Aqilbek Japarov O‘zbekistonga bordi

116
0

Aqilbek Japarov O‘zbekistonga bordi

 Xabar: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisi Aqilbek Japarov 8-mart kuni xizmat safari bilan O‘zbekistonga borgan.

 Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Japarov safar davomida O‘zbekistonning hududlarida joylashgan ishlab chiqarish va ilmiy-texnik korxonalari faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, mulozimning O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashishi kutilmoqda.

 “Aqilbek Japarov Jizzax viloyatining Manas qishlog‘ida yashovchi etnik qirg‘izlar bilan ham uchrashish niyatida”, – deyilgan hukumat xabarnomasida.

Qayd etilishicha, bu Japarovning Vazirlar mahkamasi raisi sifatidagi O‘zbekistonga ilk tashrifidir.

 Izoh: AQSH davlat kotibi Entoni Blinken 28-fevral kuni Ostonada Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan “S5+1” formatida uchrashib, Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyuriganidan so‘ng mintaqa rasmiylari o‘rtasida siyosiy muloqotlar yangi bosqichga chiqa boshladi. Blinken kelib ketganidan so‘ng 3 mart kuni Chimkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv haqida tarqatilga xabarlarda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari o‘rin olgani va O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi korxonalarining ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilishi kabi umumiy gaplar bilan cheklanildi. Ammo, ikki davlat rahbarlarining Blinken tashrifidan so‘ng shoshilinch tarzda uchrashishlari AQSH tomonidan ularga yuklatilgan yangi vazifalar borasida kelishib olish uchun bo‘lganligini ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6-mart kuni ham Mirziyoyev, ham Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Vazirlar mahkamasi raisi Aqilbek Japarovning O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tashrifi ham Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ko‘rsatmasi asosida “soatlarni to‘g‘rilab olish” uchun bo‘lishi mumkin.

 Rossiya Ukraina botqog‘iga botib borgani sari Markaziy Osiyo ustida qolgan o‘yinchilar Xitoy, AQSH va YEI o‘rtasidagi kurash tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Xitoy vaqtdan foydalanib Rossiya shu vaqtga qadar to‘sqinlik qilib kelgan bir qator iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish va savdo xablarini barpo qilishga jiddiy kirishgan bo‘lsa, AQSH va YEI davlatlari mintaqada o‘z nufuzlarini mustaxkamlashda “gender tenglik”, “demokratik qadriyatlar” va “inson huquqlari” qurolidan foydalanib, turli moliyaviy yordamlar ko‘rsatish orqali qaram qilib olishga harakat qilishadi.

  Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.