AQSh bojga tortiladigan Xitoy tovarlari roʻyxatini kengaytirdi

981
0

AQSh bojga tortiladigan Xitoy tovarlari roʻyxatini kengaytirdi

 AQSh Xitoydan import qilinadigan va 10% bojga tortiladigan 200 milliard dollar qiymatli tovarlarning qoʻshimcha roʻyxatini tayyorladi. Bu haqda savdo muzokaralarida ishtirok etayotgan AQSh vakili Robert Laytxayzer xabar bermoqda.

 Prezident Donalьd Tramp maʼmuriyati Xitoyning “adolatsiz savdo amaliyotini oʻzgartirtirishni” istamayotgani sababli shunday choralarni koʻrishga majbur.

 “Bu Xitoy savdo siyosatining AQShga yetkazayotgan zararini bartaraf etish uchun qilingan va qonunda koʻzda tutilgan munosib javobdir”, – dedi u.

Laytxayzerning soʻzlariga koʻra, oʻtgan jumadan boshlab, AQSh bojxona xizmati Xitoydan import qilinayotgan va umumiy qiymati 34 milliard dollar boʻlgan mahsulotlarga 25% boj sola boshlagan. Yana 284 nomdagi va umumiy qiymati 16 milliard dollar boʻlgan Xitoy mahsulotlariga xuddi shunday bojlarning joriy qilinishi Tramp maʼmuriyati tomonidan keyinroq eʼlon etiladi.

 “Bunga javoban Xitoy ham AQShdan import qilinayotgan, umumiy qiymati 34 milliard dollarga teng tovarlarga boj joriy qildi va bu roʻyxatni yana 16 milliard dollarlik mahsulotlar bilan toʻldirish bilan tahdid qildi”, – deb davom ettirdi savdo vakili.

 “Xitoyning bu harakatlari va savdo amaliyotini oʻzgartirmayotganiga javoban, prezident Tramp Xitoydan keltirilayotgan va qiymati 200 milliard dollar boʻlgan qoʻshimcha tovarlar guruhiga 10% boj joriy qilish topshirigʻini berdi”, – dedi Laytxayzer.

Uning aytishicha, 10% bojga tortiladigan tovarlar roʻyxati yaqin orada Federal Register axborotnomasida eʼlon qilinadi. Bu guruh tovarlariga boj taxminan 2 oydan soʻng joriy qilinadi.

Tramp Xitoy bilan savdolarda yuzaga kelayotgan va yiliga 500 milliard dollarga yetayotgan defitsit unga yoqmasligini koʻp marta takrorlab kelgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.