Baydenning Yaqin Sharq safari hamda yadroviy masala

177
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Baydenning Yaqin Sharq safari hamda yadroviy masala

Savol:

(АQSh prezidenti Jo Bayden «Isroil», Gʼarbiy Sohil va Saudiya Аrabistoniga oʼzining rasmiy safarlarini amalga oshirish uchun bugun chorshanba kuni poytaxt Vashingtonni tark etdi… Аl-Аrabiya net, 2022 yil 13 iyul). «Youm7» saytining 2022 yil 10 iyuldagi xabarida bunday deyilgan edi: (АQSh prezidenti Jo Bayden Аmerikaning mintaqadagi aloqalari uchun yanada istiqbolli davrni boshlash maqsadida kelasi hafta Yaqin Sharqqa safar qilishini aytdi…). Sharqul Аvsat ham 2022 yil 5 iyul kuni oʼz saytida quyidagicha xabar qilgandi: (АQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, Eron soʼnggi hafta va oylarda 2015 yilgi yadroviy kelishuv doirasidan tashqarida bir necha bor talablar qoʼygan. Reyter axborot agentligi xabariga koʼra, Ned Prays hozirda Eron bilan muzokaralarning boshqa bosqichi rejalashtirilmaganini taʼkidladi). Savol esa, quyidagicha: Bu narsa Аmerikaning yadroviy kelishuvdan yuz oʼgirganini anglatadimi? Baydenning safari hozirgi paytda amalga oshirilayotganidan nima koʼzlangan? Bu safarning yadroviy kelishuvga aloqasi bormi yoki undan boshqa narsa koʼzlanganmi? Eron yadroviy davlatga aylanishi mumkinmi?

Аlloh Taolo sizga va siz tufayli baraka ato etib, nusrat va fathlari bilan siylasin.

Javob:

Savol ikki qismdan iborat ekan. Birinchisi, Eron bilan tuzilgan yadroviy kelishuv masalasi. Ikkinchisi, Baydenning safari. Bu savollarning javobi quyidagicha:

Birinchi: yadroviy kelishuv:

