Ilmoniylik mohiyati va Islomning u haqdagi hukmi

645
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Ilmoniylik mohiyati va Islomning u haqdagi hukmi

Ibrohim Usmon Abu Xalil

Hizb ut-Tahrirning Sudandagi rasmiy notig‘i

Ba’zilar – ilmoniylik insonlarga bir xil nazarda qaraydi, uning boshqaruvi ostida hamma baxtli-saodatli yashaydi, deya uni bezab ko‘rsatishga urinishadi hamda ilmoniylik dinga zid kelmaydi, degan gapda qattiq turib olishadi. Shu bois, bunday kimsalardan biri «men ilmoniy musulmonman», deb chiqdi!

Xo‘sh, ilmoniylik nima o‘zi, uning mohiyati va Islomdagi hukmi qanday?!

Har qanday istilohni bilish uchun albatta unga tarif bergan ahliga murojaat qilmoq lozim. Toki, biror kimsa unga o‘zining nafs-havosidan kelib chiqib ta’rif bermasin. Shuning uchun ilmoniylik istilohining o‘z ahli qomuslariga to‘xtalamiz. Chunki uni boshqalarga nisbatan o‘shalar yaxshi bilishadi, uni o‘shalar tarif berib, terminga aylantirganlar.

Masalan, «Britaniya entsiklopediyasi» kitobida ilmoniylikni «Odamlarni chalg‘itishga va ularni oxirat tashvishidan bu dunyo tashvishi tomon yo‘naltirishga qaratilgan ijtimoiy harakat», deyilgan.

«Oksford lug‘ati» kitobida ilmoniylikka «Dunyoviylik va moddiylikdir, diniylik ham, ruhiylik ham emas. U nodiniy-ateistik tarbiya yoki ateistik musiqa, ateistik hokimiyat va cherkovga qarshi bo‘lgan hukumat kabidir», deya izoh berilgan.

«Ingliz tilining uchinchi yangi xalqaro qomusi» kitobida ilmoniylik haqida bunday deyilgan: «Ilmoniylik din yoki diniy qarashlar hukumatga aralashmasligi kerak degan printsipga, yoki shu fikrni qasddan chiqarib tashlanmasligi kerak, degan tamoyilga asoslangan hayotdagi yo‘nalishdir yoki o‘ziga xos narsadir, masalan, hukumatdagi sof ateistik siyosat kabi».

Britaniyalik sharqshunos Jon Artur o‘zining «Yaqin Sharqdagi din» kitobida bunday deydi: «Moddiy materializm, insonparvarlik, tabiiy va sun’iy ta’limot, bularning barchasi ateizm ko‘rinishlaridir. Ateizm Evropa va Amerikaga xos alohida sifat bo‘lsa-da, ammo uning ko‘rinishlari Yaqin Sharqda ham mavjud va u erda hech qanday falsafiy yoki adabiy xarakterga ega emas. Uning asosiy modeli Turkiya respublikasida dinni davlatdan ajratishdir».

Musulmon farzandlarning zamonaviy yozuvlarida ilmoniylikka «dinni davlatdan ajratish», deb ta’rif berilgan. Ammo bu ta’rifdan ilmoniylikning to‘g‘ri va to‘liq ma’nosi chiqmaydi. Chunki uning ma’nosi davlatnigina emas, shaxslar va ularning turmush tarzini ham ifodalab, bu turmush tarzi ba’zan davlatga bevosita aloqasi bo‘lmasligi ham mumkin. Shuning uchun ilmoniylikni dinni hayotdan ajratish, desak, shu to‘g‘ri ma’no bo‘ladi. Ya’ni, bu xoh davlat, xoh jamiyat bo‘lsin, hayotni dindan boshqa narsa ustiga qurishni anglatgan bo‘ladi. Ilmoniylik mohiyati mana shu. Xo‘sh, uning Islomdagi hukmi qanday?

Shubhasiz, ilmoniylik Alloh nozil qilgan ahkomlardan boshqa ahkomlar bilan hukm yuritishdir. Hayotni dindan boshqa narsa ustiga qurish ma’nosi ham mana shu. Qolaversa, bu johiliyat-dinsizlik tuzumi bo‘lib, unga e’tiqod qilgan kimsaga Islom doirasida o‘rin yo‘q. Johiliyat muayyan zamondagi ummat emas. Balki Alloh Taologa itoat qilishdan, uning mustahkam shariati va sirotul mustaqimida yurishdan og‘ib, rahbarlarga va nafs shariatiga itoat qilgan har bir avlodga tegishlidir.

Tobaroniy «Mo‘’jamul Kabir»da Ibn Abbos dan rivoyat qiladiki, Rosululloh ﷺ bunday marhamat qildilar:

«أَبْغَضُ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ مُبْتَغٍ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةَ الْجَاهِلِيَّةِ»

«Allohga eng yoqmagan kimsa, Islomdan johiliyat qonunini qidirgan kimsadir». Rosululloh ﷺ bu bilan johiliyatning Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritmagan har bir kimsaga tegishli sifat ekanini, uning Islomdan oldingi zamonga xos emasligini bayon qilyaptilar. Chunki musulmon Alloh Subhanahu bilan Rosuli ﷺga hayotning hamma ishlarida to‘liq itoat qilishga buyurilgan. Mana, imom mufassir Ibn Kasir  Alloh Taoloning

فَلاَ وَرَبِّكَ لاَ يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ

«Yo‘q, Robbingizga qasamki, to ular o‘z o‘rtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha zinhor mo‘min bo‘la olmaydilar» [Niso 65]

degan kalomini bunday tafsir qiladi: «Alloh Taolo biror kishining to hamma ishlarida Rosulullohni hokim qilmagunicha mo‘min bo‘lolmasligini, chunki ul zot hukm qilgan narsaga zohirda ham, botinda ham bo‘ysunmoq lozim bo‘lgan haq ekanini O‘zining muqaddas ulug‘ nomiga qasam ichib aytmoqda. Shuning uchun keyin

ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجاً مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيماً

«… Keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, to‘la taslim bo‘lmagunlaricha-bo‘ysunmagunlaricha zinhor mo‘min bo‘la olmaydilar» [Niso 65]

dedi. Ya’ni, qachon ular sizni botiniy ishlarida hakam qilsalar, siz chiqargan hukmda hech qanday tanglik ko‘rmaydilar va unga zohirda ham, botinda ham bo‘ysunib, bosh tortmasdan, tortishuvsiz to‘liq taslim bo‘ladilar, demakdir».

Ba’zilar ilmoniylik Islomga zid emas, degan o‘yda shubha uyg‘otmoqda. Bunga nisbatan aytar so‘zimiz: ilmoniylik kufr va johiliyat tuzumi ekan, mana shuning o‘zi demokratik ilmoniylik Allohning borligini inkor etmaydi va ibodat marosimlari ado etilishini taqiqlamaydi, degan dastakni botilga chiqaradi. Ba’zilar bunday deyishadi: «Ayrim ilmoniylar ikki shahodatni aytadilar, namoz o‘qib, ro‘za tutib, haj qiladilar, qanday qilib ularni dinsizga chiqarish mumkin?!». Gap shundaki, bu gapni aytayotganlarning o‘zi – agar ular haqida to‘g‘ri gumonda bo‘lsak – Islom aqidasi mohiyatini ham, la ilaha illalloh Muhammadur Rosulullohning mohiyatini ham, ilmoniylik tarixini ham tushunishmaydi. Islom da’vati tarixi va undagi botilga qarshi kurash, ayni shubhani tarqatib yurganlarga keskin javobdir. Shu o‘rinda biz ushbu savollarni o‘rtaga tashlaymiz: Ilmoniylik tarafdorlari biz ibodatlarga ruxsat berib qo‘yganmiz, deya Allohga minnat qilishayotgan ekan, u holda, Rosululloh ﷺ va sahobai kiromlar – johiliyatdagilarning faqat tilda la ilaha illalloh, deb, ibodat qilib qo‘yishlari uchungina yigirma uch yil tinimsiz mashaqqatlar, urushlar, jihodlarni boshdan kechiribdilar-da, faqat shuning uchun Qur’oni Karimda shuncha yil ularni ma’rufga buyurib, munkardan qaytaruvchi oyatlar nozil bo‘libdi-da?! Qurayshning – ey Muhammad, sen bizning ilohimizga bir yil ibodat qil, biz sening ilohinga bir yil ibodat qilaylik, degan gapi bilan ilmoniylarning biz masjidda Allohga ibodat qilamiz, hokimiyatda va parlamentda esa, Allohdan boshqasiga itoat qilamiz, degan gaplari o‘rtasida farq bormi?! Bu gap, johiliyatdagi Qurayshning bo‘linishi zamon bilan bog‘liq edi, hozirgi ilmoniylar bo‘linishi makoniy va obьektivdir, degan gapning aynan o‘zi emasmi?!

Alloh Taolo bunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً

«Ey mo‘minlar, to‘la holdagi Islomga kiringiz! Va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir»           [Baqara 208]

Ushbu oyatdagi في السلم Islomga deyishdan murod Islomning hamma tuzum va ahkomlaridir. So‘zimiz nihoyasida shuni xolis aytmoqchimizki, ilmoniylik xuddi demokratiya kabi kufrdir, uni tatbiq qilish yoki unga da’vat qilish ham kufrdir.

Roya gazetasining 2020 yil 1 yanvar chorshanba kungi 267-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.