Erdogʻan: Doʻstim Putinning qoʻllab quvvatlashiga muhtojman

670
0

Erdogʻan: Doʻstim Putinning qoʻllab quvvatlashiga muhtojman

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan Rossiya telekanallarining birida Mixail Gusman tarafidan olib borilgan “Formula vlasti” dasturining mehmoni boʻldi. Yaqin Sharqda yuz berayotgan hodisalarga toʻxtalgan Prezident Erdogʻan Rossiya bilan hamkorlik qilish uchun har qanday qadam tashlashga tayyorligini bildirdi.

“Ushbu mintaqada terrorizmga qarshi umumiy kurashda hurmatli va qiymatli doʻstim Putinning qoʻllab quvvatlashiga muhtojman. Ushbu sohada biz Rossiya bilan hamkorlik qilish uchun kerak boʻlgan har bir qadamni tashlashga tayyormiz”, dedi Turkiya prezidenti.

Erdogʻan Rossiya samolyotining urib tushirilishi hodisasini ham eʼtibordan chetda qoldirmadi. Uning taʼkidlashicha fojeaning haqiqiy aybdorlari jazosini olmoqda.

“Bu mavzu haqida maktubimda ham yozgan edim va buning bizlar uchun ham qaygʻuli hodisa boʻlganligini bildirgan edim. Suriya hududida yuz bergan bu voqeaga aloqador kishilar hozirda qoʻlga olinib sud hukmiga topshirilgan. Tergov davom etmoqda. Rus uchuvchisining oʻlimiga sabab boʻlgan shaxs shu onda qamoqda yotibdi”, dedi u.

Erdogʻan suhbat chogʻida dengiz sohillari rus sayyohlariga muntazir ekanligini taʼkidlar ekan, turist sifatida rossiyaliklarning Turkiyaga koʻproq kelishiga umid bildirdi.

“Xalqlarimiz bir biri bilan eng koʻp aloqa qiladigan soha bu – turizm sohasidir. Oʻtgan yili Rossiya sayyohlarining soni eng yuqori koʻrsatgichga yaqinlashgan edi. Bu yil, ehtimol, rus sayyohlarining soni yuqori koʻrsatgichga yetib, nemislarni ham ortda qoldirishi mumkin edi… Lekin men ishonamanki, kelajakda turizm hamkorligimiz yanada kuchayadi. Mana, oila rishtalari ham ortib bormoqda. Bugungi kunda Turkiyada, ayniqsa, taʼtil mintaqalarida hech qanday muammo yoʻq. Xavfsizlik borasida barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Kelajakda ham davom ettiramiz. Shuning uchun hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq. Ayni paytda dengiz sohillarimiz xavfsiz va sayyohlar kelishini kutmoqda. Nafaqat dengiz turizmi, balki madaniyat, sogʻliqni saqlash, golf, togʻ turizmi ham mavjud”, deya qoʻshimcha qildi Erdogʻan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.