Moskva Ukraina borasida xavotirda

443
0

загруженное

Rossiya hukumati Ukraina muxolifatini hukumatga nisbatan tahdidlar va ultimatumlarni to’xtatib muzokara boshlashga chaqirdi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi bu borada Moskvaning xavotirda ekanligini bildirdi.

“Ukraina muxolifati tahdidlardan uzoqlashib, mamlakatda yuz bergan inqirozdan chiqishning qonuniy yo’lini topish uchun hukumat bilan muzokara olib borishga bor kuchini sarflaydi degan umiddamiz”, deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.

Ukraina muxolifati 4 kunlik xastalikdan so’ng ishga qaytgan Prezident Yanukovichning istefosini talab qilib namoyishni davom ettirishmoqda. Hozirgi paytda o’n minglagan namoyishchilar poytaxt markazida o’z noroziliklarini izhor qilib ko’chalarni tark etmayotgani aytiladi.

Yevropa ittifoqi va Qo’shma shtatlar esa yordam sifatida Ukraina davlatiga katta qarz berish ustida izlanish olib borayotganini ma’lum qildi. Yevropa ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ulasi Ketrin Eshton “Ukraina siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshidan kechirar ekan, unga qanday yordam berish borasida izlanyapmiz”, deya bildirdi.

G’arb siyosatchilari Ukraina ko’rsatiladigan moliyaviy yordam u erdagi siyosiy va iqtisodiy inqirozdan chiqishga olib borishini aytayotgan bo’lsa, AQSh rasmiylari esa ko’rsatilayotgan yordam evaziga “jiddiy islohotlar” o’tkazishni shart qilmoqda.

AQSh bosh kotibi Jon Kerri prezident Viktor Yanukovichni jiddiy islohot dasturi bilan chiqishga undadi. “Aksar ukrainaliklar xavfsiz va erkin davlatda farovon hayot kechirishni istaydi. Bu orzuga erishishda ularga madad bera oladigan ittifoqchi tanlash uchun kurash ketmoqda. Ukraina ahli biladiki, kelajak faqat bir davlat bilan hamkorlikka tayanmasligi kerak. AQSh va Yevropa bu kurashda ularni qo’llab-quvvatlaydi”, – dedi Jon Kerri.

Oxirgi xabarlarda aytilishicha, prezident Yanukovich muxolifatning “muddatidan oldin saylovlar o’tkazish” talabini qabul qilgan. Prezidentning parlamentdagi vakili Yuriy Miroshnichenko “CTV” kanaliga intervyu berib, agar o’lkadagi inqirozni hal qilishga demokratik vosita bo’ladigan bo’lsa, Prezident Viktor Yanukovich muddatidan oldin prezidentlik va parlament saylovini o’tkazishga tayyor ekanligini bildirdi.

Miroshnichenko inqirozni hal qilish uchun kuch ishlatish rejasi yo’qligini ma’lum qilar ekan, Yanukovichning mustaqillik maydoniga kuch bilan egalik qilishga qodirligi, ammo aslo bunday qadam tashlamasligini qo’shimcha qildi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.