AQSh Turkiyaga S-400’ni “yo‘q qilishni yoki qaytarib berishni yo undan xalos bo‘lishni” taklif qildi

839
0

AQSh Turkiyaga S-400’ni “yo‘q qilishni yoki qaytarib berishni yo undan xalos bo‘lishni” taklif qildi

 AQSh Turkiyani Rossiyadan xarid qilgan S-400 zenit-raketa majmualaridan xalos bo‘lishga chaqirmoqda. Bu haqda AQSh davlat departamentining yuqori lavozimli mansabdor shaxsi brifingda ma’lum qildi. 

 “Turkiyada muzokaralar stoliga qaytish imkoniyati bor. Ular buning uchun S-400’ni yo‘q qilishi, qaytarib berishi yoki undan xalos bo‘lishi kerakligini bilishadi”, – deb aytgan mansabdor shaxs.

 Uning ta’kidlashicha, Anqarada AQShning Patriot zenit-raketa majmualarini sotib olish imkoniyati bor.

 “Ularda [Turkiya] oldinga borish tanlovi borligini bilishadi va tanlov shundan iboratki, nafaqat ikki tomonlama, balki NATO hamjamiyatida oldinga borish uchun ular S-400’dan xalos bo‘lishlari lozim”, deb qo‘shimcha qilgan davlat departamenti vakili.

 Uning aytishicha, agar Turkiya S-400’dan qutulmasa, unda Anqaraga qarshi sanktsiyalar qo‘llashning “ko‘plab imkoniyatlari” bor.

 O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donalьd Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra Anqara tomonidan S-400 sotib olinishi bilan bog‘liq muammo ijobiy echim topishiga umid bildirgan edi. Trampning ta’kidlashicha, Turkiya tomonidan S-400 kabi zamonaviy qurolning sotib olinishi AQSh uchun “muammo” hisoblanadi.

 Izoh: Roya gazetasining 2019 yil 12 iyun chorshanba kungi 238-sonida Turkiyaning S-400 zenit-raketa majmualarini sotib olish bo‘yicha bitim qanday yakun topishi haqida quyidagicha fikr bildirilgan edi:

 a) Turkiya Amerikaga ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan mustahkam bog‘lanib qolganligi e’tiboridan, bitimni amalga oshirmaydi. Balki S-400 bitimi o‘rniga, Rossiyadan vertolyotlar kabi taktik qurollarni sotib olishi mumkin. Chunki bu kabi taktik qurollarga Amerika ham, NATO ham dushmanona reaktsiya bildirmaydi. Shundan keyin Turkiya Amerikadan o‘z xavfsizligini himoya qiladigan mudofaa uskunalarini olishi mumkin…

 b) Yoki amerikaliklar “yunoncha echim”ni taklif qilishlari mumkin. Ya’ni, bu rus raketalari omborga tashlanib, zang bosib yotadi. O‘rniga Qo‘shma Shtatlardan uch yarim milliard dollar miqdoridagi “Patriot” raketa kompleksini sotib oladi…

 v) Yoxud ruslarning jahlini chiqarmaslik uchun bu kompleksni uchinchi davlatga, ya’ni Hindistonga o‘tkazib yuborish ham mumkin. Chunki Hindiston Xitoyni blokada qilish uchun Amerika strategiyasi bo‘yicha ketmoqda.

 Garchi Turkiya Rossiyadan “S-400” sotib olgan bo‘lsada, uni harbiy shaylik holatiga keltirishni 2020-yilga qoldirdi. Demak, Turkiya hozircha undan foydalanmoqchi emas. Katta ehtimol bilan bu raketa majmualari Hindistonga o‘tkazib yuborilishi mumkin. Kuni kacha AQSh davlat departamenti Hindiston harbiy-dengiz kuchlariga 1 mlrd dollarlik 13 ta Mk-45 artilleriya qurilmasi, o‘q-dori va tegishli jihozlar sotilishini ma’qulladi. AQSh Hindiston armiyasini kuchaytirish orqali bir tomondan Xitoyni tiyib tursa, ikkinchi tomondan yadro quroliga ega yagona islomiy mamlakat Pokistonni ham nazorat ostida ushlab turadi va shu bilan birga uni ham ulkan mablag‘ evaziga o‘zidan qurol-yaroq sotib olishga majbur qilib qo‘yadi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.