Islom va musulmonlarga qarshi kurashda rasmiy hukumat ayollarni ham chetlab o’tmayapti

688
0

 Biz avval ham Qirg’iziston kuch organlari tomonidan Jalolobod viloyatida tug’ilgan va Bishkek shahrida yashab kelgan 1960 yilning 16 noyabrida tug’ilgan muslima opamiz Qipchakboeva Sayraxon Kenjetaevnani 2014 yilning 27 mart kuni Bishkek shahar Birinchi may tuman sudiga chaqirtirilgani va hech qanday asossiz chiqarilgan sud qarori bilan Bishkek shahridagi 1 sonli vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga qamab qo’yilgani haqida xabar qilgan edik.

 Bu muslima opamizni Qirg’iziston jinoyat kodeksining 299 – (etnik, diniy va millatlararo nizo keltirib chiqarishga urinish) moddasi, xususan Hizb ut-Tahrir islomiy siyosiy partiyasiga a’zolikda ayblashmoqda. Qipchakboeva Sayraxon opamiz ikkinchi guruh nogironi bo’lishiga qaramay bir o’zi ayol boshi bilan besh nafar farzandni, to’rt o’g’il va bir qizni tarbiyalab, voyaga etkazdi. Uning yagona qizi ham o’zi singari ikkinchi guruh nogironi bo’lib, onasining doimiy e’tiboriga muxtoj, o’zi yolg’iz harakatlana olmaydi. Ammo bu muslima opamiz oilaning yolg’iz boquvchisi, qaramog’ida kasalmand qizi bo’lishiga qaramay MXDQ xodimlari va Birinchi may tuman sudi har qanday insoniy tuyg’ularni bir chetga surib qo’yib Sayraxon opamizni hech bir asossiz qamoqqa tashladi. Sayraxon opamizdagi kamqonlik kasali oqibatida qo’llaridagi tirnoqlari tushib ketgan va qon bosimi ham juda pastlab ketgani sababli tibbiy ko’rik va davolanishga muxtoj bo’lishiga qaramay vaqtinchalik saqlash hibsxonasida unga hech qanday tibbiy yordam ko’rsatilmadi.

 Opasi va farzandlari tomonidan tegishli davlat idoralariga muslima opamizga tibbiy xizmat ko’rsatishni so’rab qilgan barcha murojaatlari javobsiz qoldi, hukumat ham bunga hech qanday e’tibor bermadi.

 Qipchaqboeva Sayraxon olti oy mobaynida vaqtinchalik saqlash hibsxonasida har qanday tibbiy yordam yoki dori-darmonlarsiz ushlab turilganidan so’ng 2014 yilning 10 sentyabr kuni Birinchi may tuman sudida sudya Subanqulov A.A raislik qilgan hamda prokuror Jamanqulov E.M va oqlovchi Junusov J.M ishtirokida sud ishi bo’lib o’tdi. Sud ishida Sayraxon opamiz bilan birga 1986 yilning 17 martida Norin viloyatida tug’ilgan, oilali, ikki yosh farzandni onasi muslima singlimiz O’rozbekova Gulzina Qochqinovnaning ham ishi ko’rib chiqildi.

 Qipchaqboeva Sayraxon opamiz Hizb ut-Tahrir safida faoliyat olib borganligi uchun avval ham, 2011 yilning 2 avgust kuni aynan shu Birinchi may tuman sudi tomonidan uch yil muddatga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilib, bir yillik sinov muddati belgilagan edi. Biroq bu hukmni o’zi uchun Allohning sinovi sifatida qabul qilgan muslima opamiz o’z da’vat faoliyatini bir daqiqaga ham to’xtatmagan edi.

 Sud ishida Sayraxon opa va Gulzina singlimizni Qirg’iziston jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblab, tintuv mobaynida ularning xonadonidan Hizb ut-Tahrir adabiyotlari bilan birga topilgan “Qur’onni tushunish sari”, “Bolajonlarga tuhfa”, “Tanlangan hadislar”, “Muslimalar dolzarb savollariga javoblar” kitoblarini daliliy ashyo sifatida taqdim qilinib, Sayraxon opamizga nisbatan avvalgi shartli jazoni qo’shgan holda sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanib, jazoni ayollar qamoqxonasida o’taydigan bo’ldi.

 O’rozbekova Gulzina singlimiz birinchi marotaba sudlanayotgani, qaramog’ida ikki nafar yosh bolasi borligi e’tiborga olinib uch yil muddatga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanib, bir yillik sinov muddati tayinlandi.

 Qirg’iziston rasmiy hukumati Islom dini va uning qadriyatlariga qarshi olib borayotgan kurashida nafaqat erkaklar, balki ojiza ayollarni ham ozodlikdan mahrum etishdan uyalmay qo’ydi. Bundan avvalroq Milliy xavfsizlik davlat qo’mitasi xodimlari tomonidan 1976 yil 5 mart kuni Jalolobod shahrida tug’ilgan To’xtaboeva Jumaziyo Suyutbekovnani 2014 yil 1 aprel kuni Bishkek shahridagi yashab turgan xonadonida tintuv o’tkazgan, tintuv vaqtida uning uyidan Hizb ut-Tahrirga tegishli bo’lgan adabiyotlar topilgani uchun Qirg’iziston jinoyat kodeksining 299 – (etnik, diniy va millatlararo nizo keltirib chiqarishga urinish) moddasi bo’yicha ayblab qamoqqa olgan edi. Keyinchalik 2014 yil 24 iyun kuni Birinchi may tuman sudida Ibraev M.T raisligida bo’lib o’tgan sud majlisida To’xtaboeva Jumaziyo singlimizni 4 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi.

 Hokimiyat tepasiga kelganga qadar Novqat hodisasi bo’yicha musulmonlarning qamoqqa olinishini qoralab, “la ilaha illalloh, deb aytgani uchun odamlarni qamoqqa olish aqlga sig’adimi”, deya o’z ajablanishini izhor qilgan Atambaev, Islom va musulmonlarga qarshi oshkora kurashda jonbozlik ko’rsatgan va bu yo’lda odamlarni qatl etishdan ham toymagan Bakievdan ham o’tib tushmoqda.

 Atambaev hukumati o’g’ri, qaroqchi va qotillarni hech ikkilanmay ozodlikka chiqarayotgan bo’lsada, Robbim Alloh degan musulmon erkak va ayollarni qamoqqa tashlamoqda. Bu orqali rasmiy hukumat tili boshqa-yu ishi boshqaligini namoyon qilmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.