Toshkentda “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l loyihasi bo‘yicha birinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

339
0

Toshkentda “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l loyihasi bo‘yicha birinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

 Joriy yilning 2 fevral kuni Toshkentda “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

 Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari vakillari ham so‘zga chiqib, loyihaning strategik ahamiyatini ta’kidlab, uni amalga oshirish jarayonida hamkorlikda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

 Shu bilan birga, loyihaoldi hujjatlarini yuqori sifatli qilib tayyorlashni ta’minlash va puxta ilmiy-iqtisodiy tahlil o‘tkazish zarurligi qayd etilgan. Bu temir yo‘l yo‘nalishining aksariyat qismi tog‘li hududlardan o‘tgani sababli loyiha murakkabligi bilan izohlangan.

 Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy tashkilotlardan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki vitse-prezidenti Alan Pillou, Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti Mansur Muxtor, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, Osiyo taraqqiyot banki departamenti Bosh direktori Evgeniy Jukov va Evropa investitsiya banki prezidentining maslahatchisi Flaviya Palanzalor ishtirok etgan.

 Avvalroq, Pokiston bosh vaziri Imron Xon Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Trans-afg‘on temir yo‘l qurilishi loyihasini tasdiqlagani, bu loyihaga xalqaro moliya tashkilotlaridan tashqi qarz so‘ragani ma’lum qilingandi.

 Pokiston bosh vazirining savdo va investitsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Razzoq Dovudning ma’lumotlariga ko‘ra, Imron Xon 2020 yil 29 dekabrda loyihani ishga tushirish maqsadida xalqaro tashkilotlardan qarz so‘rab, xat yo‘llagan.

 Izoh: 2018-yilning 3-4- dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘llari ma’muriyati rahbarlari “Mozori Sharif-Qobul-Peshavor” yangi temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh va moliyaviy konsortsum tuzish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashgan edi.

 Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 800 million dollar bo‘lib, bu loyihaga xorijiy investorlarni jalb etish zarurati qayd etilgan. Temir yo‘l qurilishi uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hukumati qo‘shma ravishda AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi hamda boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ishtirok etishlari lozim.

 Xalqaro temir yo‘lini qurish loyihasi AQShga tegishlidir. AQShning Afg‘onistonni bosib olishdan ko‘zlagan maqsadlaridan biri – Markaziy Osiyo respublikalaridagi xom-ashyoni Rossiyani chetlab o‘tib Afg‘oniston orqali temir yo‘l va neft quvurlarini Mozori-Sharif – Qobul – Peshovor yo‘nalishi bo‘yicha okeanga olib chiqish edi. Agar AQSh shu ishni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lsa Rossiyaning MO respublikalariga bo‘lgan ta’sirini jiddiy zaiflashtiradi. Shu sababli ham AQSh Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va temir yo‘lini imkon qadar tezroq qurishga intilmoqda. 

 O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyaning 2020-yil noyabr oyida Vashington shahrida AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashganida ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri – yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga yo‘naltiriladigan Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi bo‘ldi.

 2021 yil 9-yanvar kuni O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov AQShning Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha moliya korparatsiyasining (DFC) ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Markaziy Osiyo nvestitsiyaviy sherikligi” doirasida AQSh O‘zbekistonga temir yo‘l loyihasi uchun 1 milliard dollar ajratishi ma’lum qilindi.

 Xalqaro temir yo‘l qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun manfaatli. Chunki u dunyoda dengiz orqalik amalga oshiriladigan yuk tashishdan keyingi o‘rinni egallab turgan strategik ahamiyatga ega va tannarxi arzon yo‘nalish hisoblanadi. Ammo bu loyiha mustaqil amalga oshirilmay, mustamlakachi davlatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlar ko‘magi bilan quriladigan bo‘lsa mintaqadan bir bosqinchi davlat nufuzi zaiflashishi evaziga boshqa davlatga qaram bo‘lib qolaveradi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.