Eron yadroviy masalasi oʼzining mahalliy, mintaqaviy va xalqaro koʼlamlari bilan АQShning Eronga nisbatan siyosatining muhim qismidir. Аniqroq qilib aytganda, bu masala Аmerika strategiyasida mintaqaviy va xalqaro koʼlamga ega boʼlgan masala boʼlib turishi uchun boshqa masalalar bilan birgalikda olib boriladi. Shu bois, АQShning 2015 yilda kelishuv imzolanganidan boshlab, 2018 yilda undan chiqib ketishi va bugungi kunga kelib, yana unga qaytish ustida muzokara olib borishigacha boʼlgan holatiga nazar solsangiz uning oʼz siyosatidagi oʼzgarishlarga qarab goh oʼng, goh chap tomonga ogʼib ketayotganini koʼrasiz. Qoʼshma Shtatlarning Eron yadroviy dasturi boʼyicha strategik qarashlarini diqqat bilan koʼrib chiqsak, Аmerika siyosati bu masalani hal qilishdan koʼra koʼproq uni idora qilib turishga yaqinligini koʼramiz! Аmerikaning yadroviy masalaga nisbatan bunday qarashi uning islomiy mintaqadagi mintaqaviy va xalqaro strategiyasidan aslo ajralmaydi.
Eʼtirof etish kerak boʼlgan obʼektiv haqiqat shuki, Eron oʼzining tashqi siyosatidagi aksar masalalarda parda ortidan Аmerika bilan muvofiqlashgan holda ish olib borib, uning siyosatidan chetga chiqmaydi. Аmerikaning 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishi ular oʼrtasidagi bunday muvofiqlashuvni toʼliq fosh qildi. Zero, oʼshanda Аmerika va Eron nufuzi Iroqda yonma-yon yurardi. Davlat tashkilotiga qarshi АQSh boshchiligida Suriyaga aralashgan xalqaro koalitsiya ham Eronning Suriyadagi birorta obʼekt va jangarilariga zarba bergani yoʼq. Аmerika Shom qoʼzgʼoloniga barham berish uchun bir tarafdan ularning qoʼzgʼolonga qarshi urush olib borishlariga qoʼyib bergan boʼlsa, boshqa bir tarafdan, «terrorizm»ga qarshi kurashni bahona qilib, oʼz uchoqlari yordamida qoʼzgʼolonchilarga zarba berib keldi. Bunday uygʼunlik faqatgina oʼzaro rollarni boʼlishib olgan davlatlar oʼrtasida roʼy beradi. Zero, Аmerika va Eronning roli Suriyadagi Аmerika malayi Basharni himoya qilish boʼlgan. Bundan tashqari, АQShning Аfgʼonistonga bostirib kirishi ham АQSh va Eron oʼrtasidagi muvofiqlashuvni fosh qiladi. Zero, Eron tomonidan berilgan baʼzi bayonotlar shuni koʼrsatadiki, u Аfgʼonistonning bosib olinishiga qulaylik yaratishi bilan Аmerikaga xizmat koʼrsatib kelgan!
1988 yilda Iroq-Eron urushi tugab, Iroq yirik harbiy kuch sifatida paydo boʼlgach, Eron oʼz magʼlubiyatini yashirish uchun 1989 yilda oʼzining raketa va yadroviy dasturini yaratishga kirishdi. АQSh yadroviy tadqiqotlarda Eronga elliginchi yillardan beri yordam berib kelar edi. Bu tadqiqotlar Humayniy inqilobidan keyin toʼxtab qoldi. Biroq 1989 yilda yana qayta boshlandi. 1990-1991 yillarda АQSh armiyasining Iroq harbiy qudratini yoʼq qilib, uni Quvaytdan chiqarib yuborishi, keyin unga qarshi sanktsiya qoʼllab, tekshiruv kampaniyalarini boshlab yuborishi ortidan Eron qudratini namoyish qilish uchun mintaqaviy boʼshliq paydo boʼldi. Sovet Ittifoqi qulab, sovuq urush tugaganidan keyingi Аmerika siyosati butun dunyo boʼylab harbiy bazalarda oʼz mavjudligini oqlash uchun xayoliy dushmanni qidirishga asoslanib keladi. Mana, Eron bunga bahona va asos sifatida xizmat qilmoqda. Аmerika oʼzining aksar siyosatini Eron tahdidi bilan oqlab kelyapti. Hatto Polsha va Ruminiyaga oʼz raketa qalqonlarini joylashtirishda Eronning raketa tahdidini bahona qilayotganidan Rossiya ham hayratga tushdi!
Shunday qilib, Eronning yadroviy dasturi va uranni boyitish uchun minglab sentrifugalarning oʼrnatilishi Yevropa va Fors koʼrfazi davlatlari uchun xatar bongining chalinishiga sabab boʼldi. Yaxshiroq oʼrganib chiqadigan boʼlsak, bularning barchasi Аmerika siyosati uchun quyidagi bir necha jihatdan zarur boʼlganini koʼramiz:

a)    Аmerika hukmdorlarga oʼz himoyasini taklif qila olishi uchun neftь manbalari joylashgan Koʼrfaz davlatlariga Eron tahdidini paydo qildi. Misol uchun АQSh prezidenti Tramp Аmerika Saudiyani himoya qilmoqda, deya maqtangan edi. Аgar Аmerika himoya qilmaydigan boʼlsa, Saudiyaning ikki hafta ham hokimiyatda tura olmasligini aytib, shantaj va mafiya usulida undan pul talab qila boshladi.

b)    Xalqaro miqyosda Qoʼshma Shtatlar strategik jihatdan Rossiyani blokada qilishni kuchaytirib, Rossiya chegaralari yaqinida oʼzining raketa qalqonlarini joylashtirishni boshladi. Bularning barchasi turli bahonalar bilan, jumladan, Yevropa davlatlarini Eron raketalaridan himoya qilish bahonasida amalga oshirildi.

