Ta’ziya

434
0

ravshan-gapirov2014 yilning 1 sentyabr kuni inson huquqlari uchun tinimsiz kurashib kelgan Gapirov Ravshan Berdishevich 59 yoshida bu yorug’ olamni tark etdi.

 إنا لله وإنا إليه راجعون

“Albatta biz Allohnikimiz va albatta biz U Zotga qaytuvchimiz”

Uning dafn marosimi 2 sentyabr kuni peshin namozidan so’ng minglab musulmonlar ishtirokida bo’lib o’tdi.

Gapirov Ravshan Berdishevich 1955 yil 12 avgustda tug’ilgan, O’sh shahrining Lenin ko’chasi 522 uyida istiqomat qilar edi. Inson huquqlarini himoya qilish faoliyatini 1988 yilda boshlagan bo’lsa, 2000 yili “Adolat va Haqiqat” inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotga asos soldi va uzoq yillar mobaynida mazkur tashkilotga rahbarlik qilib keldi.

Ravshan Gapirov jasur, shijoatli inson bo’lib, hukumatdan hech qachon qo’rqmadi. Hukumatni millatchilikka suyanib olib borayotgan siyosatini tinmay, keskin tanqid qilar, oddiy o’shliklarga ma’naviy va huquqiy tomondan hech malollanmay, beminnat yordam ko’rsatib keldi.

Ravshan Gapirov 2010 yil, iyun voqealaridan so’ng etnik o’zbeklar huquqlarini himoya qilish bilan birgalikda, huquq-tartibot tuzilmalarida etnik ozchilik vakillarining qiynoqlarga solingani faktlarini fosh etuvchi maqolalari bilan tanilgan edi. Uning inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha olib borgan faoliyati Qirg’iziston hukumatiga yoqmas edi. Shu sababli Ravshan Gapirovni turli sohtalashtirilgan ayblovlar bilan 10 martadan ko’proq qamoqqa oldi. Ohirgi marta 2008 yili rasmiy hukumat uni “millatlararo nizo qo’zg’ash”da ayblab qamoqqa oldi.

Qirg’iziston tarixida hech bir mahbus hukumatdan tavon puli undirishga muvaffaq bo’lmagan edi. Ravshan Gapirov bu ishni uddasidan chiqqan yagona inson bo’ldi. Boshqa insonlar huquqlari uchun kurashgani kabi, o’z huquqlari uchun ham kurashgani sababli Qirg’iziston Oliy sudi 2008 yilda Ravshan Gapirovni mazkur ayblov yuzasidan oqladi. 2011 yilda O’sh shahar sudi Ravshan Gapirovni sudlanmagan shaxs sifatida tan olish yuzasidan ajrim chiqardi.

2013 yilning 20 fevralida esa Qirg’iziston Oliy sudi sohtalashtirilgan ayblov bilan hibs qilinib, 9,5 oy qamoqda saqlangani uchun Ravshan Gapirov foydasiga O’sh shahar prokuraturasidan 2100 dollar va militsiyadan 2100 dollar tovon puli undirib berish to’g’risida hukm chiqardi. Ammo qo’lida sud hukmi bo’lishiga qaramay rasmiy hukumat turli bahonalar bilan unga tavon pulini to’lamadi.

Biz Qodir Allohdan Ravshan Gapirovni gunohlarini mag’firat qilishini, oddiy insonlar huquqlari uchun olib borgan kurashini solih amallari qatorida qilishini va O’z jannat ne’matlaridan baxramand qilishini so’rab qolamiz.

Ravshan Gapirovning oila a’zolariga esa sabr bardosh, go’zal iymon va ajru azim so’rab, o’z hamdardligimizni izhor qilamiz.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.