Kurd musulmon xalqidir

467
0

Kurd musulmon xalqidir

Amerika Iroqni bosib olgandan buyon unga irqchilik va mazhabparastlik asosida boʻlib tashlashda gavdalanuvchi yangi xarita chizib bera boshladi. Shu bilan birga, kurdlar uchun davlat qurib berish ham AQSh siyosatlaridan biri boʻlib keldi. Buni amalga oshirish maqsadida Iroq uchun dastur ishlab chiqdi. Dastur matnida “boshqaruv federal boʻlishi” aytildi. Shuningdek, 1-modda va 116-moddalarida ham “Kurdlarning alohida oʻz oblasti, bu oblastning oʻz hokimiyati boʻladi”, deyilgan, 117-modda uni tasdiqlagan. 119-moddada “yana boshqa oblastlarni ochish lozim”ligi aytilgan. AQSh kongressi 2006 yilda senator Jozef Bayden Amerika kongressiga taqdim etgan xomaki qarorni qabul qildi. Unda “Iroqni uch oblastga boʻlish: shia, sunniy va kurdlarga avtonomiya berish” qayd etilgan. Senator Bayden AQSh vitse-prezidentligi lavozimini egallagach – hozir ham shu lavozimni bajarmoqda – shu qaror ijrosini Obama prezidentligi maʼmuriyati siyosati doirasida ijro qilyapti, Obama Iroq ishini shaxsan unga topshirgan. Zotan, fitna, oʻzaro qirpichoq boʻlish va boʻlinish kabi Iroqdagi hodisalarning hammasi bevosita yoki bilvosita AQSh rejasi bilan boʻlyapti. Bu davlat ayni ishlarni yurt ichkarisidagi qoʻgʻirchoqlari, asosan, Iroq hukumati qoʻli bilan sodir etyapti, ularga Eron boshchiligidagi regional davlatlar yordam beryapti. Shu tarzda AQSh “kurdlar masalasi”ni Iroqni boʻlish uchun boshlanish nuqtasi qilib oldi, shu orqali yurtni oʻz nazorati ostida, talash oson boʻlgan parchalangan zaif davlatga aylantirib olmoqchi. Toki, Iroq Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlati qayta barpo boʻlishida boshlanish nuqtasiga aylanishga yaramasin.

Suriyaga kelsak, AQSh uni ham eʼtibordan qochirmay, uning uchun alohida voqe yaratishga harakat qilyapti. Buni Demokratik Ittifoq partiyasi (PYD) va Xalq Mudofaasi otryadlari (YPG) kabi kurd millatchi harakatlari vositasida amalga oshiryapti. Mabodo, Suriya ahli ilmoniy rejim va uning muassasalarini, AQSh nufuzini saqlab qolish koʻzlangan siyosiy yechimni qabul qilmagudek boʻlsa, shu partiyalarni xalqqa qarshi qurol sifatida ishga solishni koʻzlagan. Buning oxirida kurdlar uchun mahalliy yoki avtonom boshqaruv shaklini oʻzida mujassamlagan bir konstitutsiya boʻlishi mumkin.

Turkiya bundan choʻchimoqda. Chunki bu ish teskari tus olib, kurd separatistik harakatlarini, xususan, Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK)ni gijgijlab, ularni ham shunday talablarni qilishga undashi mumkin. 1978 yil Turkiyada kurd davlati barpo qilish maqsadida tashkil topgan “PKK”ni Suriyadagi amerikaparast rejim oʻz bagʻriga olgan. Bu partiya 1984 yildan beri Turkiyaga qarshi koʻtarilgan va hanuz davom etayotgan qurolli isyonga yetakchilik qilyapti. U Turkiya Suriyaga hujum qilishga harakat qilgunga qadar Suriya yerlarida harakat qildi va nihoyat, 1998 yili Adana bitimi boʻlib oʻtib, unga koʻra, ayni partiya rahbari Oʻjalon va uning tarafdorlari Suriyadan chiqarib tashlandi, Buqodagi mashq oʻtkazuvchi yerlari yopib qoʻyildi. Demak, AQSh ayni partiya va uning rahbaridan oʻzining Suriyadagi malay rejimini saqlab turishda koʻp foydalandi.

