BMT Suriya muzokarasining vaqtini belgiladi

384
0

BMT Suriya muammosini yirik davlatlar foydasiga hal qilish uchun rejim va muxolifat vakillarini muzokara stoliga olib kelish maqsad qilingan. Hozirda tayyorgarlik ko’rilayotgan muzokaralar 2016 yil 25 yanvar kuni Jenevada boshlanishi rejalashtirilganligi haqida ma’lum qilindi.

BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Misturaning ofisidan berilgan bayonotda muzokaralar uchun harakatlar kuchaytirilgani bildirildi. Bayonotda aytilishicha, Suriya rejimi va muxolifati o’rtasidagi muzokaralar 18 dekabrda Nyu-Yorkda o’tkazilgan “Suriyani qo’llab quvvatlash” guruhining yig’ilishida va BMT Xavfsizlik Kengashida qabul qilingan qarorlarga tayangan holda olib boriladi.

Shuningdek, bayonotda Mistura yanvar oyining boshida maslahat ishlarini tugatishi va 2016 yil 25 yanvar kuni esa Jenevada muzokaralar boshlanishi ko’zda tutilganligi ma’lum qilindi. Siyosiy o’tish davrining boshlanishi uchun rejim va muxolifat vakillarini Jeneva deklaratsiyasi va Venadagi yarashuvga mos tarzda bir joyga to’plash maqsad qilingan.

Staffan de Misturaning barcha manfaatdor taraflardan bu rejani qo’llab quvvatlashini talab qilganligi va maydondagi o’zgarishlar mazkur jarayonga zarar berishini oldini olish zarurligini ta’kidlaganligi aytib o’tildi.

“Suriya xalqi tortgan azoblarni butun mintaqa va boshqalar ham his etmoqda. Barcha tomonlar Suriya uchun kelishmovchiliklarni chetga surib, muzokaralarga e’tibor qaratishi lozim. Suriya xalqi bunga loyiqdir”, deydi Mistura.

BMT Xavfsizlik Kengashi 18 dekabr kuni Suriyada siyosiy muloqot jarayonini boshlanishi va mamlakat miqyosida otashkesim e’lon qilishni talab qilgan hamda Jeneva deklaratsiyasi bilan Vena yig’ilishida qabul qilingan qaror loyihasini bir ovozdan qabul qilgan edi.

Bashar Asadning o’tish davridagi holati nima bo’lishi va qaysi guruhlar muxolif guruh, qaysinisi terror tashkiloti deb hisoblanishi borasidagi kelishmovchilik muzokaralar boshlanishi oldidagi eng muhim to’siq sifatida ko’rilmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.