Qirg‘iziston yana bir bor Xitoydan qarz yukini engillatishni so‘radi

394
0

Qirg‘iziston yana bir bor Xitoydan qarz yukini engillatishni so‘radi

 Qirg‘iziston TIV rahbari Ruslan Kazakbaev xitoylik hamkasbidan Qirg‘iziston byudjetiga tashqi qarz yukini engillatish masalasida yordam berishni so‘radi, deb xabar bermoqda QR tashqi siyosiy mahkamasi matbuot-xizmati.

 Xabarga ko‘ra, 16 noyabr kuni Kazakbaev va Xitoy TIV rahbari, Davlat kengashi a’zosi Van I bilan telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Bu oktyabr voqealaridan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi birinchi oliy darajadagi muloqotdir.

 TIV rahbari Qirg‘iziston tomonining XXR bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda, shuningdek, xalqaro majburiyatlarda o‘z siyosatini izchil davom ettirajagini tasdiqlagan.

 “Koronavirus infektsiyasining makroiqtisodiy vaziyatga salbiy ta’sirini hisobga olgan holda, Qirg‘iziston TIV rahbari davlat byudjetiga tashqi qarzdorlik yukini engillatishda yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratdi”, – deyiladi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

 Kazakbaev, hukumat mamlakatda faoliyat yuritayotgan xitoy kompaniyalari, korxonalari va fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ta’minlaydi, deya alohida ta’kidlagan. Ushbu maqsadlarda TIVda yaqin istiqbolda Qirg‘izistondagi etakchi xitoy kompaniyalari va korxonalari vakillari bilan doira suhbatini tashkil qilib, ushbu masalalarni batafsil muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

 Van I Xitoy tomoni xalqaro kun tartibi bo‘yicha ham Qirg‘iziston bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.

 Qirg‘iziston va XXR o‘rtasida yuk tashish hajmini ko‘paytirish maqsadida vazirlar qirg‘iz-xitoy davlat chegarasidagi “Torugart” va “Irkishtom” nazorat-o‘tkazish punktlari to‘liq hajmda faoliyat yuritishi masalalarini muhokama qilganlar.

 Izoh: Oxirgi 12 yilda Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 200 barobar o‘sdi va 1 milliard 775 million 130 ming dollarga etdi. Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yillar mobaynida faqat olingan qarzlarning foizini to‘lab keldi. Yangi, 2021-yildan boshlab qo‘shimcha foiz bilan birga olingan qarzlarning tanini qaytarishni ham boshlashi zarur. Ammo bu qirg‘iz davlat byudjeti uchun ortiqcha yuk bo‘lib, shundoq ham har yili kamomad bilan berkitilayotgan byudjet uchun ado qilib bo‘lmaydigan darajaga etdi. Rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, 30-oktyabr holatiga ko‘ra, davlat byudjetidagi kamomad 35,6 milliard somni tashkil etgan. Shu sababli ham rasmiy hukumat Xitoy va haqdor davlatlar bilan qarz muddatini uzaytirish va engillik berish o‘tinchi bilan muzokaralar olib bormoqda.

 Tabiiyki, bu haqdor davlatlar qarz muddatini uzaytirish evaziga Qirg‘izistonga ma’lum shartlarni qo‘yishadi. Masalan, Xitoy hukumati qarz muddatini uzaytirish evaziga Qirg‘izistondagi kompaniyalari xavfsizligini ta’minlash va Moliya vaziriligi davlat qarzlari boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Tatikov oshkor qilmagan, biroq, keyinchalik prezident vazifasini bajaruvchi Japarov tomonidan aniqlik kiritilgan Norin viloyatidagi Jetim-Too temir konini berish talab qilgan. Ushbu temir konida esa tahminan 50 milliard dollarlik xom-ashyo mavjud. Katta ehtimol bilan qirg‘iz rasmiylari Xitoyning ushbu gartlariga rozi bo‘ladi va Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasi hamda harbiy ishtiroki kirib kelishiga zamin hozirlab beradi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.