Hozir AQSh Turkiya roliga muhtoj. Chunki siyosiy yechimini zoʻrlab tiqishtirishda omadi chopmadi va Obama maʼmuriyati ham ketish arafasida. Shu bois Obama ketishdan oldin qisman boʻlsa ham biror muvaffaqiyat qozonmoqchi boʻlyapti va bunda Turkiyani qoʻzgʻolonni toʻxtatish uchun faol rol oʻynab berishga undayapti. Maʼlumki, Turkiya Suriyadagi ayrim jangchi guruhlar bilan turli aloqalarga ega va shu bois koʻplab guruhlarga taʼsir oʻtkazishi mumkin va ularning koʻplab yashirin jihatlarini ham biladi. Suriyada oʻt ochishni toʻxtatishni va shu orqali qoʻzgʻolonni oʻchirishni, rejim bilan muzokarani qayta boshlashni zoʻrlab tiqishtirish uchun Rossiya bilan mushtarak kuchlar tashkil qilishi ham ehtimoldan xoli emas. Ana shunda Turkiya Suriya masalasini hal eta oldi, deya maqtaladi va bu demokratlar foydasiga xizmat qiladi. Hozirda demokratlar boshqaruvni qoʻllariga olish maqsadida oʻz nomzodlariga koʻproq ovoz toʻplash uchun saylovlar masalasiga shoʻngʻib ketishgan. Shuning uchun AQSh shu vaqt mobaynida kurd jangchi guruhlarni Gʻarbiy Furot mintaqasidan haydash orqali Turkiyani rozi qilishga urinyapti. Holbuki, Amerika ilgari bunday qilmagan edi, malayi Erdoganning 2014 yildan beri xoʻjayini Amerikaga qarshi dod-faryod qilib norozilik bildirishlariga yoki Amerika bizning “Strategik hamkor, ittifoqchi va doʻst qanday qilib, terroristik bir partiyani qoʻllab-quvvatlaydi” degan gaplariga ilgari parvo ham qilmasdi. Yaqinda 2016 yil 20 avgustda uning bosh vaziri Bin Ali Yildirim ham “Amerika bir strategik ittifoqchimizdir, dushmanimiz emas”, deya taʼkidladi.

Amerika bu ishni Eron va uning Livandagi hizbi eplolmagach, Rossiya vositasida amalga oshishiga umid qilgandi. Shuning uchun hozir Turkiyaga muhtojligi sababli, undan talab qilgan barcha ishlarini dod-faryod qilmay, norozilik bildirmay bajarishi uchun uni qisman rozi qilmoqda. Yaʼni amerikaparast kurd tashkilotlaridan Gʻarbiy Furotdan chiqib ketishni talab qildi. Shuningdek, Amerika 2016 yil 24 avgustda prezident oʻrinbosari Bayden tilidan “QASD” Suriya demokratik kuchlariga poʻpisa qildi. Xalq Mudofaasi otryadlaridan asosiy qoʻllab-quvvatlanuvchi bu kuchlarga – agar Furot orti yurtlariga chiqib ketmaydigan boʻlsa, ulardan qoʻllab-quvvatlovni kesib qoʻyish bilan poʻpisa qildi. Bu esa Manbajdan daryo orti tomon chiqib ketishni anglatadi. Bayden ham “QASD” bizning taʼlimotlarga rioya qilmaydigan boʻlsa, uni biror tarzda tinimsiz qoʻllab-quvvatlayverishimiz mumkin emas”, dedi. Ammo bu Amerikaning Turkiyani vaqtinchalik rozi qilishdir. Zero, Turkiya buning evaziga Amerikadan Suriyadagi istagan ishlarini talab qildi. Masalan, Turkiya bosh vaziri Bin Ali Yildirim 2016 yil 24 avgustda Anqarada AQSh prezidenti oʻrinbosari bilan oʻtkazgan matbuot konferentsiyasida bunday dedi: “Turkiya va AQSh Demokratik Ittifoq partiyasi bilan Xalq Mudofaasi otryadlarining Suriyadagi Gʻarbiy Furotda joylashgan mintaqalarga koʻchib oʻtmasligiga oid bitim imzoladi”. Tashqi ishlar vaziri Chovushoʻgʻli ham uning davlati “AQShga terroristik “PKK” tashkilotining Suriyadagi qanoti boʻlgan Xalq Mudofaasi otryadlarining Furot daryosi Gʻarbidan chiqib ketishini tezlashtirish zarurligini taʼkidlaganini bildirdi. U jumladan, “Turkiyaning maqsadi, IShIDni janubga haydashdir, AQSh bilan birga biz buni boshdan rejalashtirganmiz” dedi. Demak maqsad, kurd tashkilotlariga qarshi kurash emas. Balki Turkiya ularni oʻzining Gʻarbiy Furot boʻylab chegaralaridan uzoqlashtirishni, shu orqali Turkiya ichkarisidagi kurd mintaqalaridan xavfni yoʻq qilishni istaydi. Chunki Turkiya yaxshi biladi, bu va bunga oʻxshash tashkilotlar Amerikaga tobe, uning rejasini bajarishadi, Amerika bilan birga Islomiy Davlat tashkilotiga qarshi kurash niqobi ostida Suriya qoʻzgʻoloniga qarshi ittifoqchilik qilishadi. Chunki nishon Suriya qoʻzgʻoloni, unga zarba berish va uni yoʻq qilishdir, Islomiy Davlat tashkiloti esa buning uchun bir bahona, xolos, bularni Turkiya yaxshi biladi.

