Davlat ipotekasidan beriladigan uylar 1400 dollargacha baholanmoqda
Davlat ipoteka kompaniyasi rahbarining o‘rinbosari Tilek Jeembayev Qirg‘izistonda fuqarolarga berilayotgan ipoteka uylarining har kvadrat metri 650 dollardan 1400 dollargacha baholanishini bildirdi.
Jeembayev bu haqda 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan parlamentning Budjet, iqtisodiy va fiskal siyosat qo‘mitasining yig‘ilishida deputatlar savollariga javob berayotib aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Qirg‘iziston bo‘ylab davlat ipoteka kompaniyasi doirasida 62 mingta uy qurilishi davom etmoqda.
Izoh:
Qirg‘iziston hukumati davlat ipotekasiga oid uy-joylarni qurish uchun Saudiya Arabistonidan 1 foizli kredit bilan 79 million dollar olgan edi. Saudiya Arabistoni bilan kelishuv 2024 yil aprel oyida Ar-Riyodda imzolangan. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi tufayli minglab ehtiyojmand oilalar ipoteka kreditlash tizimi orqali ijtimoiy uy-joyga ega bo‘lishi ta’kidlangan edi. Endi o‘sha Saudiyadan olingan pulga qurilgan uy-joylar 8 foiz ustama bilan aholiga sotilmoqda. Hukumat kam ta’minlangan aholining muammolarini hal qilish uchun Islom taraqqiyot bankidan sudxo‘rlik asosida bir foizli kredit olishni taklif qilibgina qolmay, yo‘q xarajatlar niqobi ostida yana yetti foiz qo‘shib daromad olishga harakat qilmoqda. Bu ham yetmaganday, uylarning yarmi ikki baravar qimmatga sotilmoqda.
Bundan ham muhimi, Saudiya Islom taraqqiyot banki bilan tuzilgan shartnoma ham, davlat bilan tuzilayotgan uy-joy shartnomalari ham sudxo‘rlikka asoslangan. Alloh Taolo aytadi:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَذَرُوا مَا بَقِيَ مِنْ الرِّبَا إِنْ كُنتُمْ مُؤْمِنِينَ ۩ فَإِنْ لَمْ تَفْعَلُوا فَأْذَنُوا بِحَرْبٍ مِنْ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَإِنْ تُبْتُمْ فَلَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ ۩
“Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va agar chindan mo‘min bo‘lsangizlar, sudxo‘rlik sarqitlarini tark qilingiz. (Ya’ni odamlarga bergan qarzlaringizdan chiqadigan foydani olmangiz). Endi agar (farmonimizni) qilmasangiz, u holda Alloh va payg‘ambari tomonidan bo‘lgan urushni bilib qo‘ying! Agar tavba qilsangiz, dastmoyangiz o‘zingizga — zolim ham, mazlum ham bo‘lmaysiz”. (2:278-279).
Barcha banklar shariatda taqiqlangan aksiyadorlik jamiyatlari bo‘lib, faqat manfaat uchun tashkil qilingandir. Ularning maqsadi odamlarni sudxo‘rlik azobidan hamda shariat taqiqlagan amallardan xalos qilish emas. Aksincha, Alloh Taoloning qonunlariga zid bo‘lgan ishlarga Islomiy nom berish bilan musulmonlarni chalg‘itish hamda Islomiy hukmlarni buzib ko‘rsatishdir. Kapitalistik boshqaruvning tabiati mana shunday.
Islomiy boshqaruvda esa, aholini uy-joy, kiyim-kechak va oziq-ovqat kabi asosiy ehtiyojlar bilan ta’minlash majburiyati davlatning zimmasida bo‘ladi. Buning uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi. Davlat budjeti esa g‘animat, fay, xiroj, jizya, umumiy mulkdan tushgan daromadlar, davlat mulki va uning daromadlari, bojxona to‘lovlari, rahbarlar va davlat xizmatchilarning noqonuniy boyliklari, jarimalar, xumslar, merosxo‘ri bo‘lmagan shaxsning mol-mulki, murtadlarning mulki kabi manbalardan olingan mablag‘lar bilan to‘ldiriladi. Ushbu daromadlar ummat manfaatlarini ta’minlashga yetarli bo‘lgani uchun Islomda xalqdan doimiy ravishda soliq olinmaydi. Bu — Islom boy bo‘lishni taqiqlaydi degani emas, aksincha, ijtimoiy tengsizlik va zararni bartaraf etish hisoblanadi. Shunday ekan, biz musulmonlar mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun mana shunday dunyoqarashga ega, farovon hayotni kafolatlab beradigan Islom tuzumini chuqur o‘rganishimiz va uni hayotga tatbiq etishga harakat qilishimiz shart!
Nurdin Asanaliyev