Aholiga tezak, o’tinlaringni tayyorlanglar deganmiz

473
0

00

O’zbekistonda har yilgidek bu yil ham odamlar qish mavsumida gaz taqchilligidan aziyat chekishmoqda. Qishning barvaqt kirib kelishi va O’zbekistonning ko’p qismida sharros yoqqan yomg’ir qorga aylanishi ortidan kirib kelgan sovuq havo aholini qiyin ahvolga solib qo’ydi. Gazdagi uzilishlar ortidan odamlar qishni yana o’z muammolari bilan qarshi olmoqda.

Jonli efir orqali xalq bilan telemuloqot o’tkazgan Samarqand viloyatining hokimi gaz va elektrdagi muammolardan xabari borligini va uni aholining o’zi echishi kerakligini bildirdi. “Qishda qiyinchilik bo’ladi deb biz oldindan aytganmiz, aholiga tappi tezak, o’tinlaringni tayyorlanglar deganmiz”, dedi Viloyat hokimi.

Hozirda O’zbekiston qishloqlarida odamlar mevali daraxtlarni ham kesib yoqishmoqda. Sababi – gaz yo’q, bozorda o’tin yo ko’mir olish ko’pchilik uchun qimmat. Tappi tezak esa bu sovuqlarni isitishga dosh bera olmaydi.

Energetika xavfsizligi bo’yicha Britaniyalik tahlilchi Jon Robertsga ko’ra, O’zbekistonda gaz zaxirasi o’ta ko’p. “O’zbekistonda ish olib borayotgan xalqaro mutaxassislar mamlakatdagi gaz zaxiralari hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda, kamida 6-7 baravar ko’pligini aytishadi” – deydi xalqaro tahlilchi.

Ekspertlar fikricha, O’zbekistonda hozirgi kunda gaz qazib olish hajmi 62,9 millard kubometrga teng. So’nggi yillarda O’zbekistonning Rossiyaga sotadigan gaz miqdori oshirildi. Xitoy yangi xaridor sifatida o’rtaga chiqdi.

Ammo O’zbekistonning qator qishloq hududlarida odamlarning uylariga boruvchi gaz quvurlari kesilayotgani haqida xabarlar bor. Mutaxassislarga ko’ra, bu erda hamma gap pulga borib taqaladi. Chunki Xitoy va Rossiya jahon narxida naqd pul to’laydi. O’zbekiston xalqi esa xalqaro bozorlardagi narxda gaz sotib olishga qodir emas.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.