Turkiya shu orqali separatist kurd tashkilotlarini ham, Suriyadagi kurdlarning biror davlat qurishlari xavfini ham uzoqlashtirdim, yurt ichkarisidagi kurd mintaqalariga endi adovat solinmaydi deb oʻylayapti. Ammo u buning vaqtincha ekanini bilmayapti. Amerika bugun shunday qilayotgan boʻlsa-da, ertaga kontratakaga oʻtib, kurdlardan Turkiyaga bosim qilishda yana foydalanadi. Mana, Turkiyaga qarshi Iroq shimolida shunday ish qilgan. Bu mintaqaga Turkiya isyonchi kurdlarga zarba berish uchun kirib-chiqib yurardi, uni avtonom mustaqil davlatchaga aylantirib, qoʻydi… Turkiya uning barpo boʻlishiga qarshi chiqqan edi, uni rozi boʻlishga majbur qildi. Buni AQSh Iroqni bosib olgandan soʻng shunday qildi. AQSh Iroq shimoliga kirgach, Ansorul Islom guruhlariga zarba berdi, birinchi zarbadayoq 300ga yaqinini qirib tashladi. Biroq “PKK” tashkilotiga qoʻlini ham tekizmadi, to hozirga qadar Turkiyaga zarba berish bilan Iroq shimolida bemalol izgʻib yurishiga qoʻyib berdi. Hatto bu tashkilotga yon berishini, u bilan yarashishga kirishib, ayrim talablarini bajarib berishni, biror siyosiy partiya tuzishiga ruxsat berishni Erdogandan talab qildi. Bu partiya mahalliy yoki avtonom kurd boshqaruvini talab qilayotgan Xalq Demokratik partiyasidir. Shuning uchun kurd masalasidagi xavf Turkiyaning oʻzining ichida. Bunga Turkiyaning oʻzi aybdor, sababi u AQShga tobe, buyruqlariga itoatkor, doim uning siyosatini ijro etadi, shu orqali bu shayton davlatni rozi qilaman va uning yovuzligini tiya olaman, deb oʻylayapti. Amerika esa uning aynan shu gumonidan ustamonlik va ayyorlik bilan foydalanyapti… foydalanib boʻlgach, yana separatist kurdlarga qarshi kurashishiga qoʻyib beryapti, undan yana kurdlarga yon berishni talab qilyapti…

