Tojikistonda Islomiy liboslarga qarshi kurash davom etmoqda

587
0

Tojikistonda Islomiy liboslarga qarshi kurash davom etmoqda

Tojikiston hukumati mamlakat ichida ayollarning qanday kiyinishi haqida “Tavsiyalar” nomli kitob nashr qildi. Tojikiston madaniyat vazirligi tomonidan nashr qilingan kitobda 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan tojik ayollariga mos liboslar taqdim etiladi.

“Osiyo-Plus” internet saytida tarqatilgan xabarga koʻra, ish joylarda, milliy va rasmiy bayramlarda, toʻylarda, hatto dam olish kunlarida tojik ayollarining qanday kiyim kiyishi haqida ushbu kitobda tavsiyalar mavjud.

Kitobda shuningdek, “tojik ayollari nimani kiymasligi lozim” nomli bob uchun ham keng oʻrin ajratilgan. Islomiy kiyimlar, qora liboslar, muslimalarning hijoblari va rumollari tavsiya etilmaydigan kiyimlar orasida koʻrsatilgan. Tojik jamiyatida Islomiy libos sanalmish rumol va hijob keng tarqalgan boʻlsa-da, davlat prezidenti Emomali Rahmon Islomiy kiyimlarni qattiq tanqid qilib keladi.

Sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida boʻlgan Tojikistonda, aholining katta qismi musulmon boʻlib, Islomiy hukmlarga amal qilishda mahkam turadigan xalqlardan biridir. Shunday boʻlishiga qaramay hukumat Islomiy asosdan kelib chiqqan tojik madaniyatini “milliylik” bahonasida Islomdan uzoqlashtirish uchun ish olib bormoqda.

Mazkur kitobga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardan tanqidlar yogʻildi. Ayrimlar hukumatni, Tojikistonni Shimoliy Koreyaga aylantirishda aybladilar. “Madaniyat vazirligi bunday bemaʼni narsalarni oʻylab topish oʻrniga boshqa masalalar bilan shugʻullansa boʻlardi”, deydi ular.

Baʼzilar esa anʼanaviy liboslarning juda qimmat bahoga sotilishidan shikoyat qilib, “Bizga bu kiyimlarni Madaniyat vazirligi sotib olib beradimi?”, deya tivit qoldirdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.