Tramp Afgʻoniston mojarosini “hal qilish” uchun Pokistondan yordam soʻradi

878
0

Tramp Afgʻoniston mojarosini “hal qilish” uchun Pokistondan yordam soʻradi

Afgʻonistonni bosib olganiga 17 yildan ortiq vaqt oʻtgandan keyin Vashington “Tolibon harakati” bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kuchaytirmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp Afgʻonistonda davom etayotgan urushda kelishuvga erishish uchun muzokarani qoʻllab-quvvatlashda Islomoboddan yordam soʻrab, Pokiston bosh vaziri Imron Xonga maktub yubordi. Bu haqida Pokiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Tramp oʻz maktubida Afgʻonistondagi mojaroni hal qilish “Eng muhim mintaqaviy yoʻnalish” ekanligini va shu munosabat bilan Voshington Pokistonning qoʻllab-quvvatlashiga va Afgʻonistondagi vaziyatni yengillatishga intilayotganini aytib oʻtgan.

Islomobod tarafidan berilgan bayonotda Tramp urush uchun AQSH va Pokistondan koʻp xarajat sarflanganligini tan olganligi va Islomobod “yaxshi niyat bilan” har qanday muzokaralar yordam berishi aytiladi.

Oq uyda Pokistonning ichki razvedka idoralari va boshqa harbiy tuzilmalar mafkuraviy sabablarga koʻra uzoq vaqtdan buyon Tolibonga qurol-aslaha va mablagʻ bilan yordam berib keladi, degan fikr hukmron. Vashington shuningdek, Islomobod rasmiylarini jihodiy guruhlarning Pokiston hududida joylashib olganiga koʻz yumishda ayblaydi. Islomobod esa buni rad etib keladi.

Bundan avval Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida joriy yil boshida Pokistonga beriladigan milliardlagan dollar yordamni bekor qilganini bildirar ekan, “Pokistonga yiliga 1,3 milliard dollar toʻlaymiz. Endi bunday qilmaymiz. Men bu yordamni toʻxtatdim, chunki ular biz uchun hech narsa qilishmayapti. Bitta ish ham qilishmayapti”, degan edi.

Trampning bu daʼvolariga Pokiston bosh vazir Imron Xon oʻzining Tvitterdagi sahifasi orqali shunday javob qaytargan edi: “Tolibonga qarshi kurashda biz ularga yordam berdik. Bunda 75 mingdan ortiq kishi hayotdan koʻz yumdi, 123 milliard dollardan ziyod moliyaviy zarar koʻrdik. AQSHning 20 milliard dollar yordami bizning xarajatlarimiz oldida arzimas miqdordir”, “Tramp mana shunday qurbonliklar beradigan ittifoqdosh topa olarmikan?!”, Qoʻshma Shtatlar oʻz xatolarini yashirish uchun Pokistonni ayblash oʻrniga, 1 trillion dollar sarflanganiga qaramay Tolibon nima uchun oldingidan ham kuchliroq, mana bu savolga javob bersin”.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.