Aleksandr Bashkin: Biz Turkmanistondan Ozarboyjonga gaz quvuri qurilishiga ruxsat bermaymiz

128
0

Aleksandr Bashkin: Biz Turkmanistondan Ozarboyjonga gaz quvuri qurilishiga ruxsat bermaymiz

 Xabar: Rossiya Federatsiya Kengashining a’zosi Aleksandr Bashkin Turkmaniston-Ozarboyjon transkaspiy gaz quvuri qurilishiga ruxsat berilmasligini ma’lum qildi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb ekspertlari turkman gazi Boku orqali Turkiyaga, u yerdan esa Yevropaga eksport qilinishi, bu bilan Rossiya gaziga qaramlikdan ozod bo‘lish mumkinligiga bekorga umid qilmoqda.

 “Shuni bilish kerakki, Kaspiy dengizining maqomi to‘g‘risidagi beshta Kaspiy davlati tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, barcha davlatlar o‘zaro munosabatlarda har qanday loyihalarni amalga oshirishga rozilik berishi kerak, ayniqsa ekologik xavfsizlik sohasida. Suv ostidan yotqiziladigan gaz quvuri Kaspiy dengizining ekologik xavfsizligiga tahdid solishi sababli, Rossiya uning qurilishiga rozi bo‘lolmaydi”, – dedi senator.

 “Ayni paytda Turkmanistonning iqtisodiy manfaatlaridan xavotirlanishga hojat yo‘q. Bizga do‘stona bo‘lgan ushbu davlat gazining har qanday hajmini Xitoy, Hindiston va Rossiya qabul qilishga qodir”, – deb xulosa qildi Bashkin.

 13-14 dekabr kunlari Turkmanistonning Ovoza turistik zonasida Ozarboyjon, Turkiya va Turkmaniston rahbarlari sammiti o‘tkazildi va unda Transkaspiy gaz quvuri loyihasi yana muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Turkmaniston matbuotida gaz quvuri mavzusi deyarli tilga olinmadi. Shu bilan birga, Rossiyaning “Kommersant” nashri turkman gazini Ozarboyjon orqali Yevropaga yetkazib berishni tashkil etish go‘yoki sammitning asosiy maqsadi bo‘lganini yozdi.

 Izoh: Joriy yilning 1-iyul kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodga tashrif buyurigan Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan uchrashgan edi. Mazkur uchrashuv yakunida Turkiyaning yuqori martabali rasmiysi turkman gazini Turkiyaga tashishning uchta varianti ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

 “Bular quyidagi uchta muqobil: Kaspiy bo‘ylab TANAP liniyasidan foydalanish, SWAP kelishuvi yoki dengiz orqali quvur liniyasiga o‘tish. Tayyorgarlik ishlarini yakunlashga juda yaqin ekanligimizni e’lon qilishdan xursandman”, – degan edi vitse-prezident.

 TANAP gaz quvuri Yevropa komissiyasi tashabbusi bilan yaratilgan Janubiy gaz transport koridorining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Janubiy gaz transport koridoriga Trans-Anadolu quvur liniyasidan (TANAP) tashqari, Janubiy Kavkaz gaz quvuri va Trans-Adriatik gaz quvuri (TAP) kiradi. Turkmanistondan Transkaspiy gaz quvuri loyihasi amalga oshirilsa, u Transanadolu liniyasiga ulanishi mumkin.

 TANAP gaz quvuri Ozarbayjon gazini Gretsiyaga yetkazib beradi. Gretsiyadan esa bu liniya TAP gaz quvuriga ulanadi va shu tariqa Ozarbayjon gazi Albaniya, Bolgariya, Italiya va boshqa markaziy Yevropa bozorlariga yetkaziladi. TANAPning o‘tkazish quvvati yiliga 15 milliard kub metr gazni tashkil etadi, TAP esa 10 milliard kub metr gazni o‘tkazishga qodir.

 Turkiya vitse-prezidenti TANAPdan tashqari turkman gazini sotib olishning yana ikkita variantini tilga olib o‘tdi.

 Ulardan biri svop yetkazib berishdir. Turkiya va Turkmaniston o‘rtasidagi almashtirish sxemasi bo‘yicha gaz yetkazib berish rejasiga Eron va Ozarbayjon kiradi. Ushbu sxema bo‘yicha  Turkmaniston Turkiya uchun mo‘ljallangan gazni Eronga yuboradi va ular o‘z navbatida xuddi shunday hajmdagi gazni Ozarbayjonga jo‘natadi va u yerdan Turkiyaga yo‘naltiriladi.

 Turkmanistondan gaz yetkazib berishning uchinchi varianti esa uni suyultirilgan holda Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, u yerdan esa quvurlar orqali Turkiyaga o‘tkazish g‘oyasidir.

 Bugungi kunda Turkmaniston o‘z gazini faqat Rossiya va Xitoyga sotishga majbur. Muqobil xaridor bo‘lmagani sababli Xitoy va Rossiya undan juda arzon narxlarda gaz sotib oladi. AQSH Turkmanistonning gaz eksporti bo‘yicha Rossiyaga bo‘lgan qaramlikdan uzish va turkman gazi nazoratini o‘z qo‘liga olish maqsadida 1800 km uzunlikdagi Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH – TAPI) gaz quvuri loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur loyiha har yili 33 milliard kub metrga yaqin turkman gazini eksport qilish uchun mo‘ljallangan. Agar mazkur loyiha amalga oshsa mintaqadagi eng arzon bo‘lgan turkman gazi uchun yana uchta xaridor naqd bo‘ladi. Hozirgi taqsimot bilan Afg‘oniston yiliga 5 milliard kubometr, Pokiston 14 milliard kubometr, Hindiston 14 milliard kubometr oladi. Bu o‘z navbatida Rossiyani gaz narxi borasida Turkmanistonga bosim o‘tkazish richagidan mahrum qilsa, boshqa tomondan yiliga 35 milliard kubometr gaz sotib oladigan Xitoyga Pekinga tobe’lik darajasini kamaytirish imkonini beradi.

 Agar turkman gazini Ozarbayjon orqali Yevropaga yetkazib berish ham amalga oshadigan bo‘lsa, bugungi kunda energetika sohasida Rossiyaga jiddiy qaram bo‘lgan Yevropani Rossiya bosimidan qisman qutulishiga olib keladi va mintaqani AQSHga bo‘lgan qaramligini oshiradi. Ammo Rossiya o‘z imkoniyatidagi barcha vositalar bilan bunga qarshilik qilishi aniq. Biroq, kundan kunga so‘nib borayotgan Rossiya mavqeyi va qudrati bunga qachongacha qarshilik qila olishi vaqt masalasi xolos.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.