Erdogan va Qilichdoro‘g‘li hamda ovoz olishda dindan foydalanish

93
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Erdogan va Qilichdoro‘g‘li hamda ovoz olishda dindan foydalanish

Ustoz As’ad Mansur

Turkiyada 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari sanasi yaqinlashar ekan, Erdogan bilan Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida keskin raqobat davom etmoqda. Mamlakat prezidentlik boshqaruviga o‘tgandan keyin, Erdogan barcha vakolatlarga ega bo‘lgan ilmoniy respublika prezidenti sifatida ikkinchi muddatga da’vogarlik qilmoqda. U bundan oldin nazariy jihatdan cheklangan vakolatlar bilan prezident bo‘lgan bo‘lsa, 2003 yildan 2014 yilga qadar bosh vazir sifatida hukumatni boshqargan. Qilichdoro‘g‘li esa 2010 yildan beri Jumhuriyat Xalq Partiyasi (JXP)ga raislik qilib keladi. Har ikki tomon ham ovoz to‘plash uchun barcha vositalarni ishga solishni, ayniqsa dindan foydalanishni boshladi.

Xalifalik va shariat boshqaruvini qulatib, kufr va razolatni keng yoygan Mustafo Kamolning partiyasi hisoblanmish JXPning bugunga kelib o‘z saylov kampaniyasidan Mustafo Kamol timsoli va shiorlarini olib tashlab, diniy shiorlarni ko‘tarib chiqishini kim ham o‘ylabdi?! JXPning Saodat partiyasidagi ittifoqchilari xuddi ilgargi rahbarlari Najmiddin Erbakanni ataganlari kabi Qilichdoro‘g‘lini ham mujohid deb atashmoqda.

O‘tgan asrning elliginchi yillarida aynan mana shu JXP partiyasining raisi Ismat Inonu bismillah deyishdan bosh tortgan edi. O‘shanda unga partiya yetakchilari bismillah, insha Alloh va masha Alloh so‘zlarini ayting, ana shunda saylovda dindan foydalanayotgan raqibimiz Adnan Menderesdan g‘olib kelamiz, deyishadi. Biroq u bundan bosh tortib, kibr qiladi, kufrda qattiq turib, ilmoniyligini saqlab qolish uchun Allohni ulug‘lovchi so‘zlarni tilga olmaydi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxirlarida Erbakan partiyasidan deputat sifatida g‘alaba qozongan ayolni shar’iy libos, ya’ni hijobda kelgani uchun turk parlamentidan quvib solgan Byulent Ejevit ham mana shu JXPning raisi edi. Bugunga kelib esa, JXP raisi Qilichdoro‘g‘li hijobni himoya qilib, o‘tmishdoshlarining qo‘liga o‘xshagan nopok qo‘llar unga uzatilmasligi uchun hatto hijobni qonuniylashtirib qo‘ymoqchi (konstitutsiyaga kiritib qo‘ymoqchi) bo‘lyapti!

Turkiyadagi barcha siyosiy partiyalar ilmoniylik va demokratiyaga asoslangan bo‘lib, dinni davlatdan ajratilishini, xo‘jayinlik-suverenlik shariatga emas, balki xalqqa tegishli ekanini tan olishgan. Biroq ular prezidentlik, parlament va mahalliy saylovlarda ovoz to‘plash uchun dindan foydalanib, dindorlarni jalb etishga va musulmonlarning tuyg‘ularini manipulyatsiya qilishga harakat qilishyapti. Bu bir jihatdan, ilmoniylik va demokratiyaning muvaffaqiyatsizligi, munofiqligi va soxtaligiga, shuningdek, demokratiya tarafdorlari uning yetakchiligiga odamlarni ishontira olmaganligiga dalolat qiladi. Zero, Mustafo Kamol va Ismat Inonu kabilar davrida musulmonlarga qilgan zulmlari foyda bermagach, endi musulmonlar ovozini to‘plash uchun dinni ekspluatatsiya qilish yo‘liga o‘tishdi. Bas, bular Alloh Taoloning mana bu kalomida aytilgan kimsalar kabidirlar:

وَالَّذِينَ اتَّخَذُواْ مَسْجِداً ضِرَاراً وَكُفْراً وَتَفْرِيقاً بَيْنَ الْمُؤْمِنِينَ وَإِرْصَاداً لِمَنْ حَارَبَ اللهَ وَرَسُولَهُ مِن قَبْلُ وَلَيَحْلِفَنَّ إِنْ أَرَدْنَا إِلاَّ الْحُسْنَى وَاللهُ يَشْهَدُ إِنَّهُمْ لَكَاذِبُونَ

«Shunday kimsalar ham borki, ular (mo‘minlarga) ziyon yetkazish, kufrni kuchaytirib, mo‘minlar o‘rtasiga tafriqa solish hamda ilgari Alloh va Rosuliga qarshi urishgan (bir) kimsaga ko‘z tutish uchun (fitna yuzasidan) masjid qurib oldilar. Yana: «Biz faqat yaxshiliknigina istagan edik», deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik berurki, ular shak-shubhasiz yolg‘onchidirlar» [Tavba 107]

Yana bir jihatdan, bu narsa Islomning Turkiyada tog‘lar qadar mustahkam ekaniga dalolat qiladi. JXP bir asr mobaynida Islom va musulmonlarga qarshi kurashib, ularni dinning hayotdan ajratilishini, qonun chiqarishni shariatga emas xalqqa topshirilishini qabul qiladigan ilmoniy demokratlarga aylantirishga harakat qildi… Ammo maqsadiga erisha olmadi. Musulmonlar bilganlaricha, ta’lim olganlaricha Islomga amal qilib kelmoqdalar. Shuning uchun JXP musulmonlar ovozini olish uchun dindan foydalanishda Erdogan va uning partiyasiga taqlid qila boshladi hamda kamolchilik, ilmoniylik va demokratik shiorlarini ortga uloqtirdi.

Ha, Islom va musulmonlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan Qilichdoro‘g‘li Erdoganning yigirma yil davomida saylovlarda dindan foydalanib, musulmonlarning his-tuyg‘ularini qitiqlash orqali g‘alaba qozonganini tushunib yetdi. Shu bois, ayni shu yo‘lga taqlid qilib, o‘zi ham, boshqa partiyalardagi o‘tmishdosh va maslakdoshlari ham qarshi tura olmagan oqim bo‘ylab suzishni boshladi.

Kim Islomni o‘zi uchun mabda qilib olmasa, Islom davlatini barpo etish orqali uni yoyishga va tatbiq etishga harakat qilmasa, aksincha, bularning barchasini rad etib, demokratiya, ilmoniylik va boshqa g‘oyalar tilidan tushmasa, keyin kelib, din haqida gapirishni boshlasa yoki o‘zini dinni hurmat qiluvchi qilib ko‘rsatsa yoki Islomning namoz, ro‘za, haj, umra hamda Qur’onni go‘zal ovozda o‘qish kabi vojibotlarini bajarsa, demak, u manfaatga erishish yoki saylovlarda muvaffaqiyat qozonish yoki Islomga zid bo‘lgan va uni vayron etadigan siyosat va loyihalarni amalga oshirish uchun dindan foydalanayotgan yolg‘onchidir. Zero, munofiqlar Islomni buzish uchun Islomni da’vo qilishgan. Napoleon ham o‘zini musulmonligini da’vo qilib, Misrni bosib olgan va Falastinni bosib olishga uringan edi. Britaniya razvedkasi xodimi Jon Filbi Islomni da’vo qilib, o‘zini Hoji Abdulloh deb atagan edi. U Oli Saudning Usmoniy davlatga qarshi isyoniga hamda Najd va Hijozda o‘z davlatlarini qurishlariga boshchilik qilgan. Amerika mo‘tadil musulmonlarni ekstremist musulmonlardan himoya qilishini aytib, musulmonlarga qarshi urush qilgan va yurtlarini vayron etgan bo‘lsa, Erdogan Suriya ahlini aldab, ularning qo‘zg‘olonlarini barbod qildi. U, shuningdek, Falastin ahlini aldab, yahudiylar bilan munosabatlarni normallashtirdi. Islom yurtlaridagi barcha hukmdorlar ham unga o‘xshab, o‘zlarini dinni hurmat qiladigan qilib ko‘rsatishadi. Ayni paytda esa Islomni tatbiq etishmaydi, balki uni tatbiq etishga, Islom davlatini barpo qilishga harakat qiladiganlarga qarshi kurashishadi. Musulmonlar eng ko‘p azob chekayotgan narsa mana shu.

