Merkel: Yevropa AQSh va Britaniyaga suyanishdan voz kechishi lozim

376
0

Merkel: Yevropa AQSh va Britaniyaga suyanishdan voz kechishi lozim

Germaniya kantsleri Angela Merkel Yevropa bundan buyogʻiga Donald Tramp idora etayotgan AQShga va Yevropa Ittifoqidan ajralmoqchi boʻlgan Britaniyaga suyanishni bas qilishi zarurligini bildirdi. Merkel bu ikki davlat hamda shular qatori Rossiya bilan ham doʻstona munosabatlarda boʻlish istagi borligini bildirar ekan, biroq Yevropa oʻz taqdirini oʻzi belgilashi uchun harakat qilishi lozimligini taʼkidladi.

“Shuni yaxshi anglab yetishimiz lozimki, oʻz taqdirimiz uchun oʻzimiz kurashga majburmiz. Boshqalarga tayanib ish qiladigan kunlar oʻtdi. Soʻnggi bir necha kun ichida bu davrning bitganligiga shaxsan oʻzim guvoh boʻldim”, dedi Myunxen shahrida saylov kampaniyasi doirasida uyushtirilgan mitingda nutq soʻzlagan Merkel.

Merkel bundan soʻng Germaniya uchun avvalo Frantsiyaning yangi prezidenti Emmanuyel Makron bilan oʻrnatiladigan munosabatlar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, “Biz yevropaliklar oʻz taqdirimizni oʻz qoʻlimizga olishimiz kerak”, deya qoʻshimcha qildi.

Merkelning AQShga qaratilgan tanqidlari ortidan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Sigmar Gabriyel ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Gabriyelning bildirishicha, AQSh maʼmuriyatining kaltabin siyosati Gʻarb davlatlarini zayiflashishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻzining qoʻpol muomalalari bilan tanilgan AQSh prezidenti Dolald Tramp Merkel va Gabriyelning bayonotlariga tvitter ijtimoiy iarmogʻi orqali javob yoʻlladi. “Germaniya bilan oʻrtamizda juda katta miqdorda tijoriy kamomad mavjud. Buning ustiga u NATOga toʻlash kerak boʻlgan mablagʻni ham toʻlamayapti. Bu AQSh uchun yaxshi emas. Bu albatta oʻzgaradi”, deya tivit qoldirdi Tramp.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.