Suriya va Turkiyadagi halokatli zilzila fojiasiga bir nazar

72
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Suriya va Turkiyadagi halokatli zilzila fojiasiga bir nazar

Ustoz Ahmad Suroniy

Ma’lumki, Suriya va Turkiyaning katta hududlarida vayronkor zilzila sodir bo‘lib, o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, mol-mulklarda katta yo‘qotishlarni keltirib chiqardi… Har ikki tomonda ham butun shaharlar qulab tushdi… Shunday dahshatli hodisalar ortidan biz buning oqibatlariga to‘xtalib, kerakli saboq chiqarmog‘imiz darkor:

Turkiyada vayron bo‘lgan uylar soni 75 mingdan ortdi, yuzlab pudratchilar hibsga olinib, ularga «hukumat tomonidan tasdiqlangan zilzilaga chidamlilik me’yorini buzgan holda qurilish qilish» ayblovi qo‘yildi. Bu, albatta turk rejimining beparvoligiga dalolat qiladi. Chunki u qurilishlar sifati va ularning standartlarga muvofiqligi ustidan nazoratni kuchaytirmagan.

Bundan tashqari, biz turk rejimining zilziladan foydalanganini, ya’ni jabrlangan Suriya ahlining Turkiyani tark etishga undaganini ham guvohi bo‘ldik. Masalan, ularga Suriyaga chiqish uchun darvozalarni lang ochib qo‘yib, uch oy ichida chiqib ketishlarini shart qildi, keyin uni bir oyga qisqartirdi. So‘ng, ommaviy axborot vositalarida Turkiyadan chiqib ketgan suriyaliklar o‘z ixtiyorlari bilan yurtlariga qaytib ketyapti, deya tashviqot olib borib, bundan saylov uchun foydalandi. Hozirgacha Turkiyadan Suriyaga chiqqanlar soni 40 mingdan ortgani aytilmoqda.

Suriya shimolidagi qutqaruv guruhlari uchun zaruriy yordamlarga kelsak, ularni turk rejimi bilan uning ortidagi qo‘zg‘olonga dushman bo‘lgan G‘arb davlatlari zilzilaning beshinchi kuniga qadar Suriyaga kiritishmadi… Vayronalar ostida qolganlarning joni uzilganiga ishonchlari komil bo‘lishi uchun qasddan shunday qilishdi. Bu bilan xalqaro hamjamiyatning asl basharasi ochilib, uning insonparvarlik, inson huquqlari va jabrlanganlarga yordam berish kabi da’volarining yolg‘onligi fosh bo‘ldi.

Bir vaqtning o‘zida, biz Suriya rejimi nazorati ostidagi hududlarda zilziladan ko‘rilgan zararlar ancha ozligiga qarmay, o‘nlab davlatlarning qonxo‘r rejimga qator yordamlar jo‘natishga shoshilganini guvohi bo‘ldik. Zero, Suriya rejimiga bunchalik chopib borish va u bilan munosabatlarni normallashtirishdan maqsad Amerikaning ochiqdan-ochiq ko‘rsatmasi orqali uni hokimiyatda saqlab qolishdir. Bunga BMT bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning – Turkiyadan Suriya shimoliga gumanitar yordamlar o‘tishi uchun Suriya rejimi Bobul Havo o‘tish yo‘lagidan tashqari yana ikkita qo‘shimcha o‘tish yo‘lagini ochishga rozi bo‘ldi, degan bayonoti misol bo‘ladi.

Xo‘sh, Turkiya bilan Suriya shimolidagi ozod etilgan hududlar o‘rtasidagi o‘tish punktlarini ochishga Asad rejimi rozi bo‘lishi kerak, deya BMTning buncha tashviqot qilishidan maqsad nima, axir, bu hududlar uning nazoratidan tashqari-ku?! Buning sababi Asadni hokimiyatda ushlab qolish va ozod etilgan hududlarni yaqin kelajakda amalda uning nazorati ostiga kirishiga zamin yaratishdan iboratdir. Yarashtirish otaxoni bo‘lgan turk rejimi shug‘ullanayotgan ishdan maqsad ham mana shu.

Ushbu qirg‘inbarot zilziladan olinadigan saboq shundan iboratki, ayni fojia vaqtida barcha Shom ahli kishini hayron qoldiradigan darajada bir-birlariga dastak bo‘ldilar… Minglab ko‘ngilli suriyaliklar zarar ko‘rganlarga yordam berishda qatnashib, imkoniyatlari doirasida bir yoqadan bosh chiqardilar. Zarar ko‘rgan hududlar tomon shahar va qishloqlardan yordamlar oqib keldi, ehtiyojmandlarga yordam berishga qaratilgan ko‘ngillilar aksiyasi boshlandi… Bu ishlar zarar ko‘rgan suriyaliklarni yordamsiz qoldirishga xalqaro darajada til biriktirilayotgan bir paytda, islomiy birodarlik va o‘zaro ishonchning ajoyib manzarasini namoyon etdi.

Bu hodisa jamoiy harakat barchamizning najot kamarimiz ekaniga bizni ishontirishi lozim. Chunki bu qo‘zg‘olonimizda nusrat quchishimizga sabab bo‘luvchi samarali harakatdir va buning uchun qo‘zg‘olonchilarning har biri o‘z mintaqasida tartibli ravishda harakat qilmoqlari va saflarini birlashtirgan holda qo‘zg‘olonning harbiy va fuqarolik uyushmalarini tuzmoqlari darkor.

Keyin esa, bu uyushmalar bir-birlari bilan bog‘lanib, qo‘zg‘olonning o‘zgarmas maqsadlarini mahkam ushlaydigan bitta inqilobiy jismga aylanadilar va tortib olingan qarorlarini qaytarib olib, qo‘zg‘olonning hozirgi eskirgan-chirik mashinasini almashtiradilar va yangi mashinada yo‘lga tushadilar, uning rulini Damashqdagi qonxo‘r rejimni ag‘darish va xarobalari uzra Islom hokimiyatini o‘rnatishga intilayotgan xolis ongli siyosiy va harbiy yetakchilik qo‘liga topshiradilar. Chunki Allohning nusrati, ushbu nusrat shartlariga rioya qilgan va uning uchun jiddiy va xolis harakat qilgan kishilar uchun juda ham yaqindir.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ تَنصُرُوا اللهَ يَنْصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ

«Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangiz U ham sizlarga nusrat-yordam berur va jang maydonida qadamlaringizni sobit-barqaror qilur» [Muhammad 7]

Roya gazetasining 2023 yil 22 mart chorshanba kungi 435-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.