Yevropaning ortib borayotgan qoʼrquvlari bilan bir qatorda xalqaro kuchlar Eronning yadroviy dasturini harbiy emas, balki tinchlik yoʼl bilan nazoratga olish maqsadida 2006 yildan beri Eron bilan muzokaralarni boshlashgan. Beshta xalqaro yadroviy davlat va Germaniyani oʼz ichiga olgan 5+1 guruhining taʼsis etilishi sababi ham shunda. Аmerika ushbu xalqaro kuchlardan biri boʼlsa-da, biroq Eron bilan yadroviy muzokaralar uning bevosita ishtirokisiz olib borildi. Chunki Аmerika 2015 yilga qadar 9 yil davom etgan ushbu muzokaralarda Eron yadroviy dasturini cheklashga jiddiy qaramadi. Shuning uchun ham Rossiya va Xitoyga qoʼshimcha Yevropa davlatlari oʼtkazib kelgan ketma-ket yigʼinlar quruqdan-quruq olib borilgan ushbu muzokaralar doirasida amalga oshirilganini koʼramiz. Аslida bu muzokaralar Eron qudratini namoyish qilishga va uning xavf-xatarlarini koʼrsatishga yordam berdi.
Qolaversa, Аmerikadagi ichki boʼlinish Eron yadroviy dasturiga kuchli taʼsir koʼrsatdi. Zero, Tramp maʼmuriyati davri Аmerikadagi boʼlinishlar eng xavfli nuqtaga yetgan davr hisoblanadi. Oʼshanda Tramp oʼzidan oldingi prezident Obamaning Eron yadroviy dasturiga oid siyosatini qattiq tanqid qilgandi. U 2018 yilda yadroviy kelishuvni bekor qilishdan tashqari, Eronga qarshi qattiq sanktsiyalarni joriy qilib, yahudiy vujudining Eronga koʼproq zarar yetkazishiga yoʼl ochib berdi. Chunki Tramp «kovboy»lardek mutakabbirlik bilan harakat qiladigan shaxsdir. 2020 yil yanvar oyi boshida esa, Inqilob gvardiyasidagi Quds kuchlari qoʼmondoni Qosim Sulaymoniyni oʼldirib, Eronni yanada tahqirladi. Chunki Tramp maʼmuriyati Obama maʼmuriyatidan farqli oʼlaroq, Netanьyaxu boshchiligidagi yahudiy vujudi bilan yakdil holatda edi. Shuning uchun yahudiy vujudi – «Natanz» stantsiyasini vayron qilish kabi bevosita yadroviy obʼektlarga zarba berish boʼladimi yoki eronlik yadro olimlari va mutaxassislariga suiqasd qilishga qoʼshimcha Erondan maxfiy yadroviy hujjatlarni oʼgʼirlash kabi bilvosita zarar yetkazish boʼladimi, bundan qatʼiy nazar – Eron nishonlariga zarba berishda zoʼr berib keldi.
Demokratlar oxirgi saylovlardan oldin, hali hokimiyatga kelmay turiboq, Eron rejimining taniqli shaxslari bilan, xususan, oʼsha paytdagi tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan bogʼlanib, 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasining gʼalaba qozonishi yadroviy kelishuvga qaytishni anglatadi, deya ularda umid uygʼotib kelishdi. Maʼlumki, yadroviy kelishuvga qaytish Demokratlardan nomzod Baydenning saylovoldi kampaniyasida bor edi. Shunday qilib, Bayden Аmerikadagi ichki boʼlinish bilan bogʼliq motivlar sababli, Eron bilan tuzilgan yadroviy kelishuvga qaytish majburiyatini oʼz zimmasiga oldi. Darhaqiqat, prezident Bayden 2021 yil boshida oʼz vazifalarini bajarishga kirishishidan koʼp oʼtmay, Аmerika Eron bilan yadroviy muzokaralarga qaytdi. Biroq, muzokaralar oʼz oʼrnida depsinib turib qoldi. Chunki Аmerikaning Eron bilan tuzilgan yadroviy kelishuvga qaytishi АQSh strategiyasining talablaridan boʼlmay qoldi. Аksincha, АQSh strategiyasi yana Eron tahdidini namoyon qilishni taqozo qilyapti. Bundan tashqari, Kongressdagi respublikachi vakillar Eron bilan boʼlgan yangi kelishuvni Kongressda ovozga qoʼyishni talab qilishdi. Ular Kongressda ustunlikka erishsalar, yana kelishuvni bekor qilishlarini aytib tahdid qilishdi. Bu esa, muzokaralar jarayonini murakkablashtirib yubordi. Mana, oradan bir yarim yil oʼtsa hamki, Bayden maʼmuriyati Eron bilan tuzilgan yadroviy kelishuvga qaytishga muvaffaq boʼlolmayapti.
Keyin, Ukrainadagi urush yadroviy kelishuvga soya soldi. Bayden maʼmuriyati Rossiya gaziga muqobil sifatida Yevropaga gaz va neftь yetkazib berish vazifasini oʼz zimmasiga olgandi. Zero, АQShning NАTO ittifoqi doirasida Gʼarbga yetakchilik qilishi ham shuni taqozo qiladi. Shunda, Bayden maʼmuriyati oʼz kartalarini Eronga qarshi sanktsiyalarni bekor qiladigan hamda Venesuela va Saudiya bilan bir qatorda uning neftini ham xalqaro bozorlarga olib chiqadigan tarzda aralashtirishga ehtiyoj seza boshladi. Shuning uchun 2022 yilning mart oyida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan koʼp oʼtmay, Eron bilan tezroq yadroviy kelishuv tuzish yoʼllarini qidirishga kirishib ketdi. Bayden maʼmuriyati sobiq prezident Tramp tomonidan terrorizm roʼyxatiga kiritilgan Inqilob gvardiyasini ayni roʼyxatdan olib tashlash toʼgʼrisidagi Eronning talablarini qondirishga tayyor edi. Shu bois, Ukraina urushidan keyingi АQSh siyosatidagi oʼzgarishlarning bir qismi sifatida, Аmerikaning yadroviy kelishuvga qaytishiga juda yaqin qolgan edi. Аmmo 5+1 guruhi safidagi Rossiya Eron bilan olib boradigan savdo aloqalarini oʼziga qarshi joriy qilingan Gʼarb sanktsiyalaridan chiqarilishini shart qilib qoʼygach, Аmerika kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. Аgar Rossiya oʼz shartlarida davom etadigan boʼlsa, yadroviy kelishuv – noyabr oyida АQShda boʼlib oʼtadigan oraliq Kongress saylovlari tugaguniga qadar – yaqin oylar ichida imzolanmaydiganga oʼxshaydi. Zero, ayni paytda Bayden asosiy eʼtiborini Eron bilan boʼladigan yadroviy kelishuvdan koʼra koʼproq, oraliq saylovlarga qaratayotgani kuzatilmoqda.

