Hizbni tark qilganlar va nusratning kechikishi haqida

599
0
Too Many Questions. Pile of colorful paper notes with question marks. Closeup.

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Hizbni tark qilganlar va nusratning kechikishi haqida

Savol: Agar savolim, ayniqsa, ikkinchi savolim qaltis boʻlsa, uzr soʻrayman. Bu narsa anchadan beri ichimda gʻumillab kelayotgandi… Nima boʻlganda ham, savolimga javob berilsa ham, berilmasa ham yaxshi. Mening tushunishimcha, bunga oʻxshash holatda masʼul odam savol beruvchidan koʻra vaziyatga yaxshi baho beradi. Savolim ikki qismdan iborat:

Birinchi qismi: Hizb ish boshlaganiga oltmish yildan koʻp boʻldi. U ogʻir sharoitlarda faoliyat olib bormoqda. Boshqa jamoalar bunday sharoitlarga kamdan-kam yoʻliqadi. Bunday omonatni hamma yigitlar ham koʻtara olmay, baʼzilari tashlab ketib qoladi… Shunday ekan, nima uchun oʻsha daʼvat yukini koʻtara olmagan yigitlarning sharoiti qadrlanmayapti? Tark qilganlarga nisbatan “notinch” pozitsiya egallash oʻrniga, ularni maʼzur tutilsa boʻlmaydimi?

Ikkinchi qismi quyidagicha:

Mana shuncha yillar oʻtdi hamki, hali maqsadga yetisha olmadik. Bu narsa – nusrat talab qilish yaxshi ado etilmaganini anglatmaydimi?

Yuqorida aytganimni yana takrorlayman, savolim, ayniqsa, ikkinchi savolim qaltisligini oʻzim ham bilib turibman… Bu savolimga javob berilsa ham, berilmasa ham yaxshi… Men qalbim Hizbga muhabbat ila toʻlgan holda hamda uning fikr va tariqatini toʻgʻri, deb bilganim holda savol beryapman. Savolimdan faqat yaxshilikni istayman. Bemaʼnilik yoki gap-soʻz koʻpaytirish niyatidan mutlaqo yiroqman. Zotan, koʻzlar xiyonatini ham, dillarda nimalar yashiringanini ham Alloh bilguvchidir.

Javob: Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh

Toʻgʻri, ikkinchi savolingiz qaltis… Ehtimol bunday mavzuning munosib oʻrni savollarga javob nashramiz orqali emas, balki yuzma-yuz uchrashganda boʻlsa yaxshi boʻlarmidi… Biroq zolim togʻutlarga Allohning laʼnati boʻlsinki, ular haq soʻz va uning ahlini qayerda boʻlmasin taʼqib qilishmoqda… Yomonlik va uning ahlini esa, erkin tashlab qoʻyishgan.

Nima boʻlganda ham, paygʻambarlar siyrati hamda togʻut, zolim va ruvaybizalar hukmron boʻlgan barcha asrdagi solihlardan iborat daʼvat ahlining siyrati mana shudir… Zero, oqibat taqvodorlarnikidir.

Bizga bunga oʻxshash savollar ishora bilan yoki ochiq tarzda ilgari ham berilgan. Biroq Islom va uning ahlini yomon koʻradiganlar tomonidan berilgan. Ular haqni bilish uchun soʻrashmagan, balki gap-soʻz paydo qilish hamda dunyo matosiga erishish maqsadida insondan boʻlgan shaytonlarga va ularning gumashtalariga xizmat qilish uchun soʻrashgan. Biz ularga javob berib oʻtirmaganmiz. Chunki ular savolni haqni bilish va javobdan foydalanish maqsadida berishmagan. Aksincha, gapni boshqa tomonga burish bilan nizo va fitna chiqarish maqsadida savol berishgan. Oʻzlarini oʻzlari fitnaga tashlaganiga aqllari yetmagan!… Shuning uchun biz ularning savollariga parvo qilmaganmiz.