Hozirda amerikaparast kurd guruhlari norozilik bildirishdi. 2016 yil 24 avgustda Kurdlarning Xalq Mudofaasi otryadlari matbuot voizi Raydur Xalil Turkiyaning Suriyaga harbiy aralashuvi “Suriyaning ichki ishlariga ochiqdan-ochiq burun suqishdir…”, dedi. Keyin bunday qoʻshimcha qildi: “Turkiyaning Xalq Mudofaasi otryadlaridan Furot sharqiga chiqib ketishni talab qilishi qabul qilib boʻlmas talabdir. Ammo AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi Suriya Demokratik kuchlari ittifoqi tomonidan boʻlsa, boshqa gap. Chunki bu ittifoqning asosiy qismi IShID tashkilotiga qarshi kurashayotgan kurd jamoasini tashkil qiladi”. Demakki, Raydur Xalil kurd kuchlari Amerikaga tobeligini tushunadi, shu bois u bitta ishora qilsa, bas, darhol uning buyrugʻini ado etadi. Haqiqatdan ham bu millatchi kurd jangchi guruhlari oʻzlarini Amerikaga tayyor ulov qilib berishdi, Amerika xohlagan tomoniga ularni tortib ketyapti.

Amerika “kurdlar masalasi”dan gʻoyat ustalik bilan foydalanyapti, oʻz rejasini millatchi kurd guruhlarini qoʻli bilan ishga solyapti, mustaqil kurdlar davlati qurish orzularini ushalishiga yordam beraman, deya oʻzining shaytoniy vaʼdasini beryapti. Bu davlatni oʻz manfaatidan boshqa narsa aslo qiziqtirmaydi, shu manfaati yoʻlida turklardan ham, kurdlardan ham, boshqa xalqlardan ham foydalanaveradi va oʻzi xohlagan payt ularni bir-biri bilan urushtirib qoʻyaveradi, xohlagan payt esa yana hammasining boshini bitta qiladi, xuddi hozirda IShIDga (terrorizmga) qarshi kurashida qoʻllayotgani kabi.

Albatta, musulmon kurd xalqi Islomini qizgʻanuvchi magʻrur xalq. Turixda Islomga xizmat qilish, bayrogʻini koʻtarish, yurtlarini mudofaa qilishda ulugʻ ishlar qilgan. Bu xalqning faxrlanishi uchun gʻarblik salibchilarni yer tishlatgan Salohiddindek, shayx Said Kurdiydek oʻgʻlonlarining oʻzi yetarlidir. Darvoqe, shayx Said Kurdiy Xalifalik qulatilgan paytda togʻut Mustafo Kamolga qarshi turdi, unga yon berishdan bosh tortib, togʻut qoʻlida shahid boʻldi. Togʻut Kamol arab tili darsligini va Islom sabogʻini taqiqlab qoʻyganda kurd muallimlari Onadoʻli sarhadlarida odamlarga taʼlim berdilar, chunki kurdlarda arab tilini yodlash va Islomni mahkam ushlashda afzallik mavjud edi. Lekin bu musulmon xalq millatchi tashkilotlar bilan hamda kommunizm, ilmoniylik, soʻlchilikni qabul qilgan yovuz kimsalar bilan sinaldi va dushmanga qarshi kurashishdan oldin, oʻz musulmon ahliga qarshi kurashadigan boʻlib qoldi. Bu bir siqim ilmoniy yovuz kimsalar mustamlakachi davlatlarning, xususan, AQSh va Britaniyaning qoʻllovi ostida ushbu ulkan sonni tashkil qiluvchi etnik koʻpchilikning taqdiri ustidan egalik qiladigan boʻlib qoldi. Biz yaxshi bilamiz, ushbu etnik koʻpchilik Islomga qarshi kurashayotgan va mustamlakachilikni, ilmoniylikni oʻziga shior qilib olgan ayni bir siqim yovuzlarga rozi boʻlmaydi. Ishonchimiz komil, bu musulmon xalq yaqinda ularni agʻdarib tashlaydi, vaholanki, shu xalqning oʻzi ularning borligidan, vahshiyligidan shikoyat qilmoqda, Islom dushmani Amerika qoʻllovi ostida tugʻyonga minayotganidan nolimoqda. Bu sof, mard, nomusli xalq ertaga sher misol sakrab, bu malaylarni agʻdaradi, mustamlakachi yot unsurlarni quvib soladi, Islom va uning ahliga nusrat-yordam beradi. Chunki unda sanoqsiz yaxshiliklar bor. U eng yaxshi Ummatning bir qismidir va shuning oʻzi faxrlanish hamda aziz boʻlish uchun yetarlidir.

Asʼad Mansur qalamiga mansub

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.