russian.eurasianet.org sayti Djoshua Kucheraning AQSh va O’zbekiston orasidagi harbiy aloqalar haqidagi ushbu maqolasini chop etdi. Unda aytilishicha, AQShning O’zbekistonga berayotgan harbiy yordami tobora ortib bormoqda.
AQShning kichkina pilotsiz harbiy uchoqlar berayotgani Vashingtonda sir tutilayotgan bo’lishi mumkin. (Ammo «The Bug Pit» blogidagilar buni yaxshi biladilar). AQSh Tojikiston va Qirg’izistonga ham ortiqcha harbiy uskunalarni bepul berishga so’z berganlar. Shuningdek, Qirg’izistonda AQShning harbiy havo bazasi ham bor. Demak, AQSh harbiy kuchlari faqatgina O’zbekiston bilan hamkorlik qilayotgani yo’q.
Qozog’istonning «Tengri Nyus» xabar agentligidagi bir maqolada “O’zbekiston va AQShning hamkorligi Markaziy Osiyoda to’qnashuvga olib keladi”, deyiladi. Ushbu maqolada rossiyalik siyosatshunos Aleksandr Sobyaninning quyidagi xulosasi ham mavjud: “O’zbekiston mintaqada tez sur’atlar bilan iqtisodiy va harbiy gigantga aylanib bormoqda, bu esa Qozog’iston, Tojikiston va Qirg’iziston uchun tinch hayotning tugaganini bildiradi”.
«TSentrAziya» saytida tahlilchi Andrey Grozin O’zbekistonning Amerika yordamini olishdan maqsadi faqatgina o’z xalqiga repressiyalarni ortirishi emas, balki O’zbekiston bu bilan mintaqada mutlaq ustunlikni qo’lga kiritishni istaydi, AQSh esa Markaziy Osiyo rejimlariga qurol berish bilan bu mintaqada sekin portlaydigan va butun mintaqada urushni keltirib chiqaradigan mina qo’ymoqdadir. Grozin maqolasining xulosasini Chexovning quyidagi mashhur satrlari bilan yakunlaydi: “Agar birinchi sahnaga qurol osiladigan bo’lsa, ikkinchi sahnada esa albatta o’q ovozi eshitiladi”.
Bu aytilganlardan qanday xulosa qilishimiz mumkin: AQSh O’zbekiston rejimini o’z xalqini bostirishda ishlatiladigan qurollar bilan ta’minlamayotgan bo’lsada, mintaqadagi vaziyatning taranglashishi AQSh ni bezovta qilmayotganga o’xshaydi. Kichkina pilotsiz harbiy uchoqlar, kecha ko’rishi uskunalari, bronojiletlar va GPS navigatsiya tizimlari Andijondagi (2005 yilda) norozilik namoyishlari kabi namoyishlarni bostirishda ko’p ishga yaramasa ham, qo’shnilar bilan chegaralardagi nizolarda katta yordam berishi mumkin.
Aytish kerakki, yuqorida tilga olingan mintaqaviy dushmanlikni ortirish haqidagi xulosalar AQShning Markaziy Osiyoda olib borayotgan siyosati haqidagi rossiyaliklarning xulosalari bilan o’xshashdir. Kremlni O’zbekistonning Rossiya ta’siridan chiqishga urinishlari bezovta qiladi, masalan, O’zbekistonning Rossiya uchun o’ta muhim bo’lgan Kollektiv xavfsizlik Hamkorligi Tashkilotidan chiqishi bunga misol bo’la oladi. Shuning uchun Rossiya hukumati Qirg’iziston va Tojikistonga katta harbiy yordam berishni AQSh va O’zbekistonning hamkorligiga muqobil siyosat o’rnida ko’radi. Shuning uchun Rossiyaning bu mintaqada ziddiyatlarni oshkora oshirayotganini aytishimiz mumkin. Faqat O’zbekiston o’z qo’shnilariga nisbatan shu qadar ishonchsizki, bu erda Kremlning qo’li borligini aytish ham u qadar o’rinli emas. Aksincha, O’zbekistonning Rossiyaga bo’lgan ishonchsizligi uni NATO va AQSh bilan harbiy hamkorlikni oshirishga undayotgan bo’lishi mumkin. Bunday holda Rossiyaning O’zbekistonning qo’shnilariga harbiy yordam berishi mintaqadagi taranglashgan ahvolni engillashtirmaydi. Bu omillarning barchasi umumiy shubhalar doirasini kengaytiradi va vaziyatni yanada og’irlashtiradi. Buning nima bilan tugashini esa hech kim bilmaydi.
(Maqola qisqartirilgan holda taqdim qilindi. Tahr.)