Biroq men sizning savolingizda rostgoʻylik, savol berish odobi va chiroyli soʻzlarni koʻrdim. Shu bois sizning savolingizga javob beraman. Lekin faqat tushunarli tarzda beraman, insha Alloh. Xususan, ikkinchi savolingiz boʻyicha tafsilotga kirishib oʻtirmayman. Chunki bu yer uning oʻrni emas. Shunday qilib, javob berishni boshladim, Allohning Oʻzi yordam bersin:

1 – Savolning birinchi qismiga javob:

Savolda kelgan “notinch” pozitsiya, degan gap tushunarsiz. Chamasi bu gapdan – sodir etayotgan yomon qilmishlari sababli biz ularga yumshoq muomala qilmagan va eʼtiborsiz tashlab qoʻyilgan – baʼzi bir tark qilgan kimsalarga xos boʻlgan holatlar nazarda tutilgan boʻlsa kerak… Agar toʻgʻri tushungan boʻlsam, masala bunday:

Biror bir yigit oʻzidagi maʼlum sharoitlar tufayli, ayniqsa, daʼvat har tomonlama paydar-pay qiyinchiliklar iskanjasida qolgan bugungi zamonda daʼvat yukini koʻtara olmayotganini biz tushunamiz. Baʼzi yigitlarni daʼvat yuki ezib qoʻygani sababli uni koʻtarishdan oʻzini olib qochyapti, qiyinchiliklari oldida zaiflik qilyapti, Alloh rizosi va oxirat muhabbatidan dunyo muhabbati va ziynati gʻolib kelib qolyapti… Siz undan – nega Hizbni tark qildingiz, deb soʻrasangiz, ishoning, u maʼlum sharoitlar sababli daʼvatni koʻtarolmayapman, deydi va Allohning izni ila, qiyinchiliklarni yengib, yana qaytishga urinadi… Biz ularni tushunamiz va ular bilan chiroyli munosabatni saqlab kelyapmiz, Allohdan ishlarini oʻnglab olish tomonga yetaklashini, qayta daʼvatni koʻtarishlari va shu orqali faoliyatdan oʻtirib qolish gunohini yaxshi faoliyatlari bilan yuvishlarini soʻrayapmiz. Chunki Allohning izni ila, savob amallar gunohlarni ketkazadi.

Ammo “yomon qilmishlarni sodir etayotgani sababli biz tomondan yumshoq muomala qilinmayotgan va eʼtiborsiz tashlab qoʻyilayotgan” kimsalarga kelsak – zero, savolingizda siz buni “notinch pozitsiyalar”, dedingiz – bular yoʻldan ozgan va shu sababli Hizbni tark etgan kimsalardir. Qilmishlari uchun Allohga istigʻfor aytib, tavba qilib, faoliyatdan oʻtirib qolishlari va yoʻldan ozishlari oʻrnini yaxshi amal va chiroyli soʻzlar bilan toʻldirish oʻrniga, aksini qilishyapti. Yaʼni faoliyatdan oʻtirib qolganliklarini va yoʻldan ozganliklarini Hizbga, uning qiyodatiga, masʼullariga tuhmat yogʻdirish bilan oqlamoqchi boʻlishadi… Yolgʻon gap ogʻizlarining bir chetidan chiqib ketadi. Vaholanki, yolgʻon Allohning shariatida katta, ulkan gunohdir… Imom Muslim oʻzining “Sahih”ida ushbu rivoyatni ishlab chiqqan: Bizga Aʼmash Shaqiqdan, u Abdullohdan hadis rivoyat qilgan: Rosululloh ﷺ bunday dedilar:

“…وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَكْذِبُ وَيَتَحَرَّى الْكَذِبَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ كَذَّابًا”

“… Yolgʻondan saqlaninglar. Chunki yolgʻon fujur-buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik esa, doʻzaxga yetaklaydi. Kishi yolgʻon gapni gapiraversa, yolgʻonlari qasddan boʻlsa, u Allohning dargohida “kazzob”, deb yozib qoʻyiladi”. Shunga qaramay, undaylar tuhmat qilib, yolgʻon gapirishyapti! Bilʼaks, oʻzing ham tinch yurma, birovga ham tinchlik berma, degandek, boʻhtonu tuhmatlarga toʻla qora xatlar tarqatishyapti… Sodir etgan yomon qilmishlari uchun biz tomondan yumshoq muomala qilinmayotgan va eʼtiborsiz tashlab qoʻyilayotgan kimsalar mana shulardir.

Biroq, maʼlum sharoitlari sababli daʼvatning ogʻir yukini koʻtarolmay, zaiflik qildik, deya rostini aytganlar esa, biz ularning holatini tushunamiz, ularga yaxshi gapirib, ayni sharoitlarini yengib oʻtishlariga qoʻlimizdan kelgancha yordam beramiz.