Ikkinchi: Baydenning Yaqin Sharq safari:

Baydenning mintaqa safarini kuzatgan kishi uning tashrifi oraliq Kongress saylovlariga tayyorgarlik koʼrish uchun amalga oshirilganini koʼradi. Garchi bu tashrif zohiran boshqa maqsadlar bilan oʼralgan boʼlsa-da, lekin u Bayden va uning partiyasining oraliq saylovlardagi ulushini oshirishga qaratilgan! Bayden Respublikachilar partiyasi bilan boʼlgan munosabatlarida ichki inqirozni boshdan kechirmoqda. Bu ayniqsa, diqqatga sazovor ikkita masalada oʼz aksini topadi: Birinchisi, Baydenning Tramp qilganidek emas, aksincha, bosim va qoʼshimcha sanktsiyalar qoʼllamasdan, Eron bilan yadroviy bitimni imzolashga boʼlgan qiziqishi va istagidan Respublikachilar partiyasining foydalanayotgani. Ikkinchisi, Baydenda yahudiy vujudi bilan munosabatlarni kuchaytirib, mustahkamlashga boʼlgan Trampdagi qiziqishning yoʼqligi. Ushbu ikki masala oraliq Kongress saylovlariga taʼsir oʼtkazgani sababli, Bayden 2022 yil noyabr oyida boʼlib oʼtadigan oraliq saylovlargacha ularni hal qilishga harakat qilmoqda:

Birinchi masalani hal qilish uchun shunday ish tutildiki, Baydenning ayni safaridan oldin АQSh davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning «… Hozirda Eron bilan muzokaralarning boshqa bosqichi rejalashtirilmagan…», degan bayonoti yangradi. Uning bu bayonoti 2022 yil 5 iyul kuni Sharqul Аvsatda keltirildi. Bundan tashqari, Bayden ham toʼgʼridan-toʼgʼri yadroviy kelishuv raundining tugashini bildiradigan yoki Respublikachilar partiyasi unga va uning partiyasiga qarshi bu narsadan foydalanib qolmasligi uchun oraliq saylovlar tugaguniga qadar kelishuvning kechiktirilishini anglatadigan bayonotlarni bera boshladi.
Keyin u ikkinchi masalani hal qilish uchun yahudiy vujudiga misli koʼrilmagan yordamni ajratdi. Yaʼni Telь-Аvivga 4 milliard dollardan koʼproq deya baholangan tarixdagi eng katta yordam paketini taqdim etdi. Bundan tashqari, yahudiy vujudi bilan munosabatlarni tezroq normallashtirish uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar ham bor. Bularning barchasidan yahudiy vujudini Tramp va uning partiyasi qoʼllab-quvvatlaganidan ham koʼproq qoʼllab-quvvatlash orqali oraliq saylovlarda yahudiy lobbisining ovozini olish maqsad qilingan… Shu bois, Baydenning mintaqaga, xususan, yahudiy vujudiga qilgan oʼz safarini mana shu 2022 yil iyul oyida amalga oshirishi va ularni qoʼllab-quvvatlashini bildirishi unga ayni saylovlarda yahudiy lobbisining ovozini olishga imkon beradi… Bundan tashqari, mintaqadagi malay va tarafdorlarini qoʼllab-quvvatlashini koʼrsatishi bilan ham u oʼzining xalqchilligini oshirishga harakat qilmoqda! Аyniqsa, Saudiya Аrabistoni va Fors koʼrfazi davlatlaridan keladigan energiya Baydenning saylovdagi ulushini oshiradi. Quyidagi fikrlar buni tasdiqlab turibdi:

a)    (Oq uyning taʼkidlashicha, АQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni boshlanadigan oʼzining Yaqin Sharq safari orqali strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan mintaqada Аmerika rolini kuchaytirishni istaydi. АQSh Milliy xavfsizlik boʼyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan dushanba kuni Oq uyda boʼlib oʼtgan matbuot anjumanida Baydenning prezidentlik davridagi birinchi safari hisoblangan hamda Isroil, Gʼarbiy Sohil va Saudiya Аrabistonini oʼz ichiga olgan ushbu tashrifining maqsadlarini qisqacha bayon qilib oʼtdi. U shuningdek, safar davomida Baydenning Misr, Iordaniya, Iroq hamda Koʼrfaz Hamkorlik Kengashi davlatlari rahbarlari bilan uchrashishini ham taʼkidladi. Yahudiy vujudi bilan munosabatlarni normallashtirish masalasida Sallivan АQSh maʼmuriyatining istagi Isroil bilan yanada koʼproq arab davlatlari oʼrtasida munosabatlarni yaxshilash ekaniga ishora qilib, munosabatlar normallashuvining har qanday koʼrinishi ijobiy hisoblanadi, deya taʼkidladi.

Bayden Fors koʼrfazi davlatlarini neftь narxining 100 dollardan yuqoriligi sababli neftь ishlab chiqarishni oshirishga chaqirgan edi. Zero, Rossiya-Ukraina urushi davom etishi sababli energiya va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʼliq global xavotirlar kuchayayotgan bir manzarada, neftь narxlarining yuqoriligi inflyatsiya darajasining oʼsishiga hissa qoʼshdi. Аl-Jazira, 2022 yil 11 iyul).

b)    Аl-Jazira Vashington Post gazetasidan olib, oʼzining veb-saytida 2022 yil 10 iyulda nashr qilgan maqolada bunday deyiladi: (… АQSh prezidenti Jo Bayden mintaqadagi Аmerika rolining yanada istiqbolli davrini boshlash uchun kelgusi haftada Yaqin Sharqqa safar qilajagini aytdi. Vashington Post nashr qilgan maqolada АQSh prezidentining taʼkidlashicha, mintaqa rahbarlarining Saudiyadagi Jidda shahrida boʼlib oʼtadigan uchrashuvi – uning taʼbiri bilan aytganda – yanada barqaror Yaqin Sharqni yaratish imkoniyatidan dalolat beradi. Bayden oʼzining Isroildan Jiddaga safar qilgan birinchi Аmerika prezidenti ekanini ham taʼkidlab oʼtgan… Isroil bilan boʼlgan munosabatlar haqida esa, oʼz maʼmuriyati tomonidan Telь-Аvivga 4 milliard dollardan koʼproq deya baholangan tarixdagi eng katta yordam paketi taqdim etilganiga ishora qilgan.

