Tojikistonning eng katta davlat qarzi Xitoydan ekanligi ma’lum qilindi

460
0

Tojikistonning eng katta davlat qarzi Xitoydan ekanligi ma’lum qilindi

 Ikkinchi yarim yillik boshida Tojikiston davlat qarzi 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi, bu respublika YaIMning 44,6 foiziga teng, deb ma’lum qildi mamlakat moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda.

 Yil boshiga solishtirganda, davlat qarzi 100 mln dollarga o‘sgan.

 Vazirning so‘zlariga ko‘ra, davlat qarzining 3,3 mlrd dollari tashqi qarz (87 foiz) hisobiga to‘g‘ri keladi, ichki qarz miqdori esa 500 mln dollarni (13 foiz) tashkil etadi.

 Uning qayd etishicha, davlat qarzi darajasi mamlakatning strategik hujjatlari me’yorlari va xalqaro moliya institutlari tavsiyalariga mos keladi.

 Tojikistonning tashqi qarz bo‘yicha eng katta kreditori Xitoy bo‘lib turibdi (1,2 mlrd dollar), xalqaro moliya bozorlarida davlat obligatsiyalari (evrobondlar) joylashtirilishi hisobidan qarzlar 500 mln dollarni tashkil etadi.

 Shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro valyuta fondidan ham nisbatan yirik qarzlar mavjud.

 Izoh: Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan farqli ravishda Xitoy ajratayotgan qarzlar, ularning foiz stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaydi va qarz oluvchi davlatdan turli demokratik islohotlar o‘tkazish, inson huquqlarini ta’minlash kabi shartlarni qo‘ymaydi. Shu sababli ham so‘nggi yillarda Xitoy O‘rta Osiyodagi diktator rejimlar uchun asosiy kreditorga aylanib bormoqda. Ammo shu bilan birga Xitoyning o‘z biznes manfaatlari bor. Imtiyozli kreditlarning asosiy sharti xitoylik kompaniyalarning moliyalashtiriladigan loyihalarda ishtirok etishidir. Shuningdek, ayrim manbalarda kelishicha, Xitoyning investitsiyaga doir shartnomasida bir maxsus band mavjud bo‘lib, unga binoan davlatlar Xitoydan olgan qarzlari evaziga o‘z mustaqilligining bir qismidan voz kechishlari lozim, shu jumladan Xitoy bilan xalqaro sudda tortishish huquqidan ham mahrum bo‘ladilar.

 Iqtisodiy jihatdan Markaziy Osiyodagi eng zaif bo‘lgan Tojikiston Xitoyning “Eksimbank”idan olgan qarzlari evaziga Xitoy kompaniyalari uchun o‘z eshigini katta ochib qo‘ydi.  Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Tojikistondagi oltin konlarini yarmidan ko‘prog‘ini  o‘zlashtirish uchun Xitoy kompaniyalarga o‘tkazib bergan. Xitoy kompaniyalari bunday konlarning 60 foiz aktsiyalariga egalik qilmoqda.

 Bundan tashqari, tojik hukumati Xitoy oldidagi qarzini uzish uchun o‘z erlarini berib yubormoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida Tojikiston parlamenti XXR bilan Tog‘li Badaxshon hududini Xitoyga o‘tkazish to‘g‘risida 2011 yil yanvar oyida tuzilgan davlatlararo bitimni ratifikatsiya qildi. Pomir erining 1,1 ming kvadrat kilometri uchun Xitoy Tojikistonning tashqi qarzining muhim qismidan kechgan. Shuni ta’kidlash kerakki, parlament tomonidan 100 foiz ma’qullanganiga qaramay, bu fakt keng jamoatchilikdan yashirilgan edi. Tojikiston fuqarolari o‘z erlarining Xitoyga berilishi to‘g‘risida faqat oktyabr oyida Xitoy gazetalaridan bilib olishdi.

 Achinarli joyi shundaki, qarindosh-urug‘chilik va korruptsiya botqog‘iga botgan bu hukumatlarda xalq hisobiga olinayotgan ulkan qarzlar o‘z o‘rniga sarflanmay talon-taroj qilib yuboriladi. Bu tog‘utlar olinayotgan qarzlarining hech bo‘lmaganda bir qismini iqtisodiy rivojlanish asosi bo‘lgan stanoksozlik, mashinasozlik kabi og‘ir sanoat tarmoqlarga sarflash haqida hatto o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Ular olinayotgan qarzlar va yurt boyliklari hisobidan o‘z hokimiyatlarini mustahkamlash, shaxsiy hayotlari va farzandlari kelajagini ta’minlash yo‘lida foydalanish haqidagina o‘ylashadi. Natijada, oddiy xalqning xali tug‘ilmagan farzandi ham bo‘ynida qarz bilan tug‘imoqda.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.