TAKLIF ShARTLARI

461
0

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

TAKLIF ShARTLARI

(Saytning maqola bo‘limidagi bundan avvalgi “Taklif hitobi”maqolasiga murojaat qilishingiz mumkin)

Bandalarga taklif qilingan (zimmalariga yuklagan) hukmlarning ba’zilarida Islom shart qilingan, ya’ni ba’zi hukmlar faqat Islomni qabul qilganlardan-musulmonlardan talab qilinadi.

Taklifning musulmonlarga xos ekanligi ikki jihatdan bo‘ladi: Birinchisi, nususlarda ochiq bo‘ladi, masalan: “Oli Imron” surasining 102 – Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar- oyatidagi “Allohdan qo‘rqish” va “Tahrim” surasining 9 – kofirlarga  qarshi kurashing – oyatidagi “kofirlarga qarshi jang qilish”, hamda “Niso” surasining 141- Alloh hargiz kofirlar uchun mo‘minlar ustiga yo‘l bermagay – oyatidagi “kofirlarni mo‘minlar ustidan hukumron qilib qo‘yadigan bitimlarni tuzish musulmonlarga haromligi” ochiq kelgani kabi.

Ikkinchi, nususlarning ma’no-mazmunida dalolatan bo‘ladi, masalan: Rosululloh (s.a.v) va xulafoi roshidinlar namozni faqat musulmonlardan talab qilishgani kabi. Kofirlardan namoz kabi ahkomlar talab qilinmaydi, demak bundan bu kabi hukmlar musulmonlarga xosligiga dalolat qilayotgani ayon bo‘ladi.

Lekin “Islom” taklif shartlaridan biri ekanini ochiq yoki dalolatan ifodalangan bu kabi musulmonlarga xos ekanligiga nass kelmagan far’iy ahkomlarni taklif qilishda “Islom” shart emas. Bu kabi hukmlar musulmondan ham, kofirdan ham birdek talab qilinadi. Ya’ni taklifning umumiy shartlari bor bo‘lib, ularda musulmon bilan kofir orasida farq yo‘q. Banda (musulmon yoki kofir bo‘lsin, uning) zimmasiga taklif yuklatilayotganda ushbu shartlar birdek e’tiborga olinadi. Bu shartlar – bolig‘lik, oqillik va qodirlikdir.  Demak, mukallafni shartilari: bolig‘, oqil va taklif qilingan narsani bajarishga qodir bo‘lishdir. Ali (r.a) dan rivoyat qilinadi,  Rosululloh (s.a.v)  dedi:

رُفِع القَلمُ عن ثلاثةٍ: عن النَّائمِ حتَّى يستيقظَ، وعن الصَّبي حتَّى يحتلِمَ، وعن المجنونِ حتَّى يَعقِلَ

 “Uch kishidan qalam ko‘tarilgan: uxlovchidan to uyg‘onguncha, yosh boladan to balog‘atga etguncha, majnundan to aqlini topguncha”.  Imomi Zayd musnadi.  Alloh Taolo dedi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا

Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. [2:286]

Yuqorida keltirilgan hadisdagi “qalam ko‘tarildi” deganining ma’nosi – taklif ko‘tarildi – deganidir. Demak, u mukallaf emas, ahkomlar bilan xitob qilinmagan. Keyingi oyatdagi لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ (Alloh … taklif qilmaydi)ning ma’nosi, garchi nafiy (inkor) ma’nosida bo‘lsada, lekin nahiy (qaytiruv) ma’nosini ifodalaydi. Buni  Nabiy (s.a.v)ning ushbu so‘zi quvvatlaydi:

اإذا أمرتكم بشيء فأتوا منه ما استطعتم

“Agar sizlarga biror ishni buyursam, toqatingiz etgancha uni bajaring”. Muslim va Buxoriy rivoyatlari. 

Shu o‘rinda: – “Alloh yosh bolaga va majnunga (boyligi bo‘lsa) zakot, (zimmasidagi) nafaqalar va kafolatlarni vojib qilgan. Demak, ular mukallafdir, chunki ularga ba’zi hukmlar taklif qilingan”- deb aytilmaydi. Chunki bu vojibotlar yosh bola va majnunning fe’liga ta’alluqli emas. Balki, ularning moli va zimmasiga  ta’alluqlidir. Uning moli va zimmasi esa, taklif o‘rnidir, ya’ni aynan o‘sha o‘rinlarning o‘zlari haqida shar’iy talablar bor.  Biroq, qalamni ko‘tarilishi(ning nihoyasi) ochiq g‘oya bilan: “to balog‘atga etguncha”,  “to aqlini topguncha” deb belgilangan. Bu illatlashni ifodalaydi. Illat esa, yoshlik va aqlni yo‘qligidir. Buni molga va zimmaga dahli yo‘q.

Yana “taklif qilish”da: – “Alloh mahol narsani taklif qilgan. Chunki bajarishga qudrati yo‘q bo‘lgan kishiga taklif qilgan. Masalan: Abu Lahabni, Rosul (s.a.v) olib kelgan narsaga iymon keltirishga buyurgan va uni iymon keltirmasligi haqida xabar bergan. Bu bir-biriga zid bo‘lgan ikki  narsani jamlashdir. Demak Alloh mahol narsaga taklif qilgan. Ya’ni kishiga qudrati etmagan narsani taklif qilgan”- deb aytilmaydi.  Chunki Alloh nozil qilgan narsagi iymon keltirishni talab qilgan vahiy, Abu lahab iymon keltirmaganidan keyin nozil bo‘lmagan, balki ushbu nozil qilingan narsaga iymon keltirishga uni avval taklif qilgan. Shundan keyin, ya’ni taklifni tushunib turib qabul qilmagandan keyin Alloh uni iymon keltirmasligi haqida xabar berdi. Uni iymon keltirmasligi haqida xabar berishi, iymon keltirishga taklif qilish bilan birga bo‘lmagan. Chunki (Abu Lahabning iymon keltirmasligi to‘g‘risidagi) xabar,  iymonni vojibligiga dalolat qiluvchi dalildan keyin kelgan.

  Bu gaplar hukmlarni dastavval taklif qilish shartlari jihitidandir. Ammo taklifdan keyin ahkomlarni mukallafdan ko‘tarilishi esa, taklif shartlaridan emas. Balki, majburlangan, xato qiluvchi va unutuvchi kabilar,  taklif qilingan hukmni tark etishni ruxsat qiluvchi uzrlardir. Bunday kishilar avvaldan mukallaf bo‘lmaganliklarini emas, balki ularga avvaldan taklif qilingan narsani bajarmasliklarida haraj (bezovtalanish) ko‘tarilishini ifodalaydi. Demak, ular taklif shartlaridan emas. Rosululloh (s.a.v) dedi:

إن الله تجاوز عن أمتي الخطأ والنسيان وما استكرهوا عليه

 “Alloh, ummatimdan xatoni, unutishni va majbur qilingan narsani olib tashladi” Ibn Mojjah rivoyati.

Shu o‘rinda e’tiborli narsa shuki, “qalam ko‘tarildi” degan bilan “Ummatimdan olib tashladi” degan so‘zlar orasida farq bor. “Qalam ko‘tarildi” degani – taklif ko‘tarildi, mukallaf emas – deganidir. “Ummatimdan olib tashladi” degani esa – ummatimdan azob bilan ushlashni olib tashladi – degani bo‘lib, bu esa, taklifni ko‘tarilishini (taklif qilinmaganligini) lozim qilib qo‘ymaydi.

Hadisda kelgan majburlik – ya’ni shar’an e’tiborli bo‘lgan majburlik – tark etishga imkoni yo‘q darajadagi ishga bog‘lab qo‘yuvchi majburlikdir. Agar bunday bo‘lmasa, e’tiborli emas. Agar majburlik shunday darajaga etsa, unga zarari yo‘q. Agar bunday darajaga etmasa, u ixtiyorli bo‘lib, tark etganiga ko‘ra javobgar bo‘ladi.

G‘arib Muslim

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.