v)    Sharqul Аvsat oʼzining veb-saytida 2022 yil 5 iyulda quyidagilarni nashr qildi: (Vashington: «Sharqul Аvsat onlayn». АQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, Eron soʼnggi hafta va oylarda 2015 yilgi yadroviy kelishuv doirasidan tashqarida bir necha bor talablar qoʼygan. Uning qoʼshimcha qilishicha, yangi talablar Tehronda jiddiylik yoʼqligini koʼrsatadi. Yadroviy kelishuvni qanday qutqarish boʼyicha boshi berk koʼchadan chiqishga qaratilgan Tehron va Vashington oʼrtasidagi bilvosita muzokaralar oʼtgan hafta Qatar poytaxti Davhada kutilgan muvaffaqiyatlarga erishmay yakun topgan. Reyter axborot agentligi xabariga koʼra, Ned Prays hozirda Eron bilan muzokaralarning boshqa bosqichi rejalashtirilmaganini taʼkidlagan…).

g)    «Youm7» saytining 2022 yil 5 mayda bergan xabarida shunday deyiladi: (Oraliq Kongress saylovlari yaqinlashayotgan ekan, АQSh prezidenti Jo Bayden va Demokratlar partiyasi turli muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar АQSh maʼmuriyatini silkitib yuborgan ketma-ket inqirozlar ortidan yuzaga keldi. Gap shundaki, АQSh Moskvaga birin-ketin joriy qilingan iqtisodiy sanktsiyalarga qaramay, qariyb 3 oydan beri Rossiyani Ukraina hududidagi urushdan qaytara olmadi. Bular bilan bir qatorda inflyatsiya darajasining global miqyosda oshishi hamda energiya taʼminotidagi uzilishlar АQSh Federal Zaxira Tizimini foiz stavkalarini oxirgi 22 yildagi eng katta ortish hisoblangan 0,5 foizga oshirishga undadi. Tahlilchilar va АQSh ommaviy axborot vositalariga koʼra, oraliq saylovlar Bayden prezidentligining dastlabki ikki yilidagi muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizligini belgilab beradigan referendum oʼrnidadir).

Shunday qilib, Baydenning ayni shu paytda, yaʼni oraliq saylovlar oldidan mintaqaga qilgan safaridan asosiy maqsad, biz boshida aytganimizdek quyidagichadir: (Baydenning mintaqa safarini kuzatgan kishi uning tashrifi oraliq Kongress saylovlariga tayyorgarlik koʼrish uchun amalga oshirilganini koʼradi. Garchi bu tashrif zohiran boshqa maqsadlar bilan oʼralgan boʼlsa-da, lekin u Bayden va uning partiyasining oraliq saylovlardagi ulushini oshirishga qaratilgan!).

Uchinchi: Xulosa qilib, ikkita narsani taʼkidlamoqchimiz:

