Tojikiston o‘z erlarini Xitoyga bermoqda

297
0

Tojikiston o‘z erlarini Xitoyga bermoqda

 Tojikiston parlamenti XXR bilan Tog‘li Badaxshon hududini Xitoyga o‘tkazish to‘g‘risida 2011 yil yanvar oyida tuzilgan davlatlararo bitimni ratifikatsiya qildi. Pomir erining 1,1 ming kvadrat kilometri uchun Xitoy Tojikistonning tashqi qarzining muhim qismini kechgan. Shuni ta’kidlash kerakki, parlament tomonidan 100 foiz ma’qullanganiga qaramay, bu fakt keng jamoatchilikdan yashirilgan edi. Tojikiston fuqarolari o‘z erlarining Xitoyga berilishi to‘g‘risida faqat oktyabr oyida Xitoy gazetalaridan bilib olishdi.

 Oliy Majlis (mahalliy parlament) deputatlaridan biri hokimiyat qarorini quyidagicha izohlagan: “…Men butun Pomir ularning hududi sifatida ko‘rsatilgan Xitoy imperatorlarining ipak kartalarini shaxsan ko‘rdim”.

 90-yillarning boshidan boshlab XXR Sovet Ittifoqining sobiq chegaralarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini e’lon qilib, Markaziy Osiyo respublikalariga muntazam ravishda bosim o‘tkazmoqda. Badaxshonning ayrim tumanlarini o‘zlashtirishga birinchi urinishlar 1992-93 yillarda amalga oshirilgan. Biroq Tojikistonda fuqarolar urushi va tog‘larda hokimiyatning tez-tez o‘zgarib turishi Xitoyni oldinga siljishini keyinga qoldirishga majbur qilgan edi.

 Imomali Rahmon hokimiyatining o‘rnatilishi bilan ikki tomonlama muzokaralar qayta boshlandi. 1999 yili Tojikiston Markansu daryosi yaqinidagi 200 km2 maydonni XXRga o‘tkazdi. Yangi o‘zlashtirilgan er Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining bir qismiga aylangan.

 Uch yil o‘tgach, I.Rahmon sharqiy qo‘shnisiga yana 1000 km2 maydon berish taklifi bilan Xitoyga bordi. Bu safar Tojikiston Qorasuv nazorati punkti o‘rnatilgan Murg‘ob viloyatining bir qismini yo‘qotdi. XXRning Tojikiston Respublikasiga nisbatan umumiy hududiy da’volari 28 000 km2 dan ortiqni tashkil qiladi.

 Pomirning borish qiyin bo‘lgan joylarida Xitoyni nima o‘ziga jalb qiladi? Javob oddiy: mineral resurslar. Sovet Ittifoqi davrida bu erda uran, oltin va noyob minerallarning yirik konlari topilgan. Mahalliy baland tog‘li ko‘llarda zamonaviy sanoat uchun zarur bo‘lgan yuqori konsentratsiyali tuzlar mavjud.

Izoh: Xitoy hukumati Tojikiston tomonidan “in’om” qilingan erlarda allaqachon geologik qidiruv ishlarini boshlab yuborgan. Tojik hukumati esa o‘zining bu qarorini oqlash uchun “Er osti boyliklari to‘g‘risida” qarorga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritib xitoyliklar ishlarini qonuniylashtirib qo‘ydi.

 Iqtisodiy jihatdan Markaziy Osiyodagi eng zaif bo‘lgan Tojikistonning bugungi kunda tashqi qarzi 3,1 milliard dollarni tashkil etadi va bu qarzning yarmidan ko‘prog‘ini Xitoyning “Eksimbank”idan olgan. Shu sababli ham tojik hukumati nafaqat erni berib yuboryapti, balki Xitoy kompaniyalari uchun o‘z eshigini katta ochib qo‘ymoqda.

 Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Tojikistondagi oltin konlarini yarmidan ko‘prog‘i  o‘zlashtirish uchun Xitoy kompaniyalarga o‘tkazib berilgan. Xitoy kompaniyalari mazkur konlarni 60 foiz aktsiyalariga egalik qilmoqda.

 Bundan tashqari, Xitoy o‘z byudjetidan uzoq muddatli qarzlar ajratib Tojikistonda parlament binosidan tortib ta’lim muassasalari-yu ma’muriy binolargacha qurib beryapti. Tojikiston parlamenti binosining qayta tiklanishiga Xitoy hukumati 1,5 milliard yuan ajratdi. Ammo biror marta Xitoy va Tojikiston o‘rtasidagi qarzga oid shartnomalar matni oshkor etilmagan va shartlari aniq ko‘rsatilmagan. Shartlar aniq ko‘rsatilmagan bo‘lishiga qaramay Xitoyni bergan qarzlarini pul ko‘rinishida qaytarib olish qiziqtirmaydi. Balki u qarzdor davlatdan er va er osti qazilma boyliklari hisobidan to‘lashni shart qiladi.

 Ayrim manbalarda kelishicha, Xitoyning investitsiyaga doir shartnomasida bir maxsus band mavjud. Unga binoan davlatlar Xitoydan olgan qarzlari evaziga o‘z mustaqilligining bir qismidan voz kechishlari lozim, shu jumladan Xitoy bilan xalqaro sudda tortishish huquqidan ham mahrum bo‘ladilar.

  Tojikiston va boshqa “uchinchi olam” davlatlari Xitoy yoki boshqa davlatlardan olgan qarzlarining hech bo‘lmaganda bir qismini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun sharoit yaratib beruvchi stanoksozlik, mashinasozlik kabi og‘ir sanoat tarmoqlarga sarflash haqida hatto o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Sanoat rivojlanishining garovi bo‘lgan og‘ir sanoat yo‘lga qo‘yilmas ekan, bizning yurtlarimizda hatto oddiy parlament binosini ham yoki erga asfalt yotqizishni ham o‘zimiz eplay olmaymiz! Chunki har bir ish uchun o‘ziga mos texnika va kerakli anjomlar lozim bo‘ladi. Bu anjomlarning deyarli hammasi og‘ir sanoatga aloqador korxonalarda ishlab chiqariladi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.