Bishkek havosi ifloslangan shaharlar reytingida yana etakchi

250
0

Bishkek havosi ifloslangan shaharlar reytingida yana etakchi

 Xabar: World Air Quality (Dunyo havosi sifati) tashkiloti tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, 7-noyabr kuni Bishkek havosi iflos shaharlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.

Bu bilan Qirg‘iziston poytaxti Hindistonning Dehli, Pokistonning Karachi shaharlarini ortda qoldirdi.

 8-noyabrda Bishkek havo eng ifloslangan shaharlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.

 Butunjahon havo sifatini o‘rganish tashkiloti saytidagi ma’lumotda, Bishkekdagi vaziyatga xavfli deb baho berilgan.

 Indeks (AQI) hozir 261ni ko‘rsatmoqda. Ko‘rsatkich 50 dan past bo‘lsa havo toza ekanligini anglatadi.

 Izoh: Bir necha yillardan beri Bishkek shahri havosi ifloslangan shaharlar orasida “etakchilikni” qo‘ldan bermay kelmoqda. Havo ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat oxirgi 4 yil ichida yanada keskinlasha boshladi. Mutaxassislar bunga bir necha sababni keltirishmoqda: birinchidan, Bishkek issiqlik elektr stantsiyasining sifatsiz rekonstruktsiya qilinishi; ikkinchidan, shaharda shamollar aylanishini hisobga olmagan holda ko‘p qavatli uylarning betartib qurilishi; uchinchidan, avtomobillarning ko‘pligi. 

 Poytaxt havosi Bishkek IES 386 million dollarga rekonstruktsiya qilinganidan so‘ng yanada yomonlashib ketdi. Bunga sabab shuncha mablag‘ evaziga rekonstruktsiya qilingan IES avval ko‘mir va mazut bilan qanday ishlatilgan bo‘lsa yana shundayligicha qoldi. Uni gaz yoki boshqa ekologik jihatdan zarari kam bo‘lgan yoqilg‘i turlariga o‘tkazish to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rilmadi. Natijada Bishkek bir necha yillardan beri havosi ifloslangan shaharlar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egallab kelmoqda.

 Mutaxassislar tomonidan olib borilgan ko‘plab tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, insonning qoniqarsiz sifatga ega havodan nafas olishi yurak-qon tomir tizimi va nafas olish organlarining bir qator kasalliklarini keltirib chiqaradi. Aholining nisbatan zaif guruhiga salomatligi zaif insonlar, bolalar va katta yoshli kishilar taalluqlidir. Aniqlanishicha, nafas olinuvchi havodagi zaharli moddalarning ta’siri ancha keng va u asab tizimida ham o‘z izlarini qoldiradi. Rasmiy hukumat oddiy xalq zimmasiga ulkan qarzlarni yuklagani etmaganidek xalq,  kelajak avlod sog‘ligini ham xatar ostida qo‘ymoqda.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.