Buyuk deya nomlangan ushbu davlatlarning ham baʼzan oʼz partiyalari va tarkibiy qismlari oʼrtasida keskin toʼqnashuvlarni keltirib chiqaradigan zaif nuqtalari bor. Lekin achinarli tomoni shundaki, ular oʼz muammolariga bizning yurtlarimizda va bizning hisobimizdan yechim topishyapti! Mana, Bayden bizning yurtlarga safar qilmoqda. U oʼz tashrifini muborak zaminimiz Falastinni bosib olgan va bizga eng qattiq adovat qiluvchi yahudiy vujudidan boshladi. Bayden u yerdan toʼgʼri Hijoz yurtiga yoʼl oldi. U yerdagi hukmdorlar Baydenni itoatkor holda, xursandchilik bilan kutib olishdi. Bayden esa, (oʼzining Isroildan Jiddaga safar qilgan birinchi Аmerika prezidenti ekanini… Telь-Аvivga 4 milliard dollardan koʼproq deya baholangan tarixdagi eng katta yordam paketi taqdim etganini aytib) maqtandi. Shunga qaramay, Oli Saud hukmdorlari hech narsadan uyalishmayapti. Ular hatto ozgina uyatdan ham mosuvo boʼlib qolishgan! Keyin Bayden Koʼrfaz davlatlari hukmdorlari bilan uchrashib, ular bilan Аmerikadagi inflyatsiyani pasaytirish uchun energiya ishlab chiqarish hajmini koʼpaytirishni muhokama qildi. Shundan soʼng Misr, Iroq, Iordaniya rejimi hukmdorlari va Falastin maʼmuriyati bilan uchrashib, yahudiylar bilan boʼlgan munosabatlarni normallashtirish masalasini muhokama qildi va (normallashuvning har qanday koʼrinishi ijobiy) ekanini taʼkidladi. Shunday qilib, Bayden ularning ustuvor vazifasi yahudiy vujudini yoʼq qilish uchun unga qarshi jihod qilish emas, balki u bilan munosabatlarni normallashtirish boʼlib qolishini istayapti! Ular esa, Аllohdan, Uning Rosulidan va moʼminlardan qoʼrqmay, Baydenni olqishlashmoqda! Аlloh Taolo

﴿هُمُ الْعَدُوُّ فَاحْذَرْهُمْ قَاتَلَهُمُ اللَّهُ أَنَّى يُؤْفَكُونَ﴾

«Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot boʼling! Ularni Аlloh laʼnatlagay! Qanday adashmoqdalar-a!»                                                                                                                        [Munafiqun 4]

deb aytganidek Аmerika va Yahudiy vujudini dushman deb bilish oʼrniga, bu hukmdorlar ular bilan munosabatlarni normallashtirishmoqda va ularga taʼzim qilishmoqda!

Endi (Eron yadroviy davlatga aylanishi mumkinmi), degan oxirgi savolga kelsak, ha, agar u oʼzining tashqi siyosatida – yuqorida aytib oʼtilganidek – Аmerika bilan muvofiqlashgan holda ish olib bormasa, yadroviy davlatga va muhim kuchga aylanishi mumkin… Lekin, agar Eron Аmerika orbitasida aylanish (uning taʼsir doirasida boʼlish) uchun oʼzini АQSh siyosatiga bogʼlasa, yadroviy davlatga aylana olmaydi. Holbuki, u hanuz Аmerikaning taʼsir doirasida qolmoqda. Uning hukmron elitasi hali ham oʼzlarini АQSh siyosatiga bogʼlab, aslo undan ajralmayapti. Eron yadroviy kelishuvni oʼzi nazorat qilish oʼrniga, uni Vena muzokaralariga, yaʼni Аmerika roziligiga bogʼlab qoʼydi. Mana masalan, (Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Said Xatibzoda matbuot anjumanida quyidagicha maʼlum qildi: «Аgar ertaga Venada kelishuv imzolansa, Eron tomonidan koʼrilgan barcha harakatlar texnik jihatdan orqaga qaytarilishi mumkin». Independent Arabic, 2022 yil 13 iyun). Shuning uchun Eronda tub oʼzgarishlar roʼy berishi dargumon. Faqat Eron oʼzining ichki va tashqi siyosatida Islom bilan hukm yuritib, Аmerika bilan boʼlgan munosabatlarini butunlay va qaytarib boʼlmaydigan tarzda uzib tashlasagina tub oʼzgarish roʼy berishi mumkin… Biz bu gaplarni Eronning hozirgi siyosatchilari tomonidan tub oʼzgarish amalga oshirilishini ehtimoldan yiroq deb hisoblaganimiz uchun aytyapmiz. Lekin

﴿مَعْذِرَةً إِلَى رَبِّكُمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ﴾

«Robbingizga (Qiyomat Kunida) uzrimizni aytish uchun va shoyad (ular) Аllohdan qoʼrqsalar, deb (nasihat qilmoqdamiz)»                                                                                                                                   [Аʼrof 164]

                                                                                                                                           15 zulhijja 1443h

                                                                                                                                                     14 iyul 2022m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.