Qirg’iz hukumati bilan Rossiyaning Gazprom shirkati o’rtasida Qirg’izistonni gaz bilan ta’minlash bo’yicha bitim tuzildi. Bitimga ko’ra, Gazprom shirkati Qirg’izistonni 2030 yilgacha gaz bilan ta’minlaydigan bo’ldi.
Hukumat yig’ilishida ishtirok etgan Gazprom shirkatining etakchisi Aleksey Miller avval va’da qilingan 20 milliard rubl o’rniga 34 milliard rubl investitsiya yotqizishini bildirdi.
Gazprom kompaniyasining etakchisi Qirg’iziston dunyodagi eng zamonaviy gaz uzatgich maslamalar bilan ta’minlanishini aytar ekan, kelajakda qirg’izistonliklar hozirgidan ko’ra uch barobar ko’p gaz imte’mol qilishga o’tishini bildirdi. Qirg’iziston bosh vaziri Joomart Otorbaev esa 2030 yilda gaz iste’moli hozirgidan besh barobarga ortishini ta’kidladi.
«Gazprom kompaniyasining investitsiyasi orqali mamlakatning barcha viloyatlari gaz bilan ta’minlanadi. Gaz ta’minoti umumiy tarzda uch barobarga ortadi. 2030 yilda xalqning va korxonalarning 60 foizi gazga ega bo’ladi», dedi Otorbaev hukumat vakillarining yig’ilishida.
Gaz bilan ta’minlashning yangi loyihasi bilan tanishtirgan Gazprom kompaniyasining rahbari Aleksey Miller yotqiziladigan sarmoya 20 milliard rubldan ko’p ekanligiga e’tiborni tortdi.
«Bosh loyihaga ko’ra asosiy magistral va quvurlar ta’mirlanadi, yangilari o’rnatiladi. Bundan tashqari gaz tarqatayotgan stantsiyalar, qishloqlardagi va ko’chalardagi quvurlar ta’mirlanadi yoki yangi yotqiziladi» dedi u.
Biroq mustaqil ekspertlar bu ishga shubha bilan qaramoqda. Ularning aytishicha, bunday va’dalar bilan Rossiya iqtisodiy manfaatlardan tashqari geosayosiy maqsadlarni ham ko’zlamoqda.
«Ular va’da qilayotgan 34 milliard rubl taxminan 700 million dollarga to’g’ri keladi. Ular «Kirgizgazni» sotib olayotgan paytning o’zida 600-700 million dollar sarmoya yotqizamiz degan. 2030 yil juda uzoq muddat. Nima uchun qisqa muddatli aniq rejalarini aytishmaydi? Ruslarda «Ungacha yo eshshak o’ladi, yoki podshoh o’ladi», degan maqol bor emasmi…? Kompaniya faqat iqtisodiy manfaat uchun kirib kelayotgan bo’lsa, bu ishlarni qisqa muddatda bajarib qo’yishi kerak edi», deydi ekspert Ernest Karbekov.
Gazprom Qirg’iziston xalqiga gazni qanchadan sotishi hozircha aniq emas. Qirg’iziston yirik sarmoyador sifatida qarayotgan «Gazprom» shirkati yaqin yillarda ijtimoiy ob’ektlar ham qurishini qo’shimcha qildi.
Turkiston:
Rossiya va’da qilayotgan pullar Qirg’izistonning emas, faqat Rossiyaning manfaatlari uchun ishlatiladi. Chunki u bizga o’zining va o’zimizning gazimizni sotish moslamalarini qurishni mo’ljallamoqda. Yodingizda bo’lsa u bizdan butun gaz soxasini sotib olgan. Lekin negadir yotqizilayotgan moslamalar xarajatlari bizlarning zimmamizga yuklatilib, bizni qarz qilib olmoqchi. Ijtimoiy obektlar xam ularning o’z iste’mollari uchun mo’ljallanib, barcha ob’ektlar ishlash muddati tugayin deganida bizlarga yotqizilgan investitsiya qatori qoldirilib ketishmoqchi. Bu yodimizda bo’lsa, Qumtor masalasi ko’tarilganida, xoin chinovniklar bilan xamkorlik qilishib, bir necha yashov obektlarni juda qimmat narxda, ularning yillab qarzlarini yopib yuborishganliklari ma’lum bo’lgan edi.
Yuqorida borayotgan jarayonda xam, bizlarning erlarimizda, bizlarning gazlarimizni olib o’zimizga qayta sotishlari jaroyonida, ularning manfaatlari bo’lgan barcha quvirlariyu, ishchilarining yashash joylariyu, sotishlarini qulaylashtiradigan barcha o’lchagichlari va ish olib borish obektlarining bizlarga qanday aloqasi bor. Axir biz butun gaz soxasini ularga sotib yubordikku. Ular olib kirishayotgan barcha kopital yoki moslamalarni bizga qanday aloqasi bo’lishi mumkin. Bu xukumat bizlarni chalg’itishga urinayotgan jarayon investitsiya yotqizish jarayoni emas. Barki Rossiyaning o’z yalpi milliy maxsuloti qilib olgan gaz soxasini yo’lga qo’yish uchun sarf xarajati deb e’tibor qilinishi lozim. Xukumat bu jarayondan, siyosiy populist sifatida manfaatlanmoqchi.