“Xavfsiz shahar”ning xavfi

603
0

“Xavfsiz shahar”ning xavfi

 Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan “Xavfsiz shahar” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender bo‘lib o‘tdi. Tenderda xitoylik kompaniya g‘olib bo‘lgani ma’lum qilindi. Ma’lumki, O‘rta Osiyoda Rossiya, AQSh, Xitoy kabi mustamlakachi kuchlar o‘zaro nufuz talashib kelishmoqda. Bu kurash doirasida ular “axborot urushi”ga ham kirishishgan. Mazkur tenderda Xitoy kompaniyasini g‘olib bo‘lishi bu – axborot kurashida Xitoy Qirg‘izistonga “yorib” kirganini anglatadi. Gapni boshidan boshlasak.

So‘nggi asrlarda ilmiy kashfiyotlar va sanoat ixtirolari natijasida axborot olish, to‘plash, qayta ishlash va tarqatish vositalari ham o‘ta rivojlanib ketdi. Shu sababli “dunyo bir qishloqqa aylandi” degan ibora paydo bo‘ldi. Masalan, bugungi kunda ma’lumotlar qog‘ozda saqlashga nisbatan elektron shaklda saqlash turi ortib bormoqda. Shuningdek, ularni turli vasitalar yordamida almashishning rivojlangan avlodi paydo bo‘ldi. Bu ko‘rinish olamiy megatrendlardan biriga aylandi. Bundan esa “dunyo bir qishloqdan bir shaharga aylandi” degan ibora kelib chiqdi.

 Endi axborot sohasining hozirgi olamiy va xalqaro siyosatdagi o‘rniga to‘xtalamiz.

 Olamiy siyosat jihatidan olganda, hozirgi kunda olamda demokratiya niqobiga o‘rangan kapitalistik tuzum hukmronlik qilmoqda. Kapitalistlar mustamlakachilik orqali dunyoga hukmronlik qilishni boshlagandan buyon ilmiy kashfiyot va sanoat ixtirolari ham eng birinchi navbatda kapitalistik tuzumni saqlab qolish va uni yanada rivojlantirishga xizmat qildira boshladi. 19-asrda yashab o‘tgan yahudiy bankir-kaptalist Natan Rotshilьdning “kim axborotga egalik qilsa u dunyoga hukmronlik qiladi” degan so‘zi mustamlakachilarning axborot sohasidagi shioriga aylandi. Bu mustamlakachilar olamdagi barcha axborotlarga egalik qilib, dunyo bo‘ylab qat’iy nazorat o‘rnatishga jiddiy harakat qilib kelishadi. 

 Xalqaro siyosatdan olib qaraganda, mustamlakachi davlatlar biri boshqasining koloniyasini tortib olish va nufuz talashishda axborot urushiga kirishadi, ya’ni, o‘z targ‘ibotlarin olib borishadi, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun ma’lumot o‘g‘irlashadi, sotib olishadi hamda “axborot xavfsizligi” choralarini ko‘rishadi. Hozirgi rivojlangan axborot texnologiyalari ham ayni axborot urushi doirasida, ushbu mustamlakachi davlatlarning mudofaa vazirliklariga qarashli ilmiy tadqiqot institutlarida ishlab chiqarilgan. Ular dastlab bundan o‘z davlat boshqaruv tizimlarida foydalanib, keyin boshqa tarmoqlarga yoyishdi. So‘ng yangi avloddagi texnologiyalar ham ishlab chiqishdi, eski avloddagi texnologiyalar bilan boshqa davlatlardan axborot olishni yo‘lga qo‘yishdi. Shundan keyingina uni boshqa davlatlarga tarqatishdi. Chunki, shu orqali boshqa davlatlar axborotlarini olishadi, biroq, shu bilan bir vaqtda bu eski avloddagi texnologiyalar ularning o‘z xavfsizliklariga tahdid tug‘dirmaydi, sababi, bu vaqtda o‘zlari yangi avlod texnologiyalardan foydalanishayotgan bo‘ladi.

