IES zararli Qora-Keche koʼmiridan voz kechmaydi

118
0

IES zararli Qora-Keche koʼmiridan voz kechmaydi

Bishkek shahar hokimligi qishda shaharda paydo boʼlgan qora tutun Qora-Keche koʼmiridan kelib chiqishini aniqlaganligiga qaramay, IES (Issiqlik Elektro Stantsiyasi) Qora-Kecheda ishlab chiqarilgan mahalliy koʼmirdan butunlay voz kechmasligini maʼlum qildi. Yaʼni bu yil IESda yoqilishi kerak boʼlgan koʼmirning deyarli yarmi Qozogʼistondan olib kelinsa-da, qolgan yarmi yana avvalgidek Qora-Kechedan olinadigan boʼldi.
Bunlan avval Qora-Keche koʼmiri zararli ekani, shu bois shahar hokimligi va Energetika vazirligi undan foydalanishni taqiqlamoqchi ekani haqida maʼlumot tarqalgan edi. “Qirgʼizkoʼmur” davlat korxonasi direktori Kanatbek Аshirbaevning BBCga aytishicha, bu yil ham Bishkek IESga koʼmir yetkazib berishni davom ettiradi. Biroq uning hajmi kamayadi.
Energetika vaziri oʼrinbosari Taalaybek Baygazievning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim oʼzgarishlari va suv tanqisligi tufayli yuzaga kelgan energetik inqirozlar koʼmirni asosiy energiya yoqilgʼisi sifatida koʼrishga majbur qilmoqda.
“Bu yil yana suv tanqisligi yuzaga keldi. Shuning uchun biz Bishkek IES quvvatini 500 Mega/Vatga oshirmoqdamiz. Аgar bizda 250-300 MVt/Vt quvvati Qora-Kechedan koʼmir bilan ishlayotgan boʼlsa, qolgan eski agregatlar Qozoqlarning Qaragʼanda koʼmiriga moslashtirilgan” dedi Baygaziev.
Glazgoda boʼlib oʼtgan Iqlim sammitida Qirgʼiziston prezidenti Sadir Japarov 2030-yilga borib Qirgʼizistonda karbonat angidrid chiqindilarini 44 foizga kamaytirishga vaʼda berdi.

Izoh: Qirgʼizistonda barcha tarmoqni qamrab olgan korruptsiya Bishkek IES (Issiqlik Elektro Stantsiyasi)ni ham chetlab oʼtmadi. Mazkur elektro stantsiya 386 million dollarga rekonstruktsiya qilinganiga qaramay, uning ishlash sifati yaxshilanish oʼrniga, hukumat xodimlari orasida ildiz otgan korruptsiya tufayli battar yomonlashib qolgan. Chunki 2014 yil aprel oyida rekonstruktsiya qilish ishlari boshlanib, 2017 yil 30 avgust kuni foydalanishga topshirilgan IESda oradan hech qancha vaqt oʼtmay, yaʼni 2018 yilning yanvar oyida avariya yuz berdi. Natijada shahar aholisi ayni qahraton qish chillasining qoq oʼrtasida deyarli bir hafta issiqlikdan mahrum boʼlib, sovuqda qolib ketdi. Tekshiruvlar narijasida koʼpgina korruptsiya izlari aniqlanib, bosh vazirdan tortib bir qancha hukumat xodimlari ustidan jinoiy ish qoʼzgʼatildi. Eng yomoni IESni rekonstruktsiya qilish uchun Xitoyning “Eksimbank”idan 386 million dollar olinib, 2033 yilga borib foizi bilan 480 million dollar qilib toʼlanishi kerak boʼlgan qarz xalqning zimmasida qoldi.
Bundan tashqari, shuncha mablagʼ evaziga rekonstruktsiya qilingan IES avval koʼmir va mazut bilan qanday ishlatilgan boʼlsa yana shundayligicha qoldi. Uni gaz yoki boshqa ekologik jihatdan zarari kam boʼlgan yoqilgʼi turlaridan foydalanish toʼgʼrisida oʼylab ham koʼrilmadi. Mana hozirgi kunda Bishkek havosi ifloslangan shaharlar reytingida yetakchi oʼrinni egallab kelmoqda. Hatto qish oylarida Hindistonning Dehli, Pokistonning Karachi shaharlarini ortda qoldiradi. Issiqlik mavsumi boshlanishi bilan poytaxtni quyuq qora tutun qoplaydi.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan koʼplab tadqiqotlar natijasiga koʼra, insonning qoniqarsiz sifatga ega havodan nafas olishi yurak-qon tomir tizimi va nafas olish organlarining bir qator kasalliklarini keltirib chiqaradi. Аholining nisbatan zaif guruhiga salomatligi zaif insonlar, bolalar va katta yoshli kishilar taalluqlidir. Аniqlanishicha, nafas olinuvchi havodagi zaharli moddalarning taʼsiri ancha keng va u asab tizimida ham oʼz izlarini qoldiradi. Rasmiy hukumat oddiy xalq zimmasiga ulkan qarzlarni yuklagani yetmaganidek xalq, kelajak avlod sogʼligini ham xatar ostida qoʼymoqda. Zotan kapitalizmga asoslangan boshqaruv shaklidan bundan boshqa nimani ham kutish mumkin. Chunki kapitalizmda moddiy manfaat har narsadan ustun turadi, hatto insonlar salomatligidan ham.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.