barobarga kamaytiriladi. Agar EOIIga a’zo bo‘lsa, aksincha, ittifoqdan tashqaridan keladigan importlarga boj to‘lovini ko‘tarish kerak bo‘ladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.