Shu oʻrinda sizga oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeani aytib bersam:

Bir paytlar maʼlum yurtning masʼuli edim. Alloh rahmat qilsin, ikkinchi shayximizdan menga tark qilganlardan biri bilan uchrashish va Hizbga qaytishi yoʻllarini u bilan oʻrganish toʻgʻrisida xabar keldi. Chunki oʻsha tark qilgan kishi yaxshi inson edi. Biz uning ongli va tushunchali kishi ekanini bilar edik… Xullas uning oldiga bordim:

Nima uchun Hizbga qaytmayapsiz, deb soʻradim? U “ey Abu Yosin, men bunday ogʻir yukni koʻtaradigan kuchli inson emasman, qamoqqa tushdim va bir necha kun chidolmay Hizbdan tondim. Chiqqanimdan keyin men bunday ogʻir yukni koʻtarishdan zaif ekanimni bildim”, deb javob berdi. Men uni Hizbga qaytarishga koʻndirolmasam-da, biroq u muayyid boʻlib qoldi, dushmanlik qilmadi… Biz oʻshanday rostini gapiradigan yigitlarni hurmat qilamiz va haqqiga duoi xayr qilib qolamiz… Ammo oʻz zaifligini birovlarni ayblash bilan oqlamoqchi boʻladigan kimsaga kelsak, u – falon masʼul unday, piston masʼul bunday boʻlgani uchun tark qilganman, deb aytadi. Masʼulni nohaq ayblab, hatto tuhmatlar ham qiladi, oʻzini yaxshi ish qilyapman, deb oʻylaydi! Undaylar Allohga tavba qilib, istigʻfor aytish oʻrniga, Hizbga va qiyodatiga dushmanlik toshlarini otayotganiga, buning uchun intiqom oluvchi Jabbor zotdan qoʻrqmayotganiga guvoh boʻlasiz. Bunga oʻxshagan tark qilganlar, maʼzur tutilishga loyiq emas. Ha, yomon qilmishlari uchun bunday kimsalarga yumshoq muomala qilmaymiz va ularni eʼtiborsiz tashlab qoʻyamiz.

2 – Savolning ikkinchi qismiga javob:

Javob berishdan oldin Rosululloh ﷺning nusrat talab qilishlari haqidagi ayrim maʼlumotlarni keltirmoqchiman, bu javobga yordam beradi:

Rosulullohga yordamchi neʼmat boʻlgan Xadija roziyallohu anho onamiz vafot etdilar… Keyin Rosululloh ﷺni Qurayshning ozorlaridan himoya qiluvchi amakisi Abu Tolib vafot etdi… Bu paygʻambarlikning oʻninchi yilida boʻldi va oʻsha yil mahzunlik yili, deb ataldi. Shundan soʻng Alloh Subhanahu Rosuli ﷺni ikkita buyuk neʼmat ila ikrom qildi: biri Isro va Meʼroj, ikkinchisi talabi nusratga izn berish… Natijada, Rosululloh ﷺ Banu Saqif, Banu Omir, Banu Shaybon, Banu Hanifa… kabi qabilalardan oʻn martalab nusrat talab qildilar… Ulardan birortasi ham Paygʻambarimiz ﷺga javob qilmadi. Hatto baʼzilari habibimiz ﷺning muborak oyoqlarini qonatib, juda xunuk suratda javob qaytarishdi. Rosululloh ﷺ Musʼabni Madinaga yuborgach, Alloh uning yoʻlini ochdi va u yerdagi qudrat va yordam ahlidan iborat bir guruh ansoriylar nusrat talabini qabul qildilar. Ular haj mavsumida Makkaga kelib, Rosulullohga nusrat bayʼatini, ikkinchi Aqaba bayʼatini berishdi. Soʻng Rosululloh ﷺ Madinaga borib, davlat barpo etdilar.

Savol tugʻiladi: Xoʻsh, Rosululloh ﷺ nusrat talab qilishni yaxshi ado etolmadilarmi, shuning uchun ul zotning talablari qabul qilinmadimi? Yoki nusrat talab qilishni Rosululloh ﷺ yaxshi ado etishlaridan ham koʻra koʻproq Musʼab yaxshi ado etdimi? Buning javobi albatta yoʻq, unday emas. Balki har bir narsa uchun vaqt belgilab qoʻyilgan:

 إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْرًا 

“Albatta Alloh Oʻzi (xohlagan) ishiga yetguvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor-oʻlchov qilib qoʻygandir” [Taloq 3]

Biz – ey birodar – Rosululloh ﷺga ergashamiz va nusrat talab qilishda qattiq gʻayrat koʻrsatamiz. Shu bilan birga, har bir ishda Allohga tavakkal qilgan holda, imkonimiz boricha nusrat talab qilish ishini yaxshi va puxta ado etishga harakat qilamiz. Alloh buyurgandek tarzda ado etayotganimizga – insha Alloh – koʻnglimiz xotirjam boʻlishi uchun ishni diqqat bilan oʻrganib tekshirib boramiz.

Biroq ushbu yoʻlda toʻxtovsiz davom etar ekanmiz, ikki narsani qalblarimiz va aqllarimizga yaxshilab joylab olganmiz:

Birinchi: Xalifalikni barpo etish uchun faoliyat har qancha yaxshi-chiroyli qilinmasin, Alloh Azza va Jallaning Oʻzi uning qachon va qayerda barpo boʻlishini belgilab qoʻygan.

Ikkinchi: Allohning qonuni shuni taqozo qiladiki, Xalifalik oʻtirib qolgan yalqovlar qoʻli bilan ham boʻlmaydi, osmondan farishtalar tushib, bizning oʻrnimizga uni barpo qilib ham bermaydi. Yoʻq, Xalifalik Alloh tezlashtirib bersa-shukr qiladigan, uzoqlashtirib bersa-sabr qiladigan, Allohning marhamatidan hargiz noumid boʻlmaydigan, to Allohning ishi kelgunga qadar Uning hukmini tiklash ustida sustkashlik qilmay, tinimsiz davom etadigan gʻayratli jiddiy faol moʻminlar bilaklari bilan barpo boʻladi, insha Alloh.

Xulosa:

Xalifalikni barpo qilishdagi nusrat kechiksa, albatta buning sababi nusratning yaxshi talab qilinmagani boʻlmaydi. Axir, Rosululloh ﷺ oʻnlab marotaba nusrat talab qilganlarida ham qabul qilinmadi. Vaholanki, ul zot bu ishni yaxshidan ham aʼlo darajada bajargandilar. Ammo Musʼab roziyallohu anhuning nusrat talab qilishi qabul qilindi. Holbuki, u ayni ishni Rosululloh singari aʼlo darajada bajarolmaydi. Shuning uchun har bir narsa uchun vaqt belgilab qoʻyilgan.

Insha Alloh, biz bu ishlarni yaxshi anglab, chiroyli yoʻsinda davom ettiryapmiz… Faoliyat qilar ekanmiz, qalbimiz xotirjam. Qudrati ulugʻ Robbimiz bizdan oldin imon bilan oʻtgan zotlar uchun amalga oshirib bergan ishni bizga ham albatta amalga oshirib berishidan koʻnglimiz toʻq.
﴿وَاذْكُرُوا إِذْ أَنْتُمْ قَلِيلٌ مُسْتَضْعَفُونَ فِي الْأَرْضِ تَخَافُونَ أَنْ يَتَخَطَّفَكُمُ النَّاسُ فَآوَاكُمْ وَأَيَّدَكُمْ بِنَصْرِهِ وَرَزَقَكُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ﴾

“Eslang, sizlar yerda ozchilik va nochor boʻlgan holingizda, odamlar talab ketishlaridan qoʻrqib turgan paytingizda (Alloh) sizlarga joy berib, Oʻz nusrati bilan qoʻllab-quvvatladi va shukr qilishingiz uchun pokiza rizqlar bilan bahramand qildi!” [Anfol 26]

Alloh bizga boshpana beribgina qolmaydi, balki Oʻz nusrati bilan qoʻllab, pokiza rizq beradi. Buning uchun butun olam Parvardigori Allohga beadad hamdlar boʻlsin.

Soʻzim nihoyasida savol bergan birodarimizga salom yoʻllab, duoi xayr qilib qolaman.

                                                                                                             11 shavvol 1439h

                                                                                                             24 iyun 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.