 2-Jahon urushidan buyon mustamlakachilar kapitalistik tuzumni olamga BMT orqali tatbiq qilib kelmoqda. Shu sababli BMT olamiy axborot sohasini yangi texnologiyalar bilan boshqarish, shuningdek, davlatlar va odamlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish maqsadida chora-tadbirlar olib bormoqda. Shuni qayd etish lozimki, mustamlakachilar dunyoni 3-ming yillikda ham BMT orqali boshqarish maqsadida 2000-yili “BMTning ming yillik deklaratsiyasi”ni qabul qilishdi. Bu deklaratsiya doirasida “Rivojlantirishning 8 maqsadi” qabul qilingan. Undagi 8-maqsadning 6-bandida dunyoda yangi axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kiritilgan. Shundan kelib chiqib, BMT 2003-yili Jenevada sammit o‘tkazdi. Sammit deklaratsiyasiga muvofiq, 2015-yilga qadar er aholisining 50% internetdan foydalanadigan bo‘ldi. 2011-yili BMT har bir odamning internetga ulanishi uning ajralmas huquqlaridan deb tan oldi. Shunday qilib, biror davlat global internetdan uzilsa inson huquqlarini buzishda ayblanadigan bo‘lib qoldi. (Bular asos uchun misollar sifatidagina keltirildi. Yangi texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi nazorati ostida har xil tashkilotlar orqali turli dasturlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan, kengroq ma’lumotga ega bo‘lishni istaganlar bularning har biri bilan tanishib chiqishi mumkin).

 Endi bu olamiy tendentsiyani Qirg‘izistonda amalga oshirilishiga kelsak, hozircha buni to‘rt nuqtada ko‘rish mumkin;

1. Raqamlashtirish (tsifrovizatsiya)

2. Biometrika

3. “Tunduk” loyihasi (hukumat ishlarini avtomatlashtirish)

4. “Xavfsiz shahar”.

 Bularning har biri haqida uzoq gapirish mumkin, biroq, bugungi mavzu “Xavfsiz shahar” bo‘lganligi sababli so‘zimizni shu haqda davom ettiramiz.

 Dunyo bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Aqlli shahar”, “Intellektual shahar”, “Xavfsiz shahar” va boshqa shu kabi loyihalar BMTning “Aholi punktlari bo‘yicha BMT Dasturi” (BMT-Xabitat) ish-choralaridan bo‘lib hisoblanadi.

 Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasi 2010-yili ichki ishlar organlarining reforma qilish bahonasi bilan boshlangan. Qirg‘iziston militsiyasini reformalash kontseptsiyasini ishlab chiqish uchun EXHT texnik qo‘llab-quvvatlash loyihasini moliyalashtirdi.

 2011-yil yanvar oyida Bishkekda Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan “Xavfsiz shahar” dasturi ishga tushirildi. Dastur doirasida ko‘chalarga video kameralar o‘rnatish ham bor edi.

 2012-yili Babanov bosh vazir, Risaliev ichki ishlar vaziri bo‘lib turgan vaqtda “Xavfsiz shahar” bo‘yicha tender e’lon qilindi. Tender yakunida hatto tenderda ishtirok etmagan Xitoyning Beijing Construction Engineering Group International kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kompaniya Bishkek, O‘sh shaharlari va Bishkek-Qorako‘l yo‘lida video va foto uskunalar o‘rnatib, qonun buzilishlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha yagona elektron markaz tashkil etadigan bo‘ldi. Bu Xitoyning Qirg‘izistonga shu soha bo‘yicha kirib kelishidagi dastlabki qadami bo‘ldi. 

 Biroq, 2013-yili “Ata-Meken” fraktsiyasi bu masalani ko‘tarib chiqdi va natijada bitim bekor qilindi. Bunda davlat ichidagi ishlar bahona qilib ko‘rsatilsada, aslida bu Amerikaning Xitoyga qarshi axborot urushi doirasida bo‘ldi. (“Ata-Meken” amerikaparastligi bilan tanilgan partiya). Shuningdek, Xitoy kompaniyasi bilan bitimni bekor qilish Rossiya manfaatlariga ham mos kelar edi.

 “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tender 2014-yil avgust oyida e’lon qilindi.

 2015-yil yanvarida tender bo‘yicha komissiya rossiyalik “Stilfost-Bishkek”ni tanladi. Biroq, 2016-yili o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Turganbaev bu kompaniya bilan shartnomani imzolamadi. U “Xavfsiz shahar” loyihasi bo‘yicha dunyoda Xitoy va Janubiy Koreya peshqadamligini ma’lum qildi. Shu orqali bu sohada Rossiyaning kirib kelishi bekor bo‘ldi. O‘sha vaqtda buni rossiyaparast siyosatchi Irina Karamushkina ayblab chiqib, loyihani IIVdan olib qo‘yishni taklif qildi. Natijada Turganbaev ishdan olindi va loyihani amalga oshirish ichki ishlar vazirligidan hukumatga o‘tib ketdi.

 O‘z vaqtida Melis Turganbaev yo‘l harakati qoidalari buzilishini ro‘yxatga olishda video kuzatgichlarni o‘rnatish eksprementi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini aytib, mamlakat o‘zi loyihani amalga oshirish imkoniga ega ekanligini ma’lum qilgan edi.

 2017-yil aprelida prezident ma’muriyatining o‘sha vaqtdagi rahbari Sapar Isakov davlatni yuqori texnologiya orqali rivojlantirishga mo‘ljallangan “Toza jamiyat” milliy loyihasini e’lon qildi. 2018-yilning yanvarida “Xavfsiz shahar” o‘rniga uning kengaytirilgan shaklidagi “Aqlli shahar” loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu vaqtda Sapar Isakov bosh vazirlikka tayinlangan edi.

 11-yanvarda Qirg‘iz hukumati “Aqlli shahar” loyihasining amalga oshirish bo‘yicha Xitoyning “Huawei Technologies” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Biroq, mart oyi boshida qirg‘iz hukumati xitoylik kompaniya bilan shartnomani bir tomonlama to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shu bilan Xitoyning bu sohada kirib kelishga bo‘lgan ikkinchi urinishi bekor bo‘ldi. (Eslatib o‘tamiz, AQSh Huawei ning o‘z xavfsizlik tizimini buzib kirishdan xavfsirab hozir mazkur kompaniyaga sanktsiyalar joriy etgan).

 Shundan so‘ng, Qirg‘iz hukumati qaytadan “Aqlli shahar” loyihasini o‘z kuchi bilan amalga oshirishini ma’lum qildi. Biroq, bu ham avvalgilari kabi quruq so‘z bo‘yicha qoldi.

 Sapar Isakov bosh vazirlikdan ketganidan so‘ng yana qayta “Xavfsiz shahar” deb nomlangan loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha tender o‘tkazilib, 4-sentyabrda Rossiyaning “Vega” kontserni yutib oldi. Tanlovda undan boshqa yana ikki kompaniya: Qirg‘izistonning “Alьfa-Telekom” va Rossiyaning “Axborot tizimi xavfsizligi” kompaniyasi nomigagina tanlovda qatnashib qo‘ydi. Sababi, qonun bo‘yicha tenderda uchtadan kam bo‘lmagan ishtirokchilar ariza berishi kerak edi. Shuningdek, rossiyalik ikki kompaniya g‘uyo sudlashgan ham bo‘ldi.

 G‘olib bo‘lgan “Vega” kompaniyasi – axborot urushi doirasida – AQSh sanktsiyalariga duchor bo‘lgan korporatsiya tarkibiga kiradi. U SSSR davrida harbiy tadqiqotlar instituti bo‘lgan va 2004-yilda qayta tashkil etilgan. So‘nggi yillari “Vega” radioquruv kontserni asosan Rossiyaning Mudofaa vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan ko‘proq hamkorlik qilgan.

 Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasining birinchi bosqichi doirasida umumiy hisobda 800dan ziyod yuzni o‘quvchi nazorat videokameralari o‘rnatildi.

 Endilikda, 2019-yilgi “Xavfsiz shahar” loyihasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha tenderda Xitoyning “Shenzhen Sunwin” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. U o‘zi bilan raqobat qilgan rus kompaniyalariga nisbatan deyarli ikki barobar kam mablag‘ taklif qildi. (Eslatib o‘tamiz, bundan tashqari Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziriligi va Xitoyning CEIEC davlat kompaniyasi erishgan loyiha to‘g‘risidagi buyruqqa bosh vazir Muhammedkaliy Abilgaziev 2019-yilning 4-martida imzo chekkani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi odamlarni yuzidan taniy oladigan tizimni joriy etadigan bo‘lgan. Loyiha bir necha bosqichda amalga oshirilib 2018-2022-yillarni o‘z ichiga oladi).

 Agar tenderda g‘olib bo‘lgan xitoylik kompaniya o‘z ishini boshlaydigan bo‘lsa, bu Xitoyning AQSh va Rossiya to‘siqlarini yorib o‘tib, bu sohada Qirg‘izistonga kirib kelganligini anglatadi.

 Shunday qilib, “Xavfsiz shahar” bahonasi bilan Qirg‘izistonda bir rus kompaniyasi ish olib borayotgan bo‘lsa, yana bir xitoylik kompaniya faoliyatini boshlash arafasida turipti. AQSh esa kanadalik, turkiyalik, amirliklardagi kompaniyalar orqali kirishga harakat qilmoqda, biroq, ular tenderlarda g‘oliblikkka erisha olmay kelishyapti, bundan tashqari, AQShning Jahon banki orqali tiqishtirayotgan “Digital CASA” loyihasi ham amalga oshmayapti.

 Shulardan ma’lum bo‘lganidek, Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasi hech qanday yo‘l xavfsizligi yoki fuqarolar xavfsizligi uchun qilinayotgan yo‘q. Agar chindan ham xavfsizligimizni ta’minlash maqsad qilingan bo‘lsa, buni davlatning o‘zi ham amalga oshirishi mumkin edi, buni amaldorlarning o‘zlari ham e’tirof etishgan. Bunga qadar bir nechta shaharlarda, hatto mikrorayonlarda shunday xavfsizlik loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Biroq, amaldorlarimiz arzimagan pulga aldanib tender e’lon qilish bilan davlatni yirik davlatlar uchun kurash maydoniga aylantirib berishmoqda.

 O‘lganning ustidan tepgandek, bu loyihalarda xitoylik kompaniyalar yutib chiqishi “Xavfsiz shahar” xavfini yanada oshiradi. Chunki, xitoyliklar olib chiqib ketgan ma’lumotlar Xitoyning bizni bosib olishiga xizmat qiladi (xukumatning “xavfsizlik himoyalangan” degan so‘zlarining hech qanday ahamiyati yo‘q, chunki bizning kadrlar xavfsizlikni ta’minlash buyoqda tursin, hatto loyihaning buzilib qolgan asboblarini ta’mirlay olishmaydi). Ertaga Xitoy bosib olgundek bo‘lsa, bu ma’lumotlar bizlarni “lagerlarga” xaydalishimiz uchun dalil vazifasini o‘taydi. “Videoda sen soqolli yurgan ekansan, “to‘planishib juma namoziga ketayotgan ekansizlar”, “sizlar dindan ta’lim olgan ekansizlar” deb, ekstremizm tamg‘asini yopishtirib, lagerlarga tashlash uchun bahona qilishadi. Qamoqqa tiqib olishgach xohlaganini qilishadi. Shunday qilib bizlardan qutulib erlarimizni bo‘shatishadi. Ularga xalq emas, er kerak. Hozir Sharqiy Turksitondagi musulmon birodarlarmiz boshiga tushayotgan zulmlar ko‘pchilik uchun ertakdek sezilmoqda. Shu sababli bunga e’tiborsiz qarashmoqda. Haqiqatda esa Xitoy bosqinchiligi bizga qarab jadal yurib kelmoqda. Mazkur “Xavfsiz shahar” loyihasida xitoylik kompaniyaning g‘olib bo‘lishi ham buning bir odimi bo‘lib hisoblanadi.

 Abdulhakiym Qoraxoniy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.