Dinga sodiq bo‘lgan kishi – sidqidildan Allohning roziligini istagan, hayotini ham, partiyasini ham Islom asosiga qurib, Islom davlatini barpo etishga harakat qiladigan, o‘z aqidasi nuqtai nazaridan kelib chiqib fikrlaydigan va amal qiladigan kishidir. Agar u hukmdor bo‘lsa, Islomni davlatga asos qilib, ahkomlarini tatbiq qiladi, konstitutsiyani Kitobu Sunnatdan iborat shar’iy manbadan istinbot qilib, unga zid bo‘lgan har qanday fikrni rad etadi.

Shuning uchun Islom bayrog‘ini ko‘tarib chiqayotgan hamda Islom davlatini barpo qilish orqali Islomni hayotda tatbiq qilish va butun dunyoga olib chiqish uchun harakat qilayotgan ongli xolis insonlar ushbu voqelikni anglab yetmoqlari hamda musulmonlarga ularning dinlari hayotning barcha jabhalari uchun keng qamrovli tuzum ekanini, undan davlat, dastur va qonunlar balqib chiqishini tushuntirmoqlari darkor. Shuningdek, odamlarga yetakchilik qilish ustida ishlashlari hamda dinni davlatdan ajratish bilan dinga qarshi kurashayotgan, uni aqida, ibodat va ayrim ahkomlarga cheklayotgan anavi manfaatparast kimsalarning ulardan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.

Turkiyaning aksar aholisi musulmon. Garchi ularning ko‘pchiligi turli sabablarga ko‘ra Islom ahkomlariga amal qilmayotgan bo‘lsa ham, garchi Islom to‘nini kiygan jamoalar hokimiyatga kelgan barcha yurtlardagi holat kabi Islomga zid har bir narsaga ruxsat berib qo‘ygan Erdoganning dindan foydalanishiga ozchilik insonlar qarshi reaksiya bildirgan bo‘lsa ham, Turkiya aholisi o‘z dinlarini juda ham yaxshi ko‘radi. Aks holda ilmoniylik va demokratiyani qabul qilganlar dindan foydalanishga majbur bo‘lishmas edi.

Bugungi kunda insonlar adolat bilan hukm qiluvchi ilm ahliga juda-juda muhtojdirlar. Zero, bu ilm ahli Islom asosidagi hizb-partiyada faoliyat qiladi, odamlarni qo‘lidan tutib, ularni birovlarning qo‘lida ekspluatatsiya bo‘lishdan qutqaradi, Islomning to‘g‘ri fikrlari bilan odamlarni saqofatlantirib, bu fikrlarni ularning hayotlaridagi o‘lchov, tushuncha va qanoatlarga aylantirishga harakat qiladi, ayni shu fikrlar haqida jamoatchilik fikrini paydo qilib, ularni urfi omga aylantiradi, odamlarga siyosiy ong berib, ularni Islom nuqtai nazaridan turib baho beradigan insonlarga aylantiradi, odamlar yetakchiligini olishga harakat qiladi va o‘zlari shunga loyiq va haqli hisoblanadi, shuningdek, dinga qarshi kurashuvchi, bir vaqtning o‘zida undan foydalanuvchi zolim-zo‘ravon boshqaruvni qulatganlaridan keyin Rosululloh ﷺ bashorat qilgan Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatini barpo etish uchun faoliyat qiladi.

إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ + لِمِثْلِ هَذَا فَلْيَعْمَلْ الْعَامِلُونَ

«Albatta mana shu ulug‘ baxtning o‘zidir. Bas, amal qilguvchilar mana shunday (mangu baxt-saodat) uchun amal qilsinlar!» [Soffat 60-61]

Roya gazetasining 2023 yil 10 may chorshanba kungi 441-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.