O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSh formatidagi muloqot kuchaytiriladi

312
0

O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSh formatidagi muloqot kuchaytiriladi

 O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot-xizmati.

 Uchrashuvda tomonlar Bolerning 29-iyun, 1-iyul kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qilganlar.

 Shuningdek, uchrashuvda sanoat, xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb qilishda ikki tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olingan.

 O‘zbekiston tomoni DFC ishtirokida O‘zbekistonda neft-gaz, energetika, kimyo, transport, qurilish, bank, farmatsevtika va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini qayd etgan. Shu nuqtayi nazardan, Amerika korporatsiyasi rahbari yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga yo‘naltiriladigan Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga qiziqishini tasdiqlagan.

 Afg‘oniston infratuzilmasini yaxshilash va mamalakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash O‘zbekiston bilan DFC o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar joriy yilning may oyida boshlangan “O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSh” uch tomonlama hamkorlik shakli doirasida muloqotni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

 Izoh: O‘zbekistonning Afg‘oniston infrastrukturasiga qo‘shgan hissasi boshqa qo‘shni davlatlarga nisbatan salmoqliroqdir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha respublikalar bilan umumiy chegaraga ega yagona davlat. Bu ham AQShning Markaziy Osiyoni Rossiya ta’siri ostidan uzoqlashtirishda, Afg‘oniston orqali jahon bozoriga olib chiqish orqali mintaqani Rossiyaga muqobil bo‘lgan tranzit yo‘l bilan ta’minlashda muhum o‘rin egallaydi. Shu maqsadda “Termiz-Hayraton-Mozori Sharif” temir yo‘li qurildi. Tabiiyki, AQSh bu maqsadiga erishishi uchun Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi zarur. Shu sababli ham Amerika “Tolibon” bilan tinchlik muzokaralariga kirishdi va O‘zbekistonni vositachi o‘laroq tanladi. Shu sababli ham afg‘on rasmiylari va AQSh vakillari O‘zbekistonga serqatnov bo‘lib qolishdi yoki turli darajadagi uchrashuvlar orqali O‘zbekistonni bu jarayonda faol ishtirok etishda undab kelishmoqda.

 Masalan, 2019 yilning 9 dekabr kuni “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” forumining sakkizinchi vazirlar konferentsiyasi doirasida O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston delegatsiyalari rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 Shu yilning mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dohada “Tolibon” harakati delegatsiyasi rahbari Barodar Oxund bilan uchrashdi va u bilan Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni, shuningdek, Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qildi.

 2020-yil 30-iyunda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Pokiston, Qatar va O‘zbekistonga tashrif buyurib, Afg‘onistondagi “tinchlik jarayoni”ni muhokama qildi.

 2020 yilning 28-29 avgust kunlari Afg‘oniston respublikasi tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi…

 Ma’lumki, O‘zbekiston strategik jihatdan muhim nuqtada joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyoning asosiy strategik yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsata oladigan va tabiiy resurslarga boy davlatdir. AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasida borayotgan xalqaro siyosatdagi geosiyosiy kurash Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston ustida tobora kuchayib borishmoqda.

Abdurahmon Odilov 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.