Jeenbekov mehnat muhojirlari uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi

448
0

Jeenbekov mehnat muhojirlari uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi

 2-avgustda Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida chet eldagi vatandoshlar bilan aloqalar boʻyicha kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Rossiya, Qozogʻiston, Qatar, Janubiy Koreya, AQSh, Ukraina va Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan qirgʻizistonliklar qatnashdi.

 Yigʻilishda ishtirok etgan prezident Sooronbay Jeenbekov oʻz soʻzida Rossiyadagi qirgʻiz mehnat muhojirlarining holatlari ancha yaxshilandi, deb hisoblashini aytdi. Shu munosabat bilan u Rossiya prezidentiga rahmat aytib, ikki mamlakat oʻrtasida ishonchli siyosiy muloqot mavjud ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

 “Vaqtdan foydalanib, Rossiyadagi vatandoshlarimizga koʻrsatgan shaxsiy qoʻllab-quvvatlashi uchun Vladimir Vladimirovichga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. Soʻngi yillarda Rossiya bilan hamkorligimizning barcha sohalarida faol dinamikasi kuzatilmoqda. Yaqin va ishonchli siyosiy muloqot shakllanib, yildan yilga mustahkamlanib bormoqda”, – dedi Jeenbekov.

 Prezident Jeenbekov Putinning shaxsiy qoʻllovi ostida Rossiyadagi qirgʻizistonliklarga migratsiya yengilligi va “qora roʻyxatdan” chiqish imkoniyati berilganini aytdi. Shuningdek Qirgʻizistonning xaydovchilik guvohnomasi bilan Rossiyada ishlash imkoniyati paydo boʻlganini qoʻshimcha qildi.

 Qirgʻizistoning RFdagi elchisi Alikbek Jekshenkulovning aytishicha, Rossiyada qirgʻizistonlik 1 million 200 ming mehnat muhojiri ishlamoqda, ulardan 500 minggi Rossiya fuqaroligini olgan.

 Izoh: Qirgʻiziston Milliy bankining xabariga koʻra, 2019 yilning dastlabki ikki oyida mehnat muhojirlari Qirgʻizistonga 344,6 million AQSh dollari yuborishgan. 2018 yilda xorijdagi qirgʻizistonliklar oʻz vatanlariga 2,7 milliard AQSh dollariga yaqin mablagʻ joʻnatganlar.

 Bu raqamlarning Qirgʻiziston iqtisodiyotidagi ulushi sezilarlidir. Markaziy Osiyodagi bu mamlakat aholisi 6,4 million kishini tashkil qiladi. 2018 yilda YaIM hajmi 8 milliard AQSh dollariga teng boʻlgan.

 Yuqoridagi elchining soʻzlaridan maʼlum boʻlganidek, mehnat muhojirlarining katta qismi Rossiyada ishlashmoqda. Oʻz navbatida Rossiya mehnat muhojirlari masalasini Qirgʻizistonga bosim oʻtkazish quroli qilib oldi. Agar qirgʻiz hukumati Rossiya talablarini bajarishni paysalga sola boshlasa mehnat muhojirlariga nisbatan bosim kuchayadi. Atambayev prezidentligi davrida Qambarota GESini qoʻrish boʻyicha Rossiya bilan erishilgan kelishuv bekor qilinishi ortidan Qirgʻiziston xaydovchilik guvohnomasi bilan Rossiyada taksichilik qilishni taqiqlash masalasi koʻtarilgan edi. Undan avval Qirgʻizistonni YeOIIga olib kirishda ham rus hukumati mehnat muhojirlari muammosidan foydalangandi.

 Qirgʻizistonning mehnat muhojirlari masalasida Rossiyaga bu qadar bogʻlanib qolishi jiddiy iqtisodiy inqiroz holatiga tushib qolishiga olib keladi. Chunki, gʻarb davlatlari sanktsiyalari sababli Rossiya iqtisodiy inqirozga duch kelmoqda. Rossiya qulasa Qirgʻiziston ham u bilan birga iqtisodiy boʻhronga uchrashi mumkin. Bundan tashqari, davlat rahbari Putinning gʻazabiga duch kelmaslik uchun doimo uning “soyasiga salom berib”, minnatdorchilik bildirib turishga